Bir xatolik ortidan…
Insonlar taqdirida turli voqealar bo'ladi. Bunga biz ko'p holatda aybdor bo'lamiz. Negaki, aytishlaricha, taqdirning hal bo'lishiga biz bandalarning o'zimiz ham sababchi bo'lamiz. Ona muqaddas va buyuk, deya e'tirof etilgan. Uning farzandlar oldidagi burchi haqida ko'p bora gapiramiz-u lekin farzandlarning onalari oldidagi farzlari haqida o'ylanmaymiz. Ular bergan oq sut va mehrning narxi bebaho bo'lsa-da, uni ortig'i bilan qaytarishni hayolimizga ham keltirmaymiz…
Fotima opaning yolg'iz o'zi ikki qizini katta qildi. Uning uchun hayot sinovlari juda og'ir keldi. Eri boshqa ayolning ortidan yurib, oilasini tashlab ketganicha qaytmadi.
O'zi tikuvchilik kasbi orqasidan ikki qizini katta qildi. Katta qizi Munira shahar kasalxonasida hamshira bo'lib ishlasa, kichik qizi Lola tibbiyot kolleji talabasi edi. Bu ikki qiz Fotima opaning ishonchi hamda umidi bo'lib voyaga yetdi.
Munira o'z ishining ustasi bo'lib, qo'li yengil hamshiralardan edi. Shifoxonada hamma uni hurmat qilardi. Olgan oylik maoshini, albatta, onasining qo'liga tutqazardi. Imkon qadar, ro'zg'orni tebratishga yordam berishga harakat qilardi. Kichik qizi erkaroq, so'nggi vaqtlarda ertalab o'qishga ketganidan, kechki soat 7lar atrofida kelishni odat qilib oldi. Onasi unga nasihat tarzida dedi:
–Qizim, juda kech kelayapsan. Qaerdaligingni bilay, desam — qo'ng'iroqlarimga javob bermaysan. Qo'shimcha darsing bo'lsa, opang ikkimizni ogohlantirib qo'y. Opang ishda ishlasa ham, sendan vaqtliroq keladi. Sen bo'lsa, o'qishga borib, kech kelasan. Menga qara, yana bitta-yarimtasini topmadingmi?
Bu gaplardan Lolaning jahli chiqib ketdi va onasiga:
–Oyi, meni tergashdan boshqa qiladigan ishingiz yo'qmi? Nega opam ikkalangiz menga nasihat qilaverasizlar? Men yosh bola emasman-ku, nima ish qilayotganimni o'zim yaxshi bilaman. O'qishga borib, yana o'qishdan kelayapman. Boshqa narsa so'ramang.
Bu gaplarni eshitgan onaizor uyiga sig'may ketdi. “O'z bolam onasiga aql o'rgatsa-ya. Bu qanday zamon bo'ldi? Ne umidlar bilan o'qitsam-u, o'z qizim “tergamang, yosh bolamasman” deydi. Ona uchun bunday gaplarni eshitish nihoyatda og'irligini Lola qaerdan ham bilsin? Qachon ona bo'lsa, balki ona qadrini bilar” – deya o'zicha ko'z yosh qilib ham oldi.
Munira singlisidagi o'zgarishlarni sezib yurgandi, ammo onasidan o'tib, gapirmagandi. Lolaning onasiga bo'lgan munosabatini ko'rib, chidolmadi.
–Lola, nima ishlar qilib yuribsan, qadamingni o'ylab bos. Bilib qo'y, agar oyimizni yana bir marta hafa qilsang yoki yomon munosabatta bo'lsang, yaxshi ish bo'lmaydi. Kechki soat 7da qanday qo'shimcha darsing bor? Qani, ustozingning telefon raqamini ber-chi, – dedi.
–Opa, siz meni qo'rqitmoqchimisiz, ustozimning telefoni yo'q, – qisqa javob qildi singlisi.
Lola shunday dedi-yu, xonasidan ertalabgacha chiqmadi. Munira va Fotima opa Lolaning bunday o'zgarishining sababini bilolmay hayron edilar.
Muniraga bu orada sovchilar eshik qoqib kelishar, u bo'lsa, onasini ko'zi qiymasdi. Sovchilar Munira bilan birga ishlaydigan Zohid ismli yigitdan edi. Unga qolsa turmushga chiqib ketardi-yu, ammo oxirgi paytlarda singlisidagi o'zgarishlar ko'p kuzatilayotganligidan xavotirda edi.
Navbatdagi dushanba kuni Lola ertalab o'qishga ketganicha kechqurun ham, kechasi ham uyiga qaytmadi. Munira uning barcha dugonalariga telefon qilib surishtirdi, ming afsuski, hammasidan bitta javob oldi: “Bugun Lola o'qishga kelmadi”.
Bu gaplarni eshitgan onaizorning qon bosimi oshib ketdi. Munira, darhol “Tez yordam”ni chaqirdi. Tibbiyot xodimlari Fotima opaga birinchi yordamni ko'rsatib ketishdi. Munira onasini o'ylab, ham bugun uyiga qaytmagan singlisini o'ylab, siqilardi.
Tonggi soat 5 lar chamasida Lola uyga qaytib keldi. O'zicha uyga bilintirmay kirmoqchi bo'lib, tovush chiqarmay kirayotganida opasi uning oldidan chiqdi.
