Urologik xastaliklar: davo izlab xorijga borishga hojat yo`q
Shu yilning 30 sentyabr kuni O`zbekiston Milliy matbuot markazida respublika Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan “O`zbekiston urologiyasi: ushbu yo`nalishda belgilangan ustuvor vazifalar va bu borada erishilayotgan natijalar” mavzuidagi navbatdagi matbuot anjumani o`tkazildi.

Unda ta`kidlanganidek, mamlakatimizda el sog`lig`i muhofazasiga e`tibor masalasi ustuvor ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar natijasida eng zamonaviy davolash-tashxis uskunalari bilan jihozlangan shifo maskanlari barpo etilib, tibbiy xizmat sifati tobora takomillashtirib borilmoqda. Ayniqsa, joylarda ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari faoliyati yo`lga qo`yilib, ushbu muassasalar jahon andozalariga mos shart-sharoitlar bilan to`liq ta`minlanganligi bois ko`plab og`ir xastaliklarning oldini olish, shuningdek, kasallikni barvaqt aniqlash va uni o`z vaqtida samarali davolashga erishilayotir.

Masalan, yaqin-yaqingacha “Urologiya yo`nalishida eng murakkab kasalliklarni ham samarali davolay olish imkoniyatiga ega davlatlar qaysi?” degan savol o`rtaga tashlansa, bu borada Germaniya, Italiya va AQSh etakchi sifatida tilga olinardi. Bizga alohida faxr bag`ishlaydigan jihati, bugun ular qatorida O`zbekiston nomi ham haqli ravishda e`tirof etilmoqda. Sababi, ilg`or mamlakatlar tibbiyotida joriy qilingan davolashning deyarli barcha zamonaviy usullari endilikda o`zimizda ham mavjud.

Prezidentimizning sog`liqni saqlash sohasini rivojlantirishga qaratayotgan yuksak e`tibori tufayli mana shunday darajaga ko`tarildik. Xususan, yurtimizda ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari faoliyatining yo`lga qo`yilgani tizimga zamonaviy texnologiyalarni tatbiq qilish, tibbiy xizmat ko`lamini kengaytirish, kadrlar salohiyatini oshirishga mustahkam zamin yaratdi. Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy markazi ham 2003 yilda ana shunday ezgu maqsadlar yo`lida tashkil etilgan yirik davolash maskanlaridan biridir.

Markazda yiliga 30 ming nafarga yaqin bemorga tibbiy xizmat ko`rsatiladi. Shuningdek, yil davomida bu erda 8,5 mingdan ziyod murakkab va tig`siz jarrohlik amaliyotlari amalga oshiriladi. Xususan, bugun endoskopik jarrohlik usuli buyrakda tosh yig`ilishi bilan bog`liq muammolarni osongina hal etish imkonini berayotganligini alohida qayd etish joiz. Umuman, markaz barcha qulayliklarga ega bo`lgan binoda faoliyat ko`rsatayotganligi tufayli aholiga yuksak sifatli tibbiy xizmat ko`rsatishga muvaffaq bo`linayotir. Bu erda har kuni 150 qabulga mo`ljallangan, tarkibida 10 yo`nalishda xizmat ko`rsatuvchi maxsus tibbiy xonalardan iborat maslahat-diagnostika poliklinikasi, 100 o`ringa mo`ljallangan stasionar bo`limi, shuningdek, dorixona, laboratoriya, rentgen, radiologiya, endoskopiya xonalari mavjud.

Qolaversa, ushbu markaz Toshkent tibbiyot akademiyasi hamda Vrachlar malakasini oshirish institutlarining urologiya kafedralari uchun klinik baza vazifasini o`tagani bois, bu erda tajribali mutaxassislar va talaba yoshlar o`rtasida ustoz-shogirdlik an`analarini qaror toptirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Talabalar uchun maxsus seminar-trening soatlari doimiy tashkil etiladi hamda ularning jarrohlik amaliyotida, tashxis va muolaja jarayonlarida faol ishtirok etishlari uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo qilingan.

Markaz yuksak malakali mutaxassislar tayyorlovchi muassasa hisoblanish bilan birga mamlakatimiz miqyosida ushbu xizmatning istiqbolli rivojlanish strategiyasini ham belgilab beradi.

Davlatimiz rahbarining sog`liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirishga oid farmoniga muvofiq, markazda maxsus orderga ega bo`lgan bemorlarga bepul tibbiy xizmat ko`rsatiladi. Shuningdek, kam ta`minlangan, ijtimoiy ko`makka ehtiyojmand bemorlarga tashxis qo`yish va ularni davolash, tezkor hamda rejalashtirilgan jarrohlik amaliyotlarini qo`llash borasida ham qator imtiyozlar mavjud. Bundan tashqari, markaz mutaxassislarining qabuliga kirgan har bir kishiga sog`lom turmush tarziga amal qilish, salomatlikni o`z vaqtida qadrlash, vaqti-vaqti bilan shifokor ko`rigidan o`tib turish ertangi sog`lom va farovon kelajagimizni ta`minlovchi muhim omillardan biri ekanligi xalqona tilda, hayotiy misollar orqali tushuntirib borilmoqda.

