Hasad keltirgan kulfat Hikoya
Olam oppoq qorga burkangan, daraxt novdalari bu og'irlikdan sinib ketguday egilgan, faqat uning tanasigina o'z tusini yo'qotmay mag'rur turardi. Shaharning kamqatnov ko'chalarida toptalgan qor muzlab, shishadek yaltirab yotar, yo'lovchilar esa sirpanib yiqilmaslik uchun omonatgina qadam tashlab ketishardi. Mashinalar ham bir maromda yurar, haydovchi salgina shoshqaloqlik qilsa, ulov yo'lning u chetidan-bu chetiga borib kelardi. Fozil mana shu manzarani kuzatib, sovuq yegan qo'llarini kuh-kuhlagancha ishdan qaytardi. Uning dili nima uchundir xufton bo'lgan, buning sababini o'zi ham bilmasdi. Fozilning nazarida, oldinda uni qandaydir dilxiralik kutayotgandek edi. Bugun rosa holdan toygan, ishdagi yugur-yugurlar jonidan o'tib, endi yurishga ham erinardi. Buning ustiga, badanini sovuq olgan, bu ham yetmaganday poyabzali ham nam tortgandi. Fozil ko'cha boshidagi do'konga non olish uchun burildi. Bir qarashda gazeta sotiladigan joyni yodga soladigan do'konda sotuvchi ayoldan boshqa hech kim yo'q. Odatda, do'konda ayolning yolg'iz o'zi o'tirmas, yonida o'g'limi yoki boshqa biror kim, albatta, bo'lardi. Fozil cho'ntagidan pul chiqarib sotuvchiga uzatdi. So'ng salom berib, ikkita non so'radi. Sotuvchi ayol unga non uzatarkan, Fozilga achinib qaraganday bo'ldi yoki Fozilga shunday tuyuldimi, aniq bilolmadi. U sotuvchi ayol bergan nonni olib yo'lida davom etdi. Yigit sirpanib ketmaslik uchun ohista qadam tashlar, imkon qadar tor yo'lakka soya tashlab turgan devor tubidan yurishga urinardi. Fozil endi sotuvchi ayol nega o'ziga bunday qaragani haqida o'ylar va: «Nahot shunchalik ayanchli ahvolda bo'lsam?» derdi o'ziga-o'zi. Uningcha, sotuvchi ayol Fozilning poyabzali bir ahvolda ekanini, undan nam o'tib, oyog'i og'rib kelayotganini bilib qolganday edi. Bu o'ylar boyagi dilxiraligi bilan qo'shilib, Fozilni yanada aftodahol qildi. Bunday vaziyatlarda u o'zini chalg'itar, kayfiyati buzilgan paytlarda orzu qilishni xush ko'rardi. Hozir ham Fozil xayollariga erk berarkan, birdan boy bo'lib qolish, tuganmas xazina topib olish haqida o'yladi. Keyin esa bunday voqealar faqat ertaklardagina bo'lishini eslab, hafsalasi pir bo'ldi. Ayni damda boshqa bir xayol boshiga urildi-yu, chehrasi yorishdi. Fozil mana shu tayg'oq yo'lda kimdir katta miqdorda pul tushirib qo'ygan bo'lsayu, men topib olsam, deb o'ylardi. U endi qancha pul topib olishi va uni qanday sarflashi haqida xayollarga berilib ketdi. Borib-borib bu o'y-xayollari ham chalkashib, yana o'zining hozirgi ahvoli yodiga tushdi. Fozil anchadan buyon ijarada yashar, uyiga bir-ikki oyda borib kelishga zo'rg'a imkon topardi. Goh ishi ko'pligi, ba'zan esa xarajatlari ortib ketgani uchun uyiga istagan payti bora olmasdi. Aslini olganda, Fozil o'zi tug'ilib o'sgan viloyatiga qaytib ketsa ham hech narsa yutqazmas, aksincha, shuncha daromad bilan o'sha yoqda yaxshigina yashashi mumkin edi. Lekin u bu shahardan ketish haqida o'ylab ham ko'rmagandi. Fozil qachon bo'lmasin, shaharda muqim qolib, katta odam bo'lish haqida orzu qilardi. Buning uchun hamma narsaga tayyor edi. Shu bois ham ijaraxona g'alvalariyu, maoshni u oydan-bu oyga yetkazishday qiyinchiliklarga ko'z yumib kelardi. Kichikroq korxonada ishlaydigan Fozilga ayni chog'da mana shu hayot tarzi juda ayanchli bo'lib tuyuldi. Mana, hozir ham ijaraxonasiga kirishi bilan uy egasi Bahora xola ostonada turib Fozilning ishdan horib kelganini xayoliga ham keltirmay, naq ikki soat diydiyo qiladi. Bu orada Fozilga ijara haqini kechiktirmasligini bot-bot takrorlaydi. Bolalaridan, hayotidan noliydi. Fozil esa yoshi bir joyga borib qolgan va katta hovlida yolg'iz yashaydigan kampirning gaplarini ma'qullab undan zo'rg'a qutuladi.

