Xudbin ota uchun so'nggi chora Hikoya
— Bugungi bayram — Anvar akaning uyga qaytishi uchun olamiz!

Kafening issiq va dim xonasida o'tirgan ulfatlar Anvar akani maqtay ketdi. Anvar aka qo'lini ko'ksiga qo'yib, ularning gapini ma'qullab turardi. Anchadan buyon davom etayotgan ulfatchilik nihoyasiga yetay demasdi. Aksincha, davraga yangi ulfatlar qo'shilib, ziyofat tobora kuchayib borayotgandi. Endi ulfatlar nima uchun yig'ilganini ham unutib qo'yishgan, Anvar aka esa bir chetda qolib ketgandi. U o'tirgan joyida boshini stolga qo'yib, pinakka ketdi. Ulfatlar ustma-ust buyurtma berib, yeb-ichib bo'lgach, birma-bir tarqalishdi. Oxirida Anvar akaning yonida qolgan sherigi uni turg'izishga urindi. Ammo u boshini ko'tarib ham qaramadi. Axiyri hafsalasi pir bo'lgan ulfat atrofga olazarak qarab oldi-yu, kafe xizmatchilarining ko'zini shamg'alat qilib, jo'nab qoldi. Bir mahal xizmatchi yigit keldi va Anvar akani uyg'otdi. U bazo'r ko'zini ochib, atrofga qaradi. U qaerda, nima uchun bunday o'tirganini ham unutib qo'ygandi. Yonida turgan yigitning so'zlaridan so'ng uncha-muncha narsa yodiga tushganday bo'ldi. Ofitsiant yigit toqati-toq bo'lib, qo'lidagi hisob qog'ozni tutqazdi-da. Anvar aka yuziga sepilgan sovuq suvdan biroz o'ziga keldi. So'ng hisobni ko'rib, ko'zlarini katta-katta ochdi. Keyin nedandir umid qilib, kafeda o'ziga tanish qiyofalarni izladi. Yo'q. Hamma allaqachon ketib bo'lgan. Kafeda odam siyrak. Xizmatchi yigit-qizlar bir chetda o'tirib gurunglashyapti. Goh-gohida mijozlarga ko'z qirini tashlab qo'yishini aytmasa, bu yerdagilar bilan ishi yo'qday beparvo o'tiribdi. Anvar aka bularni zimdan kuzatib, o'zicha hisob-kitob qildi. Cho'ntagidagi bor-budini chiqarib, ofitsiant yigitga ko'rsatib, hisob qog'ozga qo'shib stolga qo'ydi. Tag'in pul sochilib ketmasin deb stakanni bostirdi. Keyin ofitsiantning yetib kelishini kutib o'tirmay, jo'nab qoldi. Ofitsiant kelib pulni oldi-yu, sanashga tushdi. So'ng shaht bilan tashqariga chiqib Anvar akani izlay boshladi. U hali uzoqqa ketmagan edi. Anvar aka ortidan chaqirishayotganini eshitib qadamini tezlatdi. U katta yo'lga chiqib, mashina to'xtatish uchun qo'l ko'tardi. Ammo o'tib-qaytayotgan mashinalar ha deganda to'xtamasdi. Bu orada ofitsiant yetib keldi.

— Pulni kam beribsiz, — dedi ofitsiant Anvar akaga qarab. Anvar aka esa taajjublanib:

— Sen kimsan? — deb so'radi.

— Kim deysizmi? Masxara qilaman, deb o'ylamang! Pulni to'liq to'lab qo'ying.

Ofitsiantning jiddiy ohangda aytilgan gapidan Anvar aka o'ziga kelganday bo'ldi. Ammo sir boy bermay:

— Ha-a-a, uzr, uzr, ukam, — dedi. — Pul kam deysanmi? Odamni xafa qilyapsan lekin. Pulni berdim-ku.

— Men bermadingiz demadim. Kam deyapman. Mana, sanab ko'ring.

— Bo'pti, ko'chada shovqin qilma. Hamma bizga qarayapti. Mana, yetmaganiga telefonimni ol. Qaytimi kerakmas. Bo'ladimi? — deb telefonini uzatdi Anvar aka. Ofitsiant eski va oddiy telefonni ko'rib:

— Buni boshimga uramanmi, pulni bering! — dedi.

Lekin bu gaplarning foydasi bo'lmadi. Axiyri ofitsiant telefonni olib, Anvar akani yetaklab, kafega qaytdi. Anvar aka yigitchaga bo'ysunmasdi. Lekin ofitsiant unga qaraganda baquvvat va tetik bo'lgani bois kuch ishlatib, Anvar akani izmiga yurgizdi. Anvar aka kafega qaytib, boyagi joyiga o'tirdi. Ofitsiant uning telefonidagi raqamlarni bir-bir ko'zdan kechirayotgandi. Shu payt Anvar aka:

— Menga tuhmat qilyapsizlar, hozir militsiya chaqiraman. Pulini to'lab qo'yganman. Qo'yib yubormasalaring o'zlaringdan ko'ringlar! — deb dag'dag'a qila boshladi.

Bu orada ofitsiant Anvar akaning o'g'li Shohruxning raqamiga qo'ng'iroq qilib, vaziyatni tushuntirdi. So'ng hamon aybsizligini iddoa qilayotgan Anvar akaning yoniga kelib:

— Jim o'tirmasangiz oxiri yaxshi bo'lmaydi, — dedi.