–Sen ahmoq qaerlarda yuribsan, Lola, ichganmisan? Sen hali balog'at yoshiga yetmay turib, nima ishlar bilan shug'ullanib yuribsan. Onamizni o'ylasang bo'lmaydimi? Kiymay kiydirdi, yemay yedirdi, oqibatda, rahmating shumi? Bas, ertadan boshlab o'qishingni yig'ishtirasan, uydan chiqmaysan!
–Voy, opa, men dugonamning tug'ilgan kunida edim. Nima, aybim: dugonalarimdan kam bo'lmayin, deya ularga qo'shilganimmi? O'zi shu siz ham, dugonalarimdan orqadaman. Ularning kiyinishlarini, mashinalarini ko'rsangiz edi. Mana haqiqiy hayot… Menda-chi nima bor? Hech narsa yo'q. Balkim, otam bo'lganida hamma narsam bo'larmidi?!
Lola mast holida Muniraga ko'p narsalarni aytdi. Bu gaplarni alamidan aytdimi yo ichida dardi to'lib ketganidanmi, buni Munira tushunolmadi.
Fotima opa ertalabgacha ancha o'ziga kelib qoldi. Baxtiga Muniradek mehribon va oqila qizi bor. Munira esa, tongdan hamma ishlarni qilib, oyisiga choyini tayyorlab, ishiga otlandi.
Lola soat 9 bo'lib qolgan bo'lsa-da, uxlab yotardi. Qaerdan ham o'rnidan tursin, ertalabki soat 5larda kelgan bo'lsa.
Lola Muniraga: dugonalarim bilan edim, deya yolg'on gapirgandi. Lola qo'shni mahalladagi Savronbek ismli yigit bilan uchrashib yurar, ular birga vaqt o'tkazishardi. Savronbek — boyning o'g'li, u Lolaning soddaligini bilib,shunchaki, undan foydalanib yurganligini Lola tushunib yetmasdi. Erta tongda Savronbek Lolaga telefon qilib, dedi:
– Uydamisan, Lola, tushlik vaqtida uchrashamizmi?
Lola uyqusiraganicha javob berdi:
– Savron aka, faqat bugun emas. Men charchaganman, o'qishim ham qolib ketdi. Opam va oyim uydan chiqarmasliklarini aytishgan. Qanday qilib uydan chiqaman?
Bu gaplarni eshitgan Savronbek Lolaga uyi derazasidan oshib tushishini va o'zi uning uyi orqasida kutishini aytdi. Ular shunga kelishishdi.
Lola uyining derazasidan oshib tusharkan, ikkilandi. Chunki ikki qavatli uyning derazasidan oshib tushishning o'zi bo'lmaydi-da. Uylari oddiy bo'lsa ham, ikki qavatdan iborat edi. Lola bir amallab, arqondan tushayotgan edi, qo'li arqondan sirpanganicha yerga quladi.
Savronbek Lolaning yerga tushib ketganini ko'rgach, qo'rqib ketdi va o'zining mashinasiga o'tirib, qochib qoldi. Lola og'riqdan baqirardi. Oyoqlarini ushlaganicha — opasi va oyisini yordamga chaqirardi. Munira uyda yo'q, ammo oyisi bu ovozni eshitib, uyidan chiqdi. Ovoz uyning orqasidan kelayotganini eshitib, yuragini hovuchlaganicha uyining orqasiga o'tdi. Qarasa, qizi Lola oyoqlarini ushlaganicha yig'lardi.
–Oyijon, meni kechiring. Men sizlarga yolg'on gapirgandim. Men dugonamning tug'ilgan kunida emas edim. Yolg'on gapirganim uchun Xudo menga jazo berdi.
Fotima opa qiziga juda achindi, uning bu yolg'oni o'zini xarob qilishini bilardi.
–Qizim, nega derazadan tushmoqchi eding, qaerga ketayotganding? Men onangman, dushmaning emas. Ichingdan neki dard o'tsa, faqat opang ikkimizga ayt. Qolgan hech kim senga do'st bo'lmaydi, bu dunyoda. Sen shunday ekanligini anglab yetmasang, o'zingga jabr qilgan bo'lasan…
Lola oyisiga uni Savronbek ismli yigit kutayotganini va ular shunga kelishganliklarini aytolmasdi. Qanday qilib aytsin, o'qishiga bormay — o'sha betayin yigit bilan o'ralashib yurganini.
Munira Lolani o'zi ishlaydigan kasalxonaga olib bordi. Singlisining davolanishi uchun Munira barcha sharoitlarni yaratib berdi. Ammo Lolaning bir oyog'i oqsoq bo'lib qolgandi.
* * *
Bu kichik hayotiy hikoyaning xulosasi shu-ki, Lola otasi bo'lmasa ham, onasining va opasining so'zlariga quloq solishi kerak edi. Inson uchun, ayniqsa qiz bola uchun oilasidan-da va onasidan-da yaqinroq sirdoshlar bo'lmaydi. Ona va opa bir umr sirdosh va tayanch bo'ladi, ko'chadagilar esa -vaqtinchalik do'stlik qilishadi.
Lola singari o'z yaqinlarlarimizning ko'ngillariga ozor berib, oqibatda, o'zimiz aziyat chekmaylik. Qadamlarimizni o'ylanib bosaylik, yetti o'lchab, bir kesaylik, azizlarim!
Категория: Hayotiy hikoyalar | Добавил: MILLIONER (24.12.2017)
Просмотров: 1448 | Теги: Bir xatolik ortidan | Рейтинг: 5.0/5
Всего комментариев: 0