BEFARZAND YIGITNING KO'RGAN KEChIRGANLARI… Hikoya
***

O'ttiz beshlarni qoralagan bo'ydor, keng yelkali, ozg'in bo'lsa-da, chayir Mehmonali tun yarmidan oqqanda gandiraklab uyga kirib kelganda xotini Mastura hali uyg'oq edi. Qalin to'shakda tizzalarini quchoqlab o'tirgan ayolning ko'zlari uyqusizlikdanmi, yig'idanmi, qizarib ketgandi.

Ayol to'shakdan turib, erining qo'lidan tuproqqa belangan kostyumni oldi va dahlizga qarab yurdi. Ammo Mehmonali uning yo'lini to'sdi.

— To'xta! — dedi u xo'mrayib. — N-nimaga uxlamading?..

— Sizni kutib o'tirdim, — javob qildi Mastura.

— Nega kutasan?

— Kutdim-da!..

— Bundan keyin kutma, tushundingmi?!. Sen… Meni kutishga arzimaysan!..

Mastura indamadi. Nima desin? Turmush qurganlariga besh yildan oshdi. So'nggi paytlarda har kuni shu ahvol: Mehmonali nuqul ichib keladi, farzandsizligidan nolib yo yig'laydi, yoki janjal ko'taradi.

— Hadeb tug'mayotganimga pisanda qilaverasizmi?!. — Mastura alam bilan yuzini ters burdi. — Nima qilay? Do'xtirlar soppa-sog'siz deganini eshitdingiz-ku o'zingiz. Irim-sirimlarni qilayotgan bo'lsam… Yana nima qilay?..

— Ha-a, bilaman!.. — o'shqirdi Mehmonali. — Men… mendan!.. Shuni aytmoqchimiding?.. Lekin bilib qo'y, do'xtirlaring gapiraveradi!.. Men baribir isbotlayman!.. Erkakligimni isbot qilaman, bidingmi?!.

— Keling, achchiq-tirsiq qilib yurmaylik, ajrashib qo'ya qolaylik! — dedi Mastura chidolmay. — Qiynalib ketdim, axir!.. Men nima qilay-y?.. Qo'limdan nima keladi?..

— Nima?.. — xezlanib Masturaga yaqinlashdi Mehmonali. — Boshqaning qo'yniga kirging kep qoldimi?.. Boshqadan tuqqing kep qoldimi?..

— Bas… Dodlab yuboraman! — yig'lamsirab eriga tik boqdi Mastura. — Gapirmang, gapirmang!.. Iltimos!..

— Men… Seni yaxshi ko'raman, Mastu!.. — xotinining iyagini siqimladi Mehmonali. — Faqat mendan… Ha, mendan tug'ishing kerak!..

Mastura ortiq bir so'z demadi. Kuchi ko'ziga yetdi — ko'rpaga burkanib piq-piq yig'ladi.



* * *

Ertasi kuni Mehmonalining ishi unmadi, boshi xumday, oyoqlarini zo'rg'a sudrab bosardi. Kuz esa kutib turmaydi, xirmonda uyulgan paxtani kechgacha pritseplarga ortib ulgurishi kerak…

Xayriyatki, peshinda besh kunlik maoshlarini tarqatib qolishdi. Shu bahona shomga qolmay o'zidan uch-to'rt yosh katta sherigi O'rinboy aka bilan sudralib do'konga bordi. Ikkovi ikki shisha sharobni qo'ltiqlariga qisgancha ariq bo'yidagi sada ostiga cho'kishdi. O'rinboy aka cho'ntagidan sarg'aygan gazeta olib maysa ustiga to'shadi. Mehmonali bir shishani ochib ikkita stakanga bo'lib quydi…

— Uka, keyingi paytlarda xafaday ko'rinasan-a? — so'radi biroz qizishib olganlaridan so'ng O'rinboy aka. — Ja xushchaqchaq yigit eding, latifagayam to'n kiydirarding, nima bo'ldi, o'zi?