Yigitning bu gapidan so'ng Anvar aka jim bo'ldi. Bu vaqtda Shohrux ishidan ruxsat olib, topgan-tutgani bilan yo'lga chiqqandi. U aytilgan manzilga yetib kelgach, qarzni to'lab, otasini olib uyiga jo'nadi. Uyga yetib bormaguncha ikkisi ham miq etishmadi. Uyga kirishgach, Shohrux birdan otasiga yuzlanib:

— Undan ko'ra meni o'ldirib tashlang! — dedi achchiq bilan. — Qachongacha davom etadi? Bo'ldi qiling-da endi!

— Tss! — deya barmog'ini burniga qo'ydi Anvar aka. — Bu oxirgisi. Yuvmasam, uyat bo'lardi. Men xursandligimdan. U yoqdan eson-omon kelganim uchun shukrona qilib o'tirdik.

— O'sha yerdan kelmaganingiz yaxshi edi! — deb yubordi Shohrux alam bilan. — O'zi mana shunday yurishingiz sabab uch yil dam olib kelgandingiz. Endi bir oydan beri qaytib kelganingizni yuvasiz. Bo'ldi-da, endi. Uyda boshqa pul yo'q. O'zingiz bir tiyin topmaysiz-u, ro'zg'orda borini ko'chaga sarflaysiz…

* * *

Anvar aka o'g'irlik bilan qo'lga tushgan edi. Shu qilmishi tufayli uch yil qamoqda o'tirib chiqdi. U qamoqdalik paytida ro'zg'orning barcha yuki Shohruxning zimmasiga tushdi. O'g'il o'n sakkizga to'lib-to'lmay turli ishda ishladi. Ro'zg'orni butlashda onasiga ko'makchi bo'ldi. Ukalariga ota o'rnida tarbiyachilik ham qildi. Bu og'ir mehnat Shohruxni chiniqtirgan bo'lsa-da, otasining o'g'irlik sababli qamalib ketgani uning ko'nglini o'ksitardi. Go'yoki boshqalar uni qo'li bilan ko'rsatib gapirayotganday edi. Ba'zan pichir-pichir gaplar orasida otasi haqidagi so'zlarni ham eshitib qolar, bunday paytda yer yorilsa-yu, kirib ketsam derdi. Shu sabab otasi qaytib kelganida qanchalar quvongandi. Shu sabab avvaliga otasining bugungiday ulfatchiligi uchun o'z ixtiyori bilan pul bergandi. Ammo Anvar aka har kuni uyga kayfi taroq holda qaytardi. Shohrux esini taniganidan buyon otasining ahvoli shunaqa. Ko'pincha ro'zg'orning yuki onasining zimmasida bo'lgan. Lekin Shohrux otam u yoqdan yaxshi odam bo'lib qaytgan, deb umid qilgandi. Yo'q, adashgan ekan. Otasi ichishni kanda qilmabdi. Aksincha, mana shu o'tgan yillarning ham badalini undirmoqchi bo'lganday avvalgidan ham ko'proq ichardi. Shunday paytlarda Shohrux otam qamoqda yuravergani yaxshi ekan, degan xayolga ham bordi. Axir vaqt o'tishi bilan Anvar akaning qamoqda ekanini unutib yuborishgan edi. U haqda gapirmay qo'yishgandi. Lekin otasi uyga qaytib ham, har kuni ko'chada mast yurishi, kafe va do'konlardan qarz bo'lib qolishi yon atrofdagilarning suhbat mavzusiga aylandi. Ko'pchilik Shohruxga achinib, samimiy nasihat yoki tasalli berardi. Shunga qaramay, bu gaplar Shohruxga og'ir botardi. Otasining bugungi ishi esa hammasidan oshib tushdi. Shohruxning joni halqumiga keldi. Uydagi hamma pulni sarflab bo'lgani kamlik qilganday otasi o'zini aybdor his etmasdi ham. Aksincha, Anvar aka o'g'liga:

— Nega borasan?! Borma edi! O'zim yeb-ichdimmi, o'zim to'lab kelardim! — dedi. So'ng Shohruxning «tarbiyasiz»ligidan o'kinib, unga «saboq» bermoqchi bo'ldi. Lekin Shohrux o'zini olib qochdi. Bu to's-to'polondan qo'shnilar ham boxabar edi. Shu bois Shohrux barchaning yonida izza bo'lib, o'pkasi to'ldi…

* * *

Sud zalida o'tirgan Anvar akaga qarshi ko'rsatilgan dalillarni inkor etib bo'lmasdi. U yon qo'shnisining uyiga o'g'irlikka tushgan. Oyoq izi-ku, mayli, ammo u doim kiyib yuradigan bosh kiymini ham tushirib qoldirgandi. Bu ham yetmaganday uni payqab qolgan qo'shnini urgan. Keyin devor osha uyiga o'tib ketgan. Qo'shnisi militsiya chaqirguncha, uyidan chiqib ketgan. Lekin o'g'irlangan pullar xonasidan topilgandi. Bu safar ham uni ozodlikdan mahrum etish to'g'risida hukm o'qildi. Anvar aka qamoqqa ketarkan bularning bari tuhmat ekanini isbotlashga urindi. Ammo bu besamar edi. U o'zicha yangi rejalarni tuzib, shu kabi ishga hozirlik ko'rib yurganini tan olsa-da, hali ish boshlamagandi. Shular haqida o'ylaganida bu sirtmoqqa qanday tushib qolgani to'g'risida bosh qotirardi. Anvar aka o'g'li bunday ishga qo'l urishiga ishonmas, lekin barcha dalillar bu ishda nomusdan yuragi alamga to'lgan Shohruxning qo'li borligidan dalolat berardi.
Категория: Hayotiy hikoyalar | Добавил: MILLIONER (24.12.2017)
Просмотров: 2568 | Теги: Xudbin ota uchun so'nggi chora | Рейтинг: 3.7/3
Всего комментариев: 0