Bir paytlar Fozil «Bahora xolaga ham osonmas. Yolg'iz qizi ham turmush qurib, o'z onasini tashlab ketgan. U pul uchun emas, yolg'izligi bois ijaraga odam qo'yadi», deb o'ylardi. Keyin bilsa, Bahora xola qizining uyiga borib yashashni istamas, qizi eri bilan bu yerga ko'chib kelganida esa ularni sig'dirmagan ekan. Bu haqda eshitgach, Fozil uy egasini yoqtirmay qoldi. Ungacha Bahora xolaning gaplarini jon qulog'i bilan tinglar edi. Hozir ham Bahora xola Fozilning ko'z oldiga keldiyu, yana kayfiyati buzildi. Ayniqsa, unga Bahora xolaning xasisligi yoqmas edi. Xolaning qizi har hafta undan xabar olar, yegulik va boshqa mayda-chuydalarni ortig'i bilan olib kelar, onasi esa oyma-oy oladigan pensiyasidan ham, ijara haqiga oladigan pullardan ham bir tiyin ishlatmasdi. Fozil bir marta Bahora xoladan «Shuncha pulni nima qilasiz?» deb so'rab baloga qoldi. O'shandan buyon pul haqida gap ochmaydigan bo'ldi. Ammo uy egasini zimdan kuzatib yurardi. Hozir Fozil ijaraxonasi tomon kelarkan, birdan Bahora xolaning yig'ib yurgan barcha pullarini qo'lga kiritishni o'yladi. Bisotini o'z bolasiga ham ravo ko'rmaydigan odamga bu yaxshi jazo bo'lardi. Hamma narsaning ham uvoli bor axir. Shuncha pulning hech kimga nafi tegmay, sandiqda sarg'ayib yotishi insofsizlik. Qolaversa, bu kampir shuncha boylikka munosib ham emas. Avvalo, xasisligi uchun va yana yoshini yashab bo'lgan ayolga shuncha pulning nima keragi bor? Fozil shular to'g'risida o'ylagani sari qarori qat'iylashib borardi. U endi Bahora xolaning bisotini o'marish orqali gunohkor bir bandani jazolagan bo'laman, derdi.

