Men qizg'onsam yomon bo'lib qizg'onaman
Me’yoridan o‘tsam tuting ma’nzur, jonim,
Man qizg‘onsam nodon bo‘lib qizg‘onaman.
Guldekkina ko‘nglingizdan uzr, jonim,
Man qizg‘onsam tikon bo‘lib qizg‘onaman.

Holim bordir siz o‘zgaga bir boqqulik,
Arazim-da dunyolarga o‘t yoqqulik.
Alamlarni tilga qamab, lab tishlasam –
Tishlarimning orasidan qon oqqulik,
Man qizg‘onsam yomon bo‘lib qizg‘onaman.

Oydin tushga do‘nganim bor uyqungizda,
Binafshalar terganim bor kulgungizda.
Dil darchasin sizga ochib qo‘ydim qanday,
Qanday paydo bo‘ldim yurak mulkingizda?
Man qizg‘onsam hayron bo‘lib qizg‘onaman.

Hijronlar-ey, jonim aro jon saqlaydi,
Yo‘limizni ikki yonga taroqlaydi.
Siz og‘rinmang, shu kuydirgi rashkimni ham
Bir kun kelib sog‘inchingiz so‘roqlaydi…
Man qizg‘onsam armon bo‘lib qizg‘onaman.

Guldekkina ko‘nglingizdan uzr, jonim,
Man qizg‘onsam tikon bo‘lib qizg‘onaman…
Категория: SMS Ayriliq | Добавил: MILLIONER (23.03.2017)
Просмотров: 1433 | Рейтинг: 5.0/1
Всего комментариев: 0