MARDIKORNING O'LIMI… (real voqealarga asoslangan) Hikoya
Tirikchilik qursin. Odamni ne ko'ylarga solmaydi. Bir so'mimni ikki so'm qilaman deb yelib yuguraverarkan odam…

Maxfirat ham qishloqdan «bosh olib» chiqqaniga uch oydan oshdi. Shu yerda birovlarning kirini yuvadi, ovqatini pishiradi. Kerak bo'lganda, uyini supur-sidir qiladi. Pul bersa bo'ldi deydi.

Boshqa nimayam qilsin? Erining Rossiyaga ish qidirib ketganiga ikki yil bo'ldi hamki, bedarak. Na bir xat yozadi, na bir belgi beradi…

Balki… O'sha yoqlarda bironta yaxshirog'ini topib uylanib olgandir?..

Xotin bo'lib unga gap qaytarib ko'rmagandi. Biror marta «pul topmayapsiz» degan ta'nalarini qilmagandi…

Axir, qishloqda ozmidi ularga o'xshab aravasini bazo'r tortayotganlar?..

Ikki birday bolasi bilan hayhotday hovlida yolg'iz qoldirdi-yu, jo'nadi-ketdi…

Ishqilib, sog'-omon kelsin!..

* * *

Maxfirat bozorni yoqalab qorong'i, tor ko'chada o'zi ijarada turadigan uy tomon ketib borar, tez-tez cho'ntagini paypaslab bugun ishlab topgan pullarini ushlab-ushlab qo'yardi…

Ha, bugun yomon ishlamadi. Tag'in ikki kun sabr qilsa, pullari bolalariga yegulik, kiyim-kechakka yetadigan bo'ladi…

— Voy Xudoyim, qo'shni kampirni qiynab yubormadimikan ular?.. Kelganimgayam ikki haftadan oshib qoldi. «Men keksaman, bo'y yetib qolayozgan ikki o'g'lingga qanday qarayman?» demasdan olib qolavergandi bolalarimni Suydi xola. Uf-f… Tezroq o'ta qolsaydi shu ikki kun ham…

Ko'chaning ichkarirog'ida bir tup chinor daraxti bor edi. Shu chinordan keyin yana ikki yuz metrlar yursa, tanish hovliga yetadi…

Shu payt chinor tagida kimdir turganini ko'rdi. Ko'rinishidan erkak kishiga o'xshadi-yu, Maxfirat taqqa to'xtadi.

— Biror bezori bo'lsa-ya?.. — o'zicha shivirladi u yuragini vahm bosib. — Sira odam turmasdi-ku bu yerda!..

Sharpa tez-tez yo'talib qo'yar, ba'zan o'qchigani ham eshitilib qolardi…

«Mastga o'xshaydi. — o'yladi Maxfirat. — E, nima bo'lsa bo'lar. Yerga qaragancha indamay o'tib ketaveraman…»

Shularni o'ylab qadamini tezlatdi…

Aksiga olgandek, erkak u yaqin kelib qolganda shartta daraxt ostidan ko'cha o'rtasiga chiqdi-da, ikki oyog'ini kergancha Maxfiratga tikilib turaverdi…

«Barzangiligini, — ko'nglidan o'tkazdi Maxfirat tizzalari qo'rquvdan titrab. — Yo'limni to'svolsa-ya! Pullarimni olib qo'ysa-ya?..»

Kutganidek, endigina erkakni chetlab o'tmoqchi bo'lgandi, yo'liga ko'ndalang bo'ldi.

— Ha, jonidan, meni tashlab qaerga ketmoqchisan?

— S-siz… Men sizni tanimayman! — qo'rqa-pisa javob qildi Maxfirat. — Qoching, yo'limni to'smang!..

Erkak shirakayf ko'zlarini qisgancha Maxfiratning ozg'ingina bilaklaridan ushlamoqchi bo'ldi. Ammo ayol shu zahotiyoq o'zini olib qochdi.

— Nima qilmoqchisiz? Uyalmaysizmi?..

— Vey, qishloqdan kelib ja ovozingga erk beraverma! — endi do'qlashga o'tdi erkak. — Sekinroq gapir!.. Nima, o'lib qolasanmi bir ushlatsang?..

Maxfirat erkakning kiyim-boshlariga razm solib ko'rib bildiki, bu odam piyonista. Bo'sh kelsa, hech narsadan qaytmaydi.

