Dunyodan kechaman
Dunyodan kechganman – sen ham mendan kech,
Yuragim adog’in ko’zlama, jonim,
Quyoshim vasliga yetolmadim hech –
Qo’yib ber – yig’lasin bugun osmonim.

Men senda yorimni ko’rib adashdim,
Men senga jonimni qildim omonat.
Men senga borimni berib adashdim –
Qo’yib ber – kuylasin bugun nadomat.

Endi ayriliqdan tonganim bekor,
Alamli so’nggiga yetdi ertagim.
Seni deb bir umr yonganim bekor –
Qo’yib ber – muzlasin bugun yuragim.

Men ojiz – yuraging o’zgaga tortar,
Ichimda tosh bo’lib qotdi rashklarim.
Ertaga ko’zlarim o’zga yor artar –
Qo’yib ber – tinmasin bugun ashklarim.

Diydorning kasriga g’urur qoldimi,
Qasos olmoqlikka hozir yolg’izlik.
Vaslingga yetishmoq armon bo’ldimi –
Qoyib ber – yayrasin bugun sensizlik.

Baxt deb bilgan yoring qo’llaridan tut,
Mening qo’lim tutgan sodiq alamim.
Har qanday so’zingga dil saqlar sukut –
Qo’yib ber – so’ylasin bugun qalamim
Категория: SMS Ayriliq | Добавил: MILLIONER (23.03.2017)
Просмотров: 1054 | Рейтинг: 5.0/1
Всего комментариев: 0