Uchrashuv...
Biz uchrashdik, yo‘q, bizlar emas,

Yolg‘on bilmas ko‘zlar uchrashdi.

Chaqmoq chaqib o‘tdi bir nafas,

Kul qoplagan hislar uchrashdi.



Ikkimiz ham tobora yolg‘iz

Odam to‘la bu tor bekatda.

Sen – beparvo, qaraysan tez-tez

Qo‘lingdagi pushti soatga.



Men o‘ylayman: yo‘qmi xotirot

Bu qizning tosh yuraklarida?!

Barin ko‘mib yuborgan nahot

Dorilfunun yo‘laklariga?!



Biroq men ham befarqman go‘yo,

Unutganday tutib o‘zimni,

Iztirobim sezmagin deya

Yashiraman sendan ko‘zimni.



So‘ng birinchi kelib to‘xtagan

Avtobusga chiqaman shoshib.

Ketay deyman ko‘ksimga tikan

Sanchayotgan hislardan qochib.



Bir o‘y qiynar: menga bir zamon

Baxtlar bergan bunday uchrashuv

Nahot endi yog‘dirar armon,

Nahot endi ulashar qayg‘u?!
Категория: SMS Ayriliq | Добавил: MILLIONER (23.03.2017)
Просмотров: 1713 | Рейтинг: 1.0/2
Всего комментариев: 0