— Hayot shunday qilib qo'yarkan-da, aka. — dedi Mehmonali lablarini artib.

— Hayotga nima qipti? Kelin tuppa-tuzuk bo'lsa, oriyatli, menikiga o'xshab orqangdan soyaday ergashmasa, bo'lar-bo'lmasga janjal ko'tarmasa… Yana nima kerak senga?

Mehmonalining manglayi tirishdi.

— Siz bilmaysiz-da!.. Darvozadan kirib borganingizda bolalaringiz yugurib chiqadi, to'g'rimi? Mening kimim chiqadi, aka?.. — kayfi osha boshlagan Mehmonalining ko'zlarida yosh g'iltilladi. — Besh yildan beri o'ylayverib ezilib ketdim-ku, aka!.. Yo'q!.. Men… Men bepusht ekanman!..

— Qo'y, bo'lmag'ur gapni gapirma! — Mehmonaliningelkasiga qoqdi O'rinboy aka. — Xudoning karami keng. Do'xtirlar aytaveradi-da!.. Odamning ichiga kirib chiqibdimi o'shalar, valdirayveradi-da. Hammasi Xudodan.

— E, bormagan joyimiz, bosh urmagan toshimiz qolmadi, necha marta qon chiqardim, dam solingan suvlardan ixlos qilib ichdim. Qani? Foydasi yo'q-ku!..

— Menga qara,etimxonadan bola asrab olsang-chi?.. —dedi O'rinboy aka. — Hoziretim kammi? Mehrga zor sho'rliklar, savob bo'ladi. Boqib katta qilsang farzand-da!..

— Yo'q, men o'zimning bolam bo'lishini istayman. Yetimxonadagi bolalar aqlini tanib qolgan, kimning kimligini baloday ajratadi.

— Unda… Tug'ruqxonaga bor. Eshitishimcha, bir xil ayollar tug'ib, bolasini sotib ketisharmish.

— Aka, tushunsangiz-chi, — zorlandi Mehmonali, — Pushti kamarimdan bo'lganigaetarmidi, axir!?. Bir kun meni ko'rolmaydiganlar asrandi farzandimga bor gapni aytib qo'ysa, nima bo'ladi?.. Seni sotib olganman, deb qanday aytaman?

— Sen aytma, — qo'lini siltadi O'rinboy aka. — Odamlar gapiraveradi-da!.. Elning og'ziga elak tutasanmi?

— Yo'q, baribir… bo'lmaydi. O'zimning bolam boshqacha… Boshqacha…

O'rinboy akaga kamlik qildimi, yo badani qizidimi, harqalay, Mehmonalini qo'yarda-qo'ymay qayta do'konga sudradi…

Ular tarqalishganda tun yarmidan oqqandi.



* * *

Tong otganda Mehmonali to'shakda bir zambil loyday sulaygancha yotar, boshi tars yorilgudek azob berar, biroq shu ahvolidayam miyasida O'rinboy akaning aytgan gaplari tinimsiz aylanar, o'ylagani sayin hamshishasiga nafrati qaynab-toshardi. “Bola sotib ol, deydimi? — Mehmonali ichida g'udranib, qarshisida jimgina choy qaytarayotgan Masturagaer ostidan boqdi. — Birovning bolasini boshimga uramanmi? Oyday xotinim bor, uni yaxshi ko'raman… Bekorga kecha xafa qilib qo'ydim-da. Nega kayfim oshsa Masturaga o'shqiradigan bo'lib qoldim? O'zimda-ku hamma ayb!..”

— Kechir, Mastura! — dedi Mehmonali boshini ko'tarib. — Kecha seni xafa qilib qo'ydim. Ko'proq ichib yuboribman…

— Doim shunaqasiz, — qovoq uydi Mastura. — Ichib olsangiz, menga nayzangizni sanchaverasiz. Axir, men nima qilay? Qo'limda bo'lsa, o'ntalab tug'ib tashlamasmidim?..