Urologiya markazi faoliyatining asosiy yo`nalishlari buyrak-tosh kasalliklari, siydik yo`li infeksiyasi, prostata bezining xavfsiz giperplaziyasi, erkaklar jinsiy faoliyatining buzilishi, uroonkologik xastaliklar, urologik a`zolar tug`ma nuqsonlarining zamonaviy tashxisi, davolash hamda ularning oldini olishga qaratilgan bo`lib, ushbu jarayonda “Siemens”, “Dantek”, “K. Storz”, “Wolf”, “Hospitex” kabi dunyoga mashhur kompaniyalarning eng so`nggi rusumdagi tibbiy asbob-uskunalari va jihozlaridan keng foydalanilmoqda.

Aytib o`tish joiz, urologiya markazida mamlakatimizdagi tibbiyot muassasalar orasida birinchi bo`lib kompyuter tarmog`i orqali ish yuritish tizimi joriy etilgan. Ya`ni markazdagi 80 dan ortiq kompyuter yagona tarmoqqa birlashtirilgan bo`lib, davolanayotgan bemorlarning “kasallik tarixi” elektron shaklda yuritiladi va elektron arxivda saqlanadi. Bu ham soha faoliyatining samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Imkoniyatlar yildan-yilga yaxshilanayotgani bois xizmat ko`rsatish qamrovi ham kengayib, sifat ko`rsatkichlari ortib borayapti. Masalan, 2003 yilda markazda qariyb 5000 nafar bemorga tibbiy yordam ko`rsatilgan edi. O`tgan yili bu raqam 28 ming nafardan ortib ketdi. 8 mingdan ziyod operasiya amalga oshirilgan bo`lsa, ularning aksariyati bugungi kundagi eng zamonaviy, yuqori texnologik usullar asosida bajarildi.

Urologiya yo`nalishidagi yutuqlarni bir qancha misollar asosida izohlash mumkin. Aytaylik, bundan 15-20 yil oldin bemorning buyragida tosh bor, degan tashxis qo`yilsa, uning hajmidan qat`i nazar, davolash chorasi bitta edi — faqat tig` tekkizish yo`li bilan operasiya qilish. Bugungi kunda rivojlangan davlatlarda bunday xastalikka chalinganlarning 80 foizidan ortig`i beozor, ya`ni endoskopik usul bilan davolanadi. O`tgan yilgi natijalarni tahlil qilsak, markazda buyrak-tosh kasalligiga yo`liqqan bemorlarning 88 foizida kam jarohat etkazish usuli muvaffaqiyatli qo`llanildi. Bu, albatta, jahondagi eng ilg`or mamlakatlarda erishilgan ko`rsatkichlarga teng.

Faqat buyrak-tosh kasalligi emas, ilgarilari prostata bezi adenomasi xastaligi ham yuz foiz tig` orqali operasiya qilinardi. Bugun 70-80 foiz holatda bemorlar dori-darmon yordamida davolanayapti. Ayni paytda xalqaro miqyosda shu chora amalda keng tatbiq etilayotir. Qolgan holatlarda ham operasiya kasalga kam jarohat etkazuvchi endoskopik usulda bajariladi.

Masalan, erkaklarda peshob yo`lining torayishi yoki berkilib qolishi kasalligi. Bu hozir butun dunyoda muammo. Ushbu turdagi xastalikni plastik operasiya usuli bilan davolash amaliyoti mavjud. Bunda lab yoki og`iz bo`shlig`idagi lunjning shilliq pardasi olinib, shu asosda peshob kanali tiklanadi. Mamlakatimiz mutaxassislari rivojlangan Evropa davlatlarida bo`lib, mazkur texnologiyani o`zlashtirib kelishdi. Mana, bir necha yillardan buyon bunday murakkab amaliyotlar yurtimiz davolash muassasalarida muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Shuni ham aytish kerakki, ayni paytda Qoraqalpog`iston Respublikasi hamda barcha viloyatlardagi ko`p tarmoqli tibbiyot markazlarida ham urologiya bo`limlari tashkil etilgan bo`lib, bu yurtimizda ushbu yo`nalishda mukammal tizim yaratilganligidan dalolat beradi.

Shulardan kelib chiqib, to`la ishonch bilan aytishimiz mumkinki, urologik kasallikka chalinganlar uchun endi O`zbekistondan chetga chiqib, davo izlashga umuman hojat yo`q. Bu borada o`zimizda barcha imkoniyatlar etarli.

Aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan izchil islohotlar ko`lami yanada yil sayin kengayib boraveradi. Zotan, bu insonlarga g`amxo`rlik ko`rsatish, ularning manfaati, turmushining obodligi va farovonligini ta`minlash yo`lida xizmat qilish mamlakatimizda doimiy e`tibor markazidagi masala bo`lib qoladi, deganidir.

Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari o`zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi.
Категория: Salomatlik va go'zallik | Добавил: MILLIONER (18.10.2016)
Просмотров: 1791 | Теги: Urologik xastaliklar: davo izlab xo | Рейтинг: 4.2/10
Всего комментариев: 0