Dilbandining qadriga yetmagan ona Hikoya
Xonadan jannat hidi anqiyotgandek. Bog'dagi gullar, osmonning musaffoligi odamning dilini yayratib yuboradi. Go'dakning yig'isi sokinlikni buzib, onani o'zi tomon chorlar, mehri daryo qaynona esa nevarasining yig'isi tugul, ingrashini eshitgan zahoti kelinidan oldin chopqillardi.

— Qizim, Umidjondan tez-tez xabar olib turing!

— Xo'p bo'ladi, oyijon.

— Ishlaringizni to'xtatib, bolaga qarang! Ish qochib ketmaydi, bolaga esa hamisha ona mehri kerak.

Xayriniso kulib qo'yadi.

— Oyijonim-ey, biram mehribonsizki. Faqat yuvilmagan kirlar ozgina qoldi. Shundoqqina…

— Xavotir olmang, o'zim yuvib qo'yaman qolganini.

— Ammo, oyijon, doim xijolat qilasiz, — arazlagan bo'ldi Xayriniso.

— Hechqisi yo'q, qizim, boring, bolaga qarang.

* * *

Xayriniso bilganidan qolmadi. Eri u desa bu dedi, qaynonasi bu desa u dedi. Xullas, oyoq tirab turib oldi. O'qishni ham davom ettiraman, akademik ta'tilga hojat yo'q, dedi. Ishdan ham bo'shamayman, dekret kerakmas, dedi. Sho'rlik Umidjonga qiyin bo'ldi. To'g'ri, qaynona ko'pni ko'rgan, hamma narsani biladi, tajribasi katta. Ammo ona, baribir, ona-da! Go'dak ming qilmasin, onasiga talpinadi. Xayriniso uyga ertaroq kelish va'dasini bera-bera qaynonasini ham, erini ham ko'ndirdi. Umidjon tetapoya bo'la boshladi. Qaynonaning esa hamisha ko'zi eshikda. Mana, bugun ham qo'shnisi bilan gaplashib o'tiribdi-yu, xayoli kelinida.

«Xayriniso qachon keladi-yu, qachon bolasini emizadi. Undan tashqari, «Tez qaytaman», degandan keyin tezroq kelsa bo'ladi-ku, norasidani mehrga tashna qilmasdan».

Shu payt Xayriniso horg'in qiyofada kirib keldi.

— Uyingizda bolangiz borligi esingizdami? — dedi jahli chiqib ketgan qaynona qo'shni o'tirganiga ham qaramay. — Namuncha kech qolmasangiz?

— Uzr, oyijon, darslarim ko'payib ketdi, — xijolat bo'ldi kelin.

— Erta qaytaman, degandingiz, ertangiz shumi hali?

— Qo'shimcha darslar qo'yilgan ekan. Bu kunga qo'yilganidan xabarim yo'q edi.

— Tezroq bolani emizing!

— Xo'p, oyijon.

Xayriniso ichkariga kirib ketgach, qo'shnisi uni yupatgan bo'ldi.

— Qo'ying, siqilmang, qo'shni. Hali yosh-da, tushunib qoladi.

— Birinchi navbatda oilasini, farzandini o'ylasin, deyman-da. Ish tugamaydigan narsa. O'qish ham qochib ketmaydi-ku axir.

— Keliningiz ham kelajagini o'ylayotgandir.

— Farzand onaning kelajagi emasmi?

Qo'shni ayol buning savolga javob topolmay, labini tishlab qoldi.

* * *

O'sha kundan e'tiboran Xayriniso qaynonasi erini gij-gijlab qo'ymasligi, eri esa uyda o'tir, deb qolmasligi uchun uyga tezroq qaytish uchun chora izlay boshladi. Buning uddasidan chiqdi ham. Endilikda o'qishidagilar ham, uyidagilari ham unga tez-tez javob berib yuborishar, sababi esa o'ziga eng yaqin olgan ikkita dugonasi — Lobar va Shohsanamgagina ayon edi. Lobar bir kuni chidab turolmay, yorilib ketdi.

— Dugonajon, o'g'lingiz naqadar nimjon-a, shifokorga muntazam ko'rsatyapsizmi?

— Voy, nega unaqa deysiz, Lobar? — gina aralash so'z qotdi Xayriniso. — Xudoga shukr, o'g'lim otdek, pahlavongina. Ko'z tegmasin.

— Axir qachon qarama, darslardan javob so'rab yurasiz-ku, — bo'sh kelmadi Lobar ham. — Bolam kasal, bormasam bo'lmaydi, deb…

— Soddasiz-a, Lobarxon?! Nima kasal deganim bilan chindan kasal bo'lib qolarmidi? Ketishga ruxsat olishim kerak-da. Shunchaki bahona-ku bular!

— Voy, tavba-a!

Bu so'z har ikkala dugonaning tilidan birvarakayiga chiqdi.

Ammo Xayrinisoning aytgani bo'lmadi. O'g'liga ko'z tegdi. Chindan kasal bo'lib qoldi. Oldin xuddi kattalardek o'qtin-o'qtin yo'taladigan, so'ng tinmasdan chinqirab yig'laydigan bo'ldi. Ota-onasi shifokorma-shifokor qatnab sarson bo'lishdi. Hali ikki yoshga to'lmagan bola hushidan ketib qolganida esa ko'zlariga dunyo qorong'u bo'lib ketdi.

* * *

Xayriniso xazonlarni bir-bir bosib, bemajol yurib kelyapti. Kecha o'qishidan akademik ta'til berishgan edi. Bugun ishidan ham vaqtincha ozod etishdi. Ammo, afsuski, endi kech edi. Endi shoshilgani bilan uyda Umidjoni kutib o'tirgani yo'q. Nafaqat uyda, balki bu yorug' dunyoda endi u yo'q. Boyaqish norasidaning umri qisqa ekan.
Категория: Hayotiy hikoyalar | Добавил: MILLIONER (23.12.2017)
Просмотров: 1234 | Теги: Dilbandining qadriga yetmagan ona | Рейтинг: 5.0/1
Всего комментариев: 0