— Mayli, qo'y endi shu gaplarni!.. Meni bilasan-ku, o'ylamay gapirib yuboraman…

Mehmonalining gap og'zida qoldi — darvoza lang ochilib hovliga tog'asi Saminboy aka kirib keldi. U qo'lida nimalardir to'la xaltani ko'tarib olgan, ko'zlari javdirab uy egalarini qidirardi.

Mehmonali yugurgancha unga peshvoz chiqdi.

— Ie, dalaga chiqmadingmi? — so'radi tog'asi Mehmonali bilan so'rasharkan. — Yo tag'in ichdingmi?..

Mehmonali indamadi, tog'asining fe'li unga ma'lum, tap tortmay koyishga o'tadi, nasihat qiladi. O'zining qanday boyib ketgani-yu, Mehmonalining “odam bo'lmagani”ni yuziga solib javraydi.

“Nega tog'am… Bu mahal keldiykan? — xayolidan o'tkazdi Mehmonali uni so'riga boshlarkan. — Yana mol-mulki bilan maqtanmoqchimi?..”

— Xo'sh, jiyan, ishlar qalay? — so'radi tog'asi o'rtadagi jimlikni buzib. — Kecha kelinni koyiganmishsan? Nima bo'ldi?

— Hech gap yo'q, — dedi Mehmonalier chizib. — Shunchaki…

— Kamroq ichish kerak anavi zormandani. Hali biror aroqxo'rning boshida shox o'sib chiqmagan. Seniyam shoxing chiqmaydi. Qishloqda obro'ying bir pul bo'lgani qoladi, xolos… Bo'pti, men boshqa bir ish bilan kelganman.

— Qanday gap ekan? — hushyor tortdi Mehmonali. — Yaxshi gapmi?..

— Endi, jiyan… Mana, yoshing ham qirqqa boryapti. Sen tengilar hademay qiz chiqaradi, kelin tushiradi. Endi buyog'ini o'ylab ko'radigan vaqtetdi, shekilli?..

— Nima qilay, tog'a?..

— Men Masturani yomon demayman, esli-hushli, uyim-joyim deydigan ayol. Biroq o'rtada bola bo'lmagandan keyin… Xullas, ajrashib bir-birlaringni sinab ko'rmasalaring bo'lmaydi. Nima bo'lgandayam jigarimsan — ichim achiydi-da senga. Og'ziga kuchi yetmaganlar shundan gap ochib qolsa, yuragim kuyadi, jiyan…

— Biz ajrashmaymiz, tog'a! — dedi Mehmonali norozilanib. — Ilgariyam ko'p aytganman bu gapni. Ajrashmayman, vassalom!..

— Qo'y, yig'ishtir bu gapni! Biz kennoyingminan ishni pishitib qo'yganmiz. Qo'rg'onqishloqda bir ayol bor ekan. Uyam farzand ko'rmay eri bilan ajrashgan. Ha… Nikohingga olib yashab ko'r… bo'lmasa, tag'in Mastura bilan yarashaverasizlar.

— Menga boshqa ayolning keragi yo'q. Bu gapni boshqa aytib yurmang…

— E, seni odam deb gapirib o'tiribman-a! Rahmatli opam tirik bo'lganda-ku… — so'rini mushtlab ilkis o'rnidan turdi Samin aka. — O'lguday o'jar, o'zboshimcha bo'p ketibsan. E, bilganingni qil-e!.. Menga desa…

Masturaning hay-haylashiga ham qaramay, tog'a zarda bilan darvozani taraqlatib ochdi-da, chiqib ketdi…

Mehmonali bo'sag'ada bosh chayqab mung'aygancha turib qolgan xotiniga suqlanib tikildi va go'yo uni yo'qotib qo'yadigandek tezroq yaqinlashgisi, mahkam quchib olgisi keldi…



* * *

— Men hammasini eshitdim, — dedi Mastura erini o'zidan narilatib. — Tog'angiz haq. Rostdan ham o'zimizni sinab ko'rishimiz kerak, shekilli.