Fozil ijaraxonasiga borganida qo'shni xonaga yana yangi ijarachilar kelganini ko'rdi. Bu xonadagi ijarachilar tez-tez almashib turar, uning yagona sababi esa uy egasining nihoyatda qo'rsligi edi. Bu ham yetmaganday, qishning sovuq kunlarida Bahora xola gazni kamroq sarflash ilinjida bo'lar, shu sababli xona sovib ketardi. Gohida tongi soat beshdan uyg'onadigan uy sohibasi uning oromini buzib, pechning olovini o'chirishni tayinlardi. Fozil esa boshida tik turgan Bahora xolaning ko'z o'ngida alohida isitiladigan qo'shni xonaning pechini o'chirib tashlardi. Fozil yangi kelgan ijarachilar yana necha kun turishi haqida o'yladi. Bular ham bu yerda uzoq vaqt qolmasligiga ishonardi. Bu ham bo'lsa uning niyatini amalga oshirishga qo'l keladi. Negaki, doim shu yerda bo'lgan Fozildan kamroq shubhalanishadi. Umrida biror marta o'g'rilik qilmagan va bu haqda o'ylab ham ko'rmagan Fozil ayni chog'da Bahora xolaning pullarini o'marish rejasini tuza boshladi. Uningcha, bu ishni savobga tenglashtirish mumkin edi. Fozilning xonasi uy egasi turadigan joyga yaqin. Shu bois u Bahora xolani kuzatishga imkon topadi. Fozil allamahalgacha xayol surib yotarkan, rejasini yanada puxtalab oldi. U yangi ijarachilar bilan yaxshilab suhbat qilishi, ulardan oldin yashaganlar nega bu yerdan ketganligiyu, bular qancha vaqt turishi haqida bilib olishi kerak edi. Agar bu ijarachilarning ketar kunini aniq bilsa, yana ham yaxshi bo'ladi. Ulardan bir kun avval Fozil uyga ketdim, deb chiqib ketadi. So'ng qanday bo'lmasin ijaraxonasiga kirib oladiyu, imi-jimida Bahora xolani tunab ketadi. Fozil birdan o'z xayollaridan qo'rqib ketdi. Nahotki u o'g'rilikka qo'l ursa? Yo'q, bunday bo'lishi mumkin emas. Lekin gap Bahora xola haqida ketyapti.

Shu chog'da Fozil o'ziga-o'zi «Xudoning ham ishlari qiziq. Masalan, bu kampirga shuncha boylikning nima keragi bor? Shundoq ham qizi boqayotgan bo'lsa. Men va menga o'xshaganlar esa qancha urinmaylik, topganimizdan orttirib biror narsaga erisholmaymiz. Yo'q! Bu nohaqlik. Bu xatoni tuzatish kerak», derdi. Shu haqda tinimsiz o'ylarkan, yuragi hasadga to'lib ketganini bilmasdi. Ko'ngli allaqachon qishning tayg'oq yo'llari kabi muzlab qolganidan ham bexabar edi. U dunyoning eng totli ne'matlariga faqat Fozil va unga o'xshash insonlargina munosib, deb bilardi.

* * *

Fozil katta boylikni qo'lga kiritish uchun puxta reja tuzib, uni erta-indin amalga oshiraman, deb turgan edi. O'sha kuni ishdan qaytsa, Bahora xolaning darvozasi oldida militsiya xodimlari nimanidir surishtirayotgan ekan. Buni ko'rgan Fozil negadir qo'rqdi. Keyin hujjatlarni tekshirish uchun kelgandir, deb to'g'ri borib ularga salom berdi. Ichki ishlar xodimlari esa Fozilni o'zlari bilan olib ketishdi. Ma'lum bo'lishicha, kecha kechqurun ko'cha boshidagi do'konga o'g'ri tushgan ekan. Fozil bu mahallaga begona bo'lgani uchun ham gumondorlar ro'yxatida bor ekan. U tunni panjara ortida o'tkazdi. Kuni bilan Fozilni sovuq olgan, doimgidek oyog'idan zax o'tgan, o'zi ham bir ahvolda edi. Fozil tuni bilan dag'-dag' qaltirab, xona bo'ylab yurib chiqdi. U nuqul so'kinar, tag'in ichidagi sovuq titroqni bosish uchun chora izlar va lekin bu urinishlari behuda ketardi. Uningcha, dunyoda bundan ko'ra og'ir jazo yo'qday edi. Fozil shunday o'ylar girdobida qolarkan, Bahora xolani tunasa va agar buni bilib qolishsa, qancha umri panjara ortida o'tishi haqida xayol qildi. So'ng bu o'ydan dahshatga tushdi. Gunohsiz bo'la turib, bu ahvolga tushishiga hasadgo'yligi sabab ekanligini his qilganday bo'ldi va «Shu yerdan chiqib olsam, uyga ketaman. Katta odam yoki boy bo'lish baxtli bo'lish, degani emas-ku. Men shunchaki yaxshi yashashim kerak», deya qat'iy qaror qildi.
Категория: Hayotiy hikoyalar | Добавил: MILLIONER (23.12.2017)
Просмотров: 1338 | Теги: Hasad keltirgan kulfat | Рейтинг: 1.0/2
Всего комментариев: 0