Onamni sog'indim
«Bir pasgina yonimda o‘tir,
Bir kungina yotib ket, qizim»
Atrofimda aylanib gir-gir,
Takrorlardi onam shul so‘zin.

-Bu gal, -derdim yuragim toshib,
-Endi kelsam qolaman, ena...
Shafqati yo‘q bu kunlar shoshib,
Meni olib ketardi yana.

Topganini tuguncha qilib,
Qo‘llarimga tutqazar edi.
Meni zo‘rg‘a bag‘ridan yulib,
Mashinaga o‘tqazar edi.

Bazmlarga topar edim vaqt,
She’r o‘qirdim yona va yona.
Davralarni bilar edim baxt,
Sizga vaqtim yo‘q edi, ena.

Siz tog‘imni cho‘ktirib qo‘yib,
Ketar edim toqqa, lolaga.
Sizga azob chektirib qo‘yib,
Yayrar edim yashil dalada.

Majnuntolday egdirib Sizni,
Ketar edim terak bo‘lay deb.
Sizdan ayab bir tunlik so‘zni,
She’r yozardim yurak bo‘lay deb.

Chaqqon edim, roziydi mendan,
Ham uy, ham ish, ham majlisxona.
Shunchalar band edim-ki, chindan,
Sizga vaqtim yo‘q edi ena.

Kechiksam, ish kechirmas edi,
Koyinardi kechiksam, uyim.
Davralarning chiqardi dudi,
Faqat enam kutar edi jim.

Sha’n davralar ketdilar tarqab,
Bayramlari mensiz ham obod.
Goh dardlarim yig‘ilar qop-qop,
Yolg‘izlikdan solgim kelar dod.

Shunday g‘amlar bo‘lar ekanki,
Tushunmas ekan onangdan boshqa.
Tinglamaydi seni birovlar,
Boshlaringni ursang ham toshga.

Qabringizga chopaman bot-bot,
So‘zlashay deb qona va qona.
So‘ramaysiz holimni xayhot,
Endi Sizda vaqt yo‘qdir, ena...
Категория: SMS Ota-Ona haqida sherlar | Добавил: MILLIONER (20.04.2017)
Просмотров: 2697 | Рейтинг: 1.0/12
Всего комментариев: 0