— Ovozingni o'chir, Mastu! — Mehmonali kafti bilan uning og'zini yopdi. — Tog'am gapiraveradi. Bizni qaerdan tushunsin?!. U boy, puli ko'p. Boylar boshqalarning ko'ngli bilan hisoblashib o'tirishmaydi.

— Unda nima qilamiz? Har kelganda ajrashinglar deyaverib xit qiladi. Mengayam bu sovuq gaplarni eshitish oson deysizmi?!.

— Gapirsa gapiraversin. Quloq solma. Bir-birimizni sevamiz, shuning o'zi kifoya.

— Kifoya emas-da!.. Faqat bola o'rtadagi rishtalarni mahkam bog'laydi. Menga qarang, bola asrab olsak bo'lmaydimi?..

— Eh, Mastu, Mastu!.. — dedi Mehmonali yuzini chetga burib. — Senam O'rinboy akaga o'xshab shu gapni gapiravermagin-da!..

— Nima, O'rinboy akayam shunday dedimi?

— Ha-da! Nimaymish, tug'ruqxonadan bola sotib olarmishman… Yo'q, birovning bolasiga mening ko'zim uchib turgani yo'q. Faqat o'zimning farzandim bo'lishini istayman.

— Unda sizga bir gap aytsam, urishmaysizmi? — so'radi Mastura qo'rqa-pisa.

— Qanday gap?..

— Bilasizmi, shaharda yashaydigan dugonam Marhaboni ko'rib qoldim.

— Qachon? Qachon ko'rding? Nima dedi?

— Uch kun bo'p qoldi. Tasodifan ko'rishib qoldik. O'sha bir gap aytdi.

— Xo'sh, nima dedi?

— Shaharlik bir tanish ayol katta pul evaziga birovlarga bola tug'ib berib, tirikchilik qilarkan.

— Nima?.. Kimga?..

— Masalan, siz borsangiz… Narxini kelisharkan-da, keyin…

— Nima keyin?..

— Keyin… Siz bilan yotib…

— G'irt ahmoq ekansan, — qo'l siltadi Mehmonali. — Endi bir kamim begona ayol bilan bir to'shakda yotishmidi?..

— Axir… Biror yo'lini qidirish kerak-ku!.. O'sha ayol tug'ib, chaqaloqni qo'lingizga topshirarkan. Da'vo qilib yurmaskan.

— Bor-e!..

Azbaroyi jahli chiqqan Mehmonali so'kinib tashqariga chiqib ketdi.



* * *

Mehmonalining boshi qotdi, u bir narsani sira tushuna olmasdi: qaysi ayol tug'ib bolasini qo'shqo'llab begonaga berib yuborishi mumkin? Masturaga nima bo'ldi, uni begona ayolning qo'yniga kirishga qanday yuragi chidaydi? Yo sinab ko'rmoqchi bo'lib aytyaptimi bu gaplarni?

Yarim tunda Mehmonali teskari qarab yotgan Masturani turtdi. Xotini “g'iq” etmay eri tomon o'girildi.

— Yig'layapsanmi, jonim? — so'radi Mehmonali uning yosh sizib chiqayotgan ko'zlarini silab. — Yig'latgan men emasmi?..

— Yo'q, siz emas. — dedi Mastura horg'in tovushda. — Shunchaki ko'nglim bo'shab ketdi.

— Ayt, nega mening begona ayol bilan yotishimga ko'nyapsan? Sinab ko'rmoqchimisan meni?

— Bu nima deganingiz, xo'jayin?.. Men… Farzandingizni qo'lingizda ko'tarib, erkalatib yursangiz, shuni ko'rsam, deyman.

— Bo'lmasa, nega yana picha sabr qilmaysan? Balki…

— Yo'q, — kafti bilan Mehmonalining og'zini yopdi Mastura, — Siz shundog'am qiynalib ketdingiz. Ko'zingizga qarolmas bo'ldim. Paysalga solib nima qilamiz? Baribir Xudo bermayapti… Ajabmaski, shunday qilsak, qo'chqorday o'g'ilmi, popukday qizmi ko'rsangiz!.. Dunyoda mendan baxtiyor ayol bo'lmaydi shunda.