— Agar hozir yo'ldan qochmasang, baqiraman! — dedi senlab u. — Menminan hazillashmagin!.. Men sen o'ylagan ayolmasman. Qoch!..

Erkak o'g'rincha orqa-oldiga qarab oldi-da, yaqin orada hech kim yo'qligiga amin bo'lgach, kutilmagan harakat bilan Maxfiratning iyagidan tutdi.

— Qani, baqir!.. Nima deb baqirasan?.. O'zing shaharma-shahar daydib yurgan bir daydi bo'lsang, yana baqiradigan chamang bormi?..

— O'shanda ko'rasan!..

— Bo'pti, ko'raveramiz. Hozir esa…

Erkak uni dast ko'tardi-da…

Maxfirat bu ko'chalarni baribir bilmasdi-da!.. Sal narida yana bir oraliq ko'cha bor ekan.

Erkak uni ko'targancha o'sha ko'chaga olib kirib ketdi.

— Qo'yvor, maraz! — tipirchilab bosqinchining qo'lidan chiqishga urinar, ammo kuchi yetmasdi…

* * *

Oradan yarim soatcha vaqt o'tib nomusi toptalgan Maxfirat qon yig'lagancha katta ko'cha tomon yurib borardi.

Shahari qurib ketsin ekan. Qancha baqirib yig'lamasin, biror kimsa chiqmadi…

U to'g'ri uchastka noziri kabinetini topib bordi. Ichkarida ikki militsioner gaplashib o'tirishgan ekan.

Kirdi-yu, yig'lab yubordi.

— Ha, singlim, sizga nima bo'ldi? Mazangiz qochdimi?

Militsionerlar baravariga o'rinlaridan turib Maxfiratni kursiga o'tqazishdi. Biri stakanga suv olib qo'liga tutdi.

— Mana buni ichib oling-chi!.. Yaxshi, qani, endi gapiring, nima bo'ldi?!.

— Bittasi mening… Meni zo'rladi… — arang so'zlardi Maxfirat. — Rasvo bo'ldim men!..

— Kim edi o'zi u? Taniysizmi?..

— Tanimayman. Birinchi marta ko'rib turishim. Barvasta erkak…

— Qaysi joy ekani esingizdami hech bo'lmasa?

— H-ha.

— Yuring, ko'rsatasiz!..

Maxfirat ikki militsioner hamrohligida xuddi o'sha ko'chaga kelib chinor ostida to'xtadi.

— Mana shu daraxt panasida turgandi. Mast edi…

— E, bo'ldi. — dedi militsionerlardan biri sherigiga ma'noli boqib. — Bu Samin piyon. Voy iflos-ey, yaqinda turmadan chiquvdi o'zi… Siz… Yig'lamang, singlim! Hoziroq oyog'ini yerga tekkizmay kabinetga olib boramiz. Siz sherigimminan borib turavering!.. Hozir…

* * *

— E, kamandir, bu nimasi?.. Qanaqa ayol?.. Qiziqchimisizlar?.. Men tushda uxlaganimcha hozir uyg'onib turgandim…

Maxfirat tashqarida o'ziga tanish tovushni eshitdi-yu, o'pkasi to'lib teskari qaradi. Qarshisida nimalarnidir yoza boshlagan militsioner yig'layotganini ko'rib qolishidan negadir cho'chidi…

Bu orada Samin deganlari — o'sha bosqinchi erkak militsiya xodimi ta'qibi ostida kabinetga kirib keldi. Kirdi-yu, ko'zi Maxfiratga tushib… Birdan rangi o'zgardi…

Hamon javrash bilan band edi. Tili go'yoki tanglayiga yopishdi.

— Mana bu ayolni taniysanmi? — so'radi militsioner unga tik boqib.

— Bunimi?.. Y-yo'-o'q…

— Siz-chi opa? Tanidingizmi?

Maxfirat ohista bosh irg'adi.

— Ha, o'sha.

— Iflos!.. Kuching ayollarga yetdimi? Xunasa!.. Buyoqqa yur, hozir senga zo'rlashni ko'rsatib qo'yaman!..

