Latifa (Sut kimniki…)
Bir kuni Afandi uyidagi sigirni sutini bozorga olib borib sotmoqchi bo‘libdi. Bozorga yetay deganida, bir to‘da bezorilar galasi uni o‘rab olib, qo‘lidagi idishdagi sutni tortib olib, so‘rabdilar:

— Bu idishdagi sut kimniki?

— Meniki! — deb javob beribdi Afandi.

— Bekorlarni aytibsan, bu sut sigirniki — deb, bezorilar uni kaltaklab, idishdagi sutni o‘zlari bilan olib ketishibdi. Ertasi kuni Afandi yana sutni olib, bozorga otlanibdi. Unga o‘sha kechagi bezorilar qayta ro‘para kelishib, kechagi savolni takrorlashibdi. Afandi oldindan nima deyishni o‘ylab qo‘ygan ekan:

— Bu sut davlatniki — deb javob qilibdi.

— Iye, davlatni sutini qanaqasiga o‘zingniki qilib o‘zlashtirding, davlat mulkini talon-taroj qiluvchi ablax — deya, uni savalab, sutini zo‘rlik bilan olib qo‘yishibdi.

Keyingi kuni, Afandi o‘ta zarur bo‘lganligidan, yana uyidagi bor sutni olib bozorga otlanibdi. Yo‘lda bu safar xam avvalgi bezorilar galasiga duch kelibdi. Bu gal ularga boshqacharoq qilib javob berishni o‘ylab qo‘ygan ekan:

— Sut kimniki? — so‘rashibdi bezorilar Afandidan.

— Yarmisi sizlarniki, yarmisi bizlarniki — deb javob qilibdi Afandi, xech bo‘lmaganda sutning yarmiga umid qilib.

— Obbo yaramasey, bizga tegishli bo‘lgan narsa senda nima qiladi? Sen xali indamasak, bizni xaqimizni xam o‘zingnikiga qo‘shib o‘zlashtirmoqchimiding? Endi gunoxingni yuvishing kerak! — deb, o‘zini kaltaklab, qo‘lidagi barcha sutni tortib olishibdi.
Категория: Latifalar | Добавил: MILLIONER (19.03.2021)
Просмотров: 403 | Теги: LATIFALAR | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0