— Axir, sen shu yerdaligingda men boshqa ayolning qo'ynida bo'lsam!.. Shuni o'yladingmi?..

— Chidayman. — dedi Mastura ko'z yoshlarini artib. — Chidayman! Siz uchun, sizning bir marta bo'lsayam o'ynab-kulib bolangizni erkalatganingizni ko'rsam bas, hammasini unutaman.

— Axir, uning onasi boshqa bo'ladi-ku, Mastu!.. Sen mehr qo'yolmasliging mumkin-ku!

— Adashyapsiz. Sizdan bo'lgan bolani o'zim tuqqandan ham azizroq qilib katta qilaman. Mana ko'rasiz… — Mastura o'pkasi to'lib silkinib-silkinib yig'lay boshladi. — Sizni sevaman, axir! Nega tushunmaysiz?.. Siz bilan bir umr birga bo'lishni istayman. Sizsiz menga bu dunyo qorong'u!.. Yolvoraman, shu iltimosimga xo'p deng!.. O'tinib so'rayman!..

— U ayol tug'di ham deylik. Keyin aynib qolsa-chi?..

— Beradi. Dugonamga ishonaman men. U meni hech qachon aldamaydi.

— Bo'pti, lekin u ayol bekordan bekorga tug'ib beravermasa kerak? Biror nima talab qilar?

— Besh yuz dollar ekan. Yana to'qqiz oygacha parvarishiniyam bo'yningizga olarkansiz.

— Mening buncha pulim yo'q, — dedi Mehmonali bo'shashib. — O'zim kunimni zo'rg'a ko'rib yuribman-ku!..

— Xavotir olmang. Men qarindoshlarimdan qarz ko'tarib turaman. Farzandimiz… Tug'ilsa bas, xo'jayin! Bizning uyimizdayam chaqaloq yig'isi jaranglasa bo'ldi.

— Ahmoq ekansan, — Mehmonali sekin o'rnidan turib sigaret tutatdi, biroq xotinining irodasiga ich-ichidan tan berib turardi. — Qayoqdagi ishlarni boshlab yurasan-a!..



* * *

Oradan o'n besh kun o'tdi hamki, Mehmonali bir qarorga kela olmay azoblanadi. O'zidan tug'ilajak farzandini ko'z o'ngiga keltira boshlasa, Masturaning qistovlari ma'quldek tuyilar, biroq xotinining yosh to'la ko'zlari, mungli qarashlarini eslab ich-eti muzlab ketardi.

“Nahotki, shunaqa ayollar ham bor-a? — derdi ichida. — Qishlog'imizda bir-birini begonalardan rashk qilib nechtasi ajralib ketdi. Er talashib soch yulishgani qancha. U meni yetti yot begona xotinning qo'yniga solib qo'ymoqchi. Tag'in xarajatiniyam o'zi qarz olib ko'tarmoqchi… Boshqa xotin bo'lsa: “Sen bepushtsan! Ketaman!”, derdi. Yo'q, baribir shoshilishim kerak emas. Obdon o'ylab ko'rmasam bo'lmaydi. Ha, Obid muallimdan bir maslahat olsam-chi?.. Shaharda dars beradi, shaharliklarni yaxshi bilsa kerak…

Mehmonali bir haftacha kutib, yakshanba kuni Obid muallimnikiga kirib bordi. Muallim so'rida yonboshlab kitob varaqlayotgan ekan. Mehmonalini ko'rib o'rnidan turdi va so'rashib so'ridan joy ko'rsatdi.

— Qaysi shamollar uchirdi, Mehmonali? — kulib turib so'radi muallim. — Yoshligingda kelib turarding, ukam Odilvoyminan bekinmachoq o'ynab yurardilaring.

— Ha, maktab tugagandan keyin hammamiz tirikchilik tashvishi bilan bo'lib ketdik, — dedi Mehmonali.

