Harom evaziga qilingan ehson Hikoya
Folbin xuddi dengizdan baliq ilingunga qadar qayta va qayta qarmoq tashlab o'tirgan baliqchi misol har xil gaplar bilan, nihoyat, Akromni ilintirdi. Ayni paytda ishonishga mayli bo'lib turgan Akrom butkul romchining izmida qoldi.

— Hammasi oydinlashdi, — dedi folbin boshini kitobdan ko'tarmay. — O'tganlarning ruhi sabab.

— Nima?! — hayron bo'ldi Akrom.

— Hamma ishlaringiz ortga ketayotgani, sevgan insoningizga yetisholmayotganingiz, qarzga botib ketganingiz va hatto xastalikka chalinganingizning ham sababi bitta — yaqiningizni norozi qilgansiz. Uni rozi qilishingiz kerak.

— Kim? Kim ekan u? — battar angrayib qoldi Akrom. — Men chumolini bexosdan bosib qo'ysam ham tiz cho'kib, kechirim so'raydigan odamman, qanday qilib birovning dilini ranjitishim mumkin?

— O'zingiz bilmasangiz kerak, — gapidan qolmadi folbin.

— Yo'q, bo'lishi mumkin emas! Siz kitobingizga yaxshilab qarang, balki harflarida adashgandirsiz…

— Hoy! — folbin Akromga shunday o'qrayib qaradiki, Akrom romchining emas, «kuf-suf» qilib uning jonini sug'urib olishi mumkin bo'lgan yalmog'izning qarshisida o'tirgandek bo'ldi.

— Nima deyapsan? — dedi folbin sal kam chiyillab. — Odamlarning taqdiri harf bilan yozilmaydi, sen muqaddas kitoblarni kalaka qilyapsanmi? Yana hech kimga ozor bermayman, deysan.

— Men… haligi… — Akrom qilgan ishidan uyalib, gap topolmay, duduqlanib qoldi. — Uzr, kechirasiz…

— Bir shart bilangina qayta ko'raman, — har bir barmog'ida ikkitadan, buning ustiga qop-qora, katta-katta uzuklari bor kaftini g'alati qilib yoydi folbin.

— Qanaqa shart?

— So'radingmi, ishonasan. Ishonmasang, so'rama, ketganing tuzuk.

— Roziman, — dedi Akrom hech ham o'ylab o'tirmasdan.

Shundan so'ng folbin boyagi amallarini boshidan takrorladi. Hatto ikki marta. Axiyri unga mo'ltirab o'tirgan «tilla baliq»qa yuzlanib, xitob qildi:

— Otangizni norizo qilgan ekansiz. Bir marta. Ancha yillar oldin.

— Yanglishmayapsizmi?

— Ikki marta qaradim. Xuddi shunday. Rozi qilasiz endi.

— Axir otam rahmatli bo'lib ketgan-ku, qanday qilib?..

— Hechqisi yo'q. Ruhi shod bo'lsa, bo'ldi. Haqiga duo qilib, kambag'allargami yoki yetim-esirlargami xudoyi qilib bering, vassalom. Ruhi tinchisin…

— Shunda otamning ruhi shod bo'ladimi? — bu yerga nimaga kelganini unutgan, endilikda ota rizosi miyasini qamrab olgan Akrom shoshilgancha so'radi.

— Albatta.

Akrom romchining gaplariga ishondi. Aynan shuning uchun karaxt bo'lib qolgandi.

* * *

Anvar olti oyda mashinani bir marta avariya qilib, olti marta qoidabuzarlik qilgani uchun jarimaga tortilgach, egasiga nima deyishini bilmay, barini imi-jimida hal etishga qaror qildi. Biroq ana o'laman, mana o'laman, deb turgan kasal molini sotmoqchi ekanini eshitgach, xotinining tepa sochi tikka bo'ldi.

— Esingizni yeb qo'yibsiz, — dedi eriga tap tortmay. — Ana o'laman, mana o'laman, deb turibdi-ku. Agar bilsangiz, sotadigan molning aybini yashirib sotish katta gunoh, dadasi. Unday qilmang, tag'in qosh qo'yaman deb, ko'z chiqarib qo'ymang!

— Ey, yig'ishtir ma'ruzangni! — tarsillatib qo'lidagi piyolani stolga qo'ygach, xotiniga o'shqirdi Anvar. — Tavba qildim, Yaratgan kechirimli, O'zi kechiradi. Boshqa nima qilay?

— Xaridorni o'ylamaysizmi?

— Unga Xudoyim boshqa tomondan berar, — beparvo qo'l siltadi Anvar. — Men urgan «BMW»ni remont qildirishim kerak. So'ng xo'jayin nazorat qilgani kelgungacha «Nek-siya»ni ham ta'mirlab qo'yishim kerak. Qaerdan olaman shuncha pulni. Yana-chi, hali jarima pullarini qo'shmayapman. O'zing ayt, moldan bo'lak nimamiz bor sotadigan? Uyni sotamizmi? Ko'chada o'tiramizmi?

— Xudoyim yo'l ko'rsatar.

— Xudoyim pul olib kelib berarmidi? Bas qil, diydiyongni! — bu gal Anvarning tovushi tahdidli chiqdi.

Erining fe'lini yaxshi biladigan xotini yana biror narsa deb, kaltak yeb qolishidan qo'rqdi, chog'i, mum tishladi. Biroq ichidan Yaratganga nola qilar, eriga insof tilab, «Sigirni sotib oladigan sho'ring qurg'urni o'zing asra», deya pichirlardi.