Militsioner piyonistani turta-turta boshqa xonaga olib kirib ketdi. Eshik yopilishi bilan…

Ketma-ket tushayotgan tepki ovozi, bosqinchining yalinib qichqirgani kabinetni tutib ketdi…

— Siz sira qo'rqmang! — deya Maxfiratga yuzlandi Saminni tepkilay-tepkilay qaytib chiqqan militsioner. — Hozir ariza yozib berasiz. Buni shu kechadayoq bo'limga oborib qamab qo'yamiz… Mana, qog'oz, nima bo'lgan bo'lsa, hammasini yozing!..

* * *

Maxfirat baribir juda ezilardi. Umrida begona erkakka hatto qo'lini ushlatmagan ayol shu ko'yga tushib o'tirsa… Qanday sharmandalik?!. Xudo ko'rsatmasin, qishloqdagilardan birontasining qulog'iga yetsa bormi?!.

— Endi bu shaharlarini yelkamning chuquri ko'rsin! — dedi ikkinchi kuni ishdan qaytayotib. — Mana, pulim ham xarajatlarimga yetadigan bo'ldi. Bir amallab tong ottirvolsam, ketaman…

U xayol bilan bo'lib chinorga yaqinlashib qolganini payqamabdi. Qorong'ida kimningdir qisqa-qisqa yo'talganini eshitib to'xtadi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, daraxt tagidan o'sha… Samin piyon chiqib kelardi…

— Voy, yolg'on gapirmay o'lgurlar-ey! — shu tobda Maxfiratning xayoliga militsionerlar keldi. — Qamashmagan ekan-da!..

Xayollarini yig'ishtirib ulgurmay, qo'lida pichoq tutgan Samin Maxfiratga yaqin keldi.

— Ha, jonidan, qalaysan endi? — sovuqqonlik bilan so'z qotdi Samin. — Qamatdim, endi adabini yeydi deb o'ylovdingmi?.. Vey, meni Samin piyon deb qo'yibdi. Suvga oborib sug'ormay qaytarib kelaman o'sha milisalaringniyam…

— M-menga nima?.. — Maxfiratning ovozi qaltirab chiqdi. — Mendan nima istaysan yana?..

— Sendanmi?.. — Samin hiringlab kulib Maxfiratning oyoqlariga ishora qildi. — Anavi yering o'sha kuni ja yoqib qoluvdi. Kel, tag'in bir ko'ray! Juft bo'lsin!..

— Basharang qursin, benomus!.. — shivirladi Maxfirat har ehtimolga qarshi atrofga ko'z yugurtirib. — Sendaqalarni…

— Nima, noz qiladigan bo'p qoldingmi? — Samin kutilmaganda pichoqni Maxfiratning tomog'iga tiradi. — O'sha kuni sen qanjiqni deb hazilakam kaltak yemadim. Endi bo'lsa, qarzingni to'lab qo'yasan. Qani, yur, mabodo qarshilik ko'rsatsang, so'yvoraman! Yur dedim!..

Jon shirin. Pichoqning sovuqdan-sovuq tig'i tomog'iga qadalib turgan Maxfirat itoat etishdan bo'lak iloj topolmadi…

Indamaygina erkak ko'rsatgan tor ko'chaga qarab yurdi…

Oradan nari borsa, o'n besh daqiqalar o'tdi, xolos…

Kiyimlari maydalab tashlangan, a'zoyi badaniga Saminning dag'al qo'llari botib ko'kartirib tashlagan Maxfirat so'nggi so'zini aytishga ham ulgurmadi…

Bir-ikki marotaba xir-xir qildi-yu, yorug' dunyoni tark etdi…

Uning jasadini ertasi kuni tongda o'tkinchilar ko'rib qolib militsiya xodimlariga eltib berishdi…

Samin shu kuni milisalarni aldab birrov uyga kirib chiqishga tilxat yozib bergan ekan… Uyga kelgach esa, kuzatib kelgan militsiya xodimini chalg'itib tomorqa orqali ko'chaga qochgan. Shu ko'chadan Maxfirat o'tishini bilgani uchun panada poylab turgan. Uyoqda esa, militsioner Saminni qidirish bilan ovora bo'lgan…

Qilmish-qidirmish deydilar…

Samin sud hukmiga ko'ra, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Категория: Hayotiy hikoyalar | Добавил: MILLIONER (21.12.2017)
Просмотров: 1359 | Теги: MARDIKORNING O'LIMI… (real voqealar | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0