— Xo'sh, xizmat, uka?..

— Aka, — deya shoshilmay gap boshladi Mehmonali. — Bilasiz, ancha yildan beri tirnoqqa zormiz. Shunga…

— Bilaman, — uning so'zini bo'ldi Obid muallim. — Ha, endi Xudoning ishi-da. Hali yoshsizlar, berib qolar. Siqilavermagin-da!..

— Umr o'tib ketyapti-da!.. Nima qilay?..

— Menga qara, do'xtirlarga ko'rindilaringmi kelinminan?

— Ko'ringanmiz, — xo'rsinib qo'ydi Mehmonali. — Ayb menda emish.

— Qo'y-e, senday sherkelbat yigitning bunaqa bo'lishi… Do'xtirlar Xudomidi… Bo'lmagan gap.

— Shunga… Sizdan bir maslahat so'ray deb kelgandim, domla!..

— Nima maslahat?.. So'rayver!.. Qo'limdan kelsa jon deb yordam beraman.

— Bir tanishimning aytishicha, shaharda bir ayol bor ekan. U katta pul evaziga menga o'xshab befarzand erkaklarga yordam berarkan. Qisqasi, o'sha erkak bilan yotib unga farzand hadya qilarkan. Shu bilan ora ochiq bo'larkan. Shunga…

Muallim do'ppisini olib bir chetga qo'ydi-da, boshini sarak-sarak qildi.

— Buni bekor o'ylabsan, — dedi u. — Shaharlik ayollar tulkiday ayyor. Xudo ko'rsatmasin,elkangga osilib olsa, nima qilasan?.. Yo tuhmat qilib qolsa-chi?.. To'xta, buni senga kim aytdi?..

Mehmonali shoshib qoldi. Sal bo'lmasa, rostini aytib qo'yay dedi. Xayriyatki, vaqtida tilini tiydi.

— Uni siz tanimaysiz. Ikki qishloq naridagi bir oshnam.

— Xotining-chi?.. U rozi bo'lmasa… Yo yashirincha ish tutmoqchimisan?..

— Yo'g'-e, unday emas…

— U holda yana yaxshilab o'ylab ko'r. Bu juda qaltis ish. Agar hujjatlashtirib, guvohlarni aralashtirib ish tutmasang, rasvo bo'lib qolish ham hech gap emas…

— Mayli, aka, — dedi Mehmonali ketishga chog'lanib. — Yaxshi maslahat berdingiz. Albatta, o'ylab ko'rish kerak. Biroq… Shunday ayollar borligini siz ham eshitganmisiz?

— Eshitganman. Ba'zi erkaklar oilasi bilan kelishib shunday qilishadi. Biroq bu narsa ko'proq ayollar orasida bo'ladi. Chunki erining bepushtligini aniq bilishgandan keyin, mabodo uni yaxshi ko'rishsa, ajralishga ko'zlari qiymasa, eridan bekitiqcha birovga pul to'lab, undan homilador bo'lib olishadi. Ko'ribsanki, to'qqiz oy deganda o'sha er do'ppisini osmonga otib olamga jar sola boshlaydi… Eh, bu narsaning savob tarafiyam bordir balki, kim biladi. Biroq gunohi baribir og'ir. Zino-da, qip-qizil!..

Muallimning bu gaplarini Mehmonali juda yaxshi eslab qoldi. Demak, boshqalar ham shunday qilarkan. Gunohi-chi?..

Mehmonali gunohni o'ylashga botinolmadi. Gunohni o'ylasa, bir umr farzand ko'rmay o'tib ketadigandek vahimaga tushdi…



* * *

Mehmonali qishloqqa kirib borarkan ko'cha boshidagi guvala devor ortidan chaqaloqning yig'isi qulog'iga chalinib taqqa to'xtadi.

— Ie, — deya bo'ynini cho'zib pastqam devordan hovliga mo'raladi. — Qo'chqor farzandli bo'ldimi deyman? Obbo xumpar-ey!.. Obbo pismiq-ey!..