Kelasi chorshanba kuni qaroridan qaytmagan Anvar sigirni mol bozoriga olib chiqdi. «Olg'irning oshig'i olchi», deganlari chin ekan. Og'zi qulog'iga yetar darajada ishshayib kelganidan xotini tushundiki, Anvar sigirni mo'may pulga sotgan.

* * *

— Xo'sh? Ilmu tolibni olib keldingizmi? — qoshlarini chimirib so'radi domla ko'zoynak ostidan boqarkan.

— Ha-ha, albatta. Chaqiraymi? — muallimning ilmoqli gapi, aniqrog'i, ilmu tolib deganini eshitgach, Mardon aka ich-ichidan quvondi, xuddi allaqachon o'g'li oliy o'quv yurtiga kirib bo'lgandek. Shartta o'rnidan turib, lipanglagancha eshik tomonga chopdi. Aftidan, bo'lajak talaba ham intiq turgan, shekilli, eshik hali butkul ochilmasidan, dadasi imo qilib ulgurmasidan, qo'lini ko'ksiga qo'ygancha yigirma yoshlar atrofidagi ozg'in bir bolaning yarqiragan peshonasi ko'rindi.

— Mumkinmi?

— Kel, talaba, kel, o'tir, — dedi muallim ota-bolaga o'tirishga joy ko'rsatib.

Ular o'tirganidan so'ng muallim odat bo'lib qolgan emasmi, xuddi ma'ruza qilmoqchidek bir muddat sukut saqlab, aytadiganlarini xayolida pishitib oldi. So'ng tomog'ini bir qirib, oldin yigitga o'girildi.

— Xo'sh, yigitcha, tayyormisan?

— Agar o'xshab qolsa, umrim bo'yi xizmatingizdaman, muallim. Duoyi joningizni qilib…

— Mayli, mayli, — yaltoqlanib ketmasidan oldin yigitning gapini kesib qo'ya qoldi muallim. — Ammo faqat to'lov bilan ish bitmaydi, og'ayni. Ishonchni oqlashing kerak. Avvalambor, otangning, so'ng mening, elu yurtning.

Yigit tushundimi-yo'qmi, boshini qimirlatib qo'ydi.

— Buning uchun nima qilish kerakligini yaxshi bilasan-a? O'qish, o'qish va yana…

— O'qish, — dedi bo'lajak talaba og'zini to'ldirib.

— Ha, barakalla! Endi biz gaplashib olguncha bir pas eshik oldida kutib turasan.

— Xo'p-xo'p…

Yigit xursandchiligi ichiga sig'may, bir zumda o'rnidan turib, ostonaga qarab yurdi. U chiqib ketganidan so'ng muallim otaga yuzlandi.

— Endi gap bunday, aka!

— Eshitaman, qulog'im sizda?

— O'zingiz bilasiz, hech narsa besabab bo'lmaydi, deysizmi, oldining berdisi bor, deb tushunasizmi, xullas… — muallim bir-ikki marta goh ensasini, goh peshonasini qashlab, so'ng qo'shib qo'ydi. — «U yoqqa kuchim yetmaydi», degandim-ku sizga. Yordamlashganlarning «berdi»sini berasiz endi.

— Allaqachon tayyorlab qo'yganman, aka, — dedi mehmon, nihoyat, maqsadga ko'chilganidan mamnun bo'lib.

— Xo'sh?

— O'sha aytganimizdek bitta sigir…

— Ha, tuzuk-tuzuk, — boshini qimirlatdi muallim. — Unda mayli, kelishdik.

Muallim «Endi ketavering», deyishga og'rindi, shekilli, o'rnidan turib, mehmonga qo'lini uzatdi.

— Tabriklayman! O'g'lingizning talaba bo'lgani bilan.

Mehmon muallimning kaftini ikki qo'llab siqdi, so'ng birini olib, shartta ko'ksiga qo'ydi.

— Tashakkur, muallim, iloho, umringiz uzoq bo'lsin!

Shundan so'ng mehmon ham xonani tark etdi. Mardon akaning miyasida ayni damda faqat bitta o'y bor edi: «Anavi nomard meni aldab ketganida, xarob bo'ldim, deb o'ylagandim, ammo six ham, kabob ham kuymadi. Ish silliq kechdi. Ham o'g'lim talaba bo'ldi, ham kasal sigir o'lib qolmasidan burun qutuldim!»

* * *

— Akrom akaning qurbonlik qilgan sigiriga nimadir bo'lgan, — dedi ko'pchilik bir ovozdan.

Oldin mehribonlik uyi shifokorlarga to'lgan bo'lsa, so'ng birin-ketin hammasini shifoxonaga olib ketishdi. O'ziyam hech kim qolmagan ekanda o'sha sigirning go'shtidan yemagan. Bitta boladan boshqa. U bo'lmagan ekan o'sha kuni mehribonlik uyida. Ana shundan bilib qolishdi, bolalar nega birin-ketin kasal bo'lib qolayotganining boisini. Bosh shifokorning shaxsan o'zi bir necha militsioner va shifokorlarni ergashtirib keldi. Bolalarni shifoxonaga olib ketishganidan so'ng ham mehribonlik uyida karantin e'lon qilindi. Deyarli barcha bolalarning kindigidan ukol qilishdi.

Darvoqe, karantin e'lon qilingan kunning o'zidayoq Akromning uyiga militsiya xodimlari tashrif buyurishdi.
Категория: Hayotiy hikoyalar | Добавил: MILLIONER (20.12.2017)
Просмотров: 1248 | Теги: Harom evaziga qilingan ehson | Рейтинг: 5.0/2
Всего комментариев: 0