Ayvonda sinfdoshi Qo'chqorning zavjasi qaynonasi bilan chaqaloqni beshikka solayotgandi.

— Ana, Xudo shu qora mo'ndigayam tirnoq beribdi, — dedi ovoz chiqarib Mehmonali. — Menga bo'lsa… Yo'q, boraman o'sha shahariga! Tavakkal qilaman. Nima bo'lsa bo'lar, peshonamdan ko'rdim. Men ham bolajonimning hovlini boshiga ko'tarib yig'lashini istayman. Unielkamga mindirvolib qishloq aylanishni xohlayman… Axir, bitta men emas ekanman-ku!.. Muallim aytdi-ku!..

Mehmonali jahd bilan ortga burildi-da, uyi tomon yo'l soldi.

— Ha, hoziroq jo'nayman! Paysalga solib o'tirmayman!..



* * *

Hovlida Mastura ko'rinmadi. Mehmonali xonalarga bir-bir mo'ralab chiqdi. Xotini yo'q.

Hayron bo'lib endi ko'cha tarafga yurgandi, qo'shnisi Sheralining o'n ikki yashar nevarasi hovliqib kirib keldi.

— Mehmon aka, kennoyimni kasalxonaga olib ketishdi! — dedi qizaloq harsillab.

— Nima?.. Qachon? Nimaga olib ketishadi?

— Mazasi bo'may qopti!.. Hammayoqqa qusib tashlabdi. Keyin… Hushidan ketib yiqilibdi!..

— Sen o'zing ko'rdingmi olib ketishganini? — ishonqiramay so'radi Mehmonali.

— Yo'q, ayam ko'ribdi…

— Shunaqa degin?..

Mehmonali bir muddat garangsib turgach, jonholatda ko'chaga otildi…



* * *

Hayhotdek palatada Masturadan boshqa hech kim yo'q edi. U tepasida Mehmonali hozir bo'lishi barobar ko'zlarini ochib jilmayib qo'ydi.

— Tuzukmisan? — so'radi Mehmonali karavotning bir chetiga cho'nqayib, xotinining peshonasiga kaftini bosarkan. — Nima bo'ldi o'zi?..

— Birdan boshim aylanib… Qusib yubordim… Keyin nima bo'lganini bilmayman. Ko'zimni ochsam, shuerda yotibman.

— Ko'p siqilganingdan bo'lsa kerak-da! — dedi Mehmonali qovog'ini uyib. — Senga ming marta aytganman…

— Yo'q, — Mastura bazo'r boshini ko'tardi-da, Mehmonalining gapini bo'ldi, — Bu siqilgandan emas.

— Bo'lmasa nimadan?..

— Aytaymi rostini?

— Ayt, nimadan?..

Masturaning ko'zlaridan sizib chiqqan yosh yuziga oqib tushdi.

— Xudoga aytganingiz bor ekan, — dedi u erining ko'ksiga bosh qo'yib. — Men… Homilador bo'lib qolibman.

— Nima?.. Homilador?.. Kim aytdi?..

— Do'xtirlar aytishdi. Do'xtirlar…

Mastura ortiq hech narsa deya olmadi.

Ko'ngli ozdimi, boshini yostiqqa qo'ydi-yu, ko'zlarini yumdi…

Mehmonali esa… Eshitganiga ishongisi kelmasdi.

U dast o'rnidan turdi-da, atayin chiqib vrachlardan “nima gap”ligini surishtirdi. Haqiqatni aniqlab olgach, palataga qaytib xotinini mahkam quchoqlab beixtiyor yig'lab yubordi. Yig'lab turib, nuqul bir gapni takrorlardi:

— Yaxshiyam shaharga bormadim!..

Yaxshiyam senga xiyonat qilib qo'ymadim!..
Категория: Hayotiy hikoyalar | Добавил: MILLIONER (24.12.2017)
Просмотров: 2932 | Теги: Befarzand yigit | Рейтинг: 2.7/3
Всего комментариев: 0