OTA QARG'IShI… Hikoya
Yo'lchi har kungiday erta tongdayoq do'konga borib ichkilik ichdi. Ichmasa bo'lmasdi. Kecha ko'payib ketibdimi, uyqudan boshi yorilguday bo'lib uyg'ondi. Shunday paytda miyaga hech narsa kirmaydi. Quloq kar, ko'z ko'r bo'ladi. Davosi faqat va faqat yuz gramm…

Eh, yuztadan keyin odam tinchib qayta qolsaykan! Qayoqda? Davomini olmasa yuragi g'ash tortadi. Kayfiyati tushib alamzada bo'lib qoladi…

Mana, endi hammasi joyida bo'ldi. To'g'ri-da, bo'yi naq ikki metr keladigan, devkelbat, ayiqpanja yigitga yarimta ichkilik nima bo'pti?..

— Ha, singiljon, qalaysan endi? — Yo'lchi ichkariga kiriboq choy damlash ilinjida oshxonaga kirib ketayotgan singlisi Marg'ubaning yelkasiga shapatilab qo'ydi. — Ishlar beshmi?.. Nimaga gapirmaysan? Og'zingga tolqon solvolganmisan? Akang gaplashyapti-ya senminan!

— E, boring-e, — zarda bilan akasiga ters o'girildi qiz. — Ertalabdan sasib keldingizmi yana?..

— Nima qipti? Ichsam sening pulingga ichyapmanmi? O' anavi qari otamizdan pul so'radimmi? Aytgancha, boboy ko'rinmaydi? Qani o'zi? Nahotki, bugun nasihat eshitish balosidan qutulgan bo'lsam-a?

— Qutulib bo'psiz. Machitga chiqib ketdi. Hozir kep qoladi.

— Uf-f, shu boboydan sira qutulmas ekanman-da! Hozir keladi-da, tag'in diydiyosini boshlaydi… Otam bo'lmasa-ku…

— Voy, nima qilardingiz? Urarmidingiz?

— Ishing bo'lmasin. Bor, choyingni damla! Menga tuxum qovurib kelishniyam unutma!

— Qanaqa tuxum? — qo'l siltadi Marg'uba. — Uyda hech vaqo qolmadi. Kecha ulfatlaringizminan hamma narsaning boshiga yetib bo'lgansiz.

— Ie, — birdan tutoqib ketdi Yo'lchi. — Yemay og'zimizni tikib o'tirishimiz kerakmi? Bor, erkatoy qizsan-ku, otangga ayt, puldan bersin! Do'kondan ul-bul yegulik olib kelasan.

— Zaril kelgani yo'q. Men maktabimga borishim kerak…

— E, bo'pti, yo'qol ko'zimdan! Hozir boboy kelsin, o'zim olaman…

* * *

— Ha, boboy, namuncha?.. Tushdan keyin kelardingiz…

— Mahmud ota endigina chopon-sallalarini yechib, tahoratini yangilash maqsadida hojatxona tomon yurgandi hamki, ro'parasida burnigacha qizarib ketgan Yo'lchini ko'rib jig'ibiyroni chiqdi.

— Tag'in ertalabdan ichib oldingmi? — javob berish o'rniga o'g'liga jahl bilan tikildi ota. — Qachon odam bo'lasan o'zi? O'shing yigirma beshdan oshdi. Pasporting o'lda-jo'lda bo'lib yotibdi. O'shani to'g'rilamaysanmi?!. Uylanib bola-chaqa qilmaysanmi?!. Ish-pishga joylashib ro'zg'or tebratmaysanmi?!. Qachongacha mening pensiyamga tikilib yashaysan?..

Bu tanbeh Yo'lchining ensasini qotirdi. Rangi bo'zarib oltmish besh yoshli otaning tepasiga keldi.

— Bu nima deganingiz, boboy?.. Pensiyangizga tikilsak, kamayib qolyapsizmi? Otasiz, boqasiz-da!.. Kichkinaligimda «detdom»ga topshirib kun ko'rgandingiz. Endi ko'zga ko'rinib qo'limizdan ish keladigan bo'lganda, shartta detdomdan chiqarib uyingizga opkevoldingiz… Ja haddingizdan oshavermang!..

— Nima qilgan bo'lsam, senlarni deb qilganman. — xirillab qichqirdi Mahmud ota. — Onang sayoq yurib hammamizni xor qilib ketmaganda shu ishlar bo'lmasdi. Seni etagimga osvolib ishga bormasdim-ku, to'g'rimi? Gapirgan gapingni qara…

— E, bas qiling diydiyongizni! Undan ko'ra, puldan cho'zing! Bir joyga o'tirishga borishim kerak.

— Nima qilay borsang? Boraver!..

— Pul-chi? Quruq qo'lminan so'ppayib kirib boramanmi o'rtoqlarimning oldiga?

— Ishla, pul kerak bo'lgan odam ter to'kib ishlaydi.

— Vey, — Yo'lchi azbaroyi alamga to'lganidan qo'llarini musht qildi. — Aql o'rgatish oson, bildingizmi? Qachon xohlasam o'shanda ishlayman. Sizdan so'rab ham o'tirmayman. Pul bering dedim menga!

— Pul yo'q menda. — teskari o'girilib ketmoqchi bo'ldi Mahmud ota. — Pensiyamni tamom qilib bo'lgansan allaqachon.

— Bermaysizmi?

— Bermayman.

— Yaxshi-i… — Yo'lchi har ehtimolga qarshi tashqari eshikni ochib podyezdni ko'zdan kechirib oldi-da, eshikni qaytadan yopib qulfladi va otaga yaqin borib yoqasidan bo'g'a boshladi.

— Bermaysizmi? Ikkinchi marta so'rayapman.

— Bermayman…

— Unda o'zingdan ko'r, qari tulki!.. Meni detdomlarda xor qilib yurib-yurib endi pulingniyam qizg'onasanmi? Mana senga!..

Qari odamga ko'p narsa kerakmidi. O'lg'iz o'g'ilning oxurday mushti zarbidan devorga borib boshi bilan urildi.

— Ih-h!.. Yaramas bola!.. Voy boshi-im!..

— Boshingiz og'ridimi? — uning tepasiga kelib hezlandi Yo'lchi. — Yana bir marta so'rayman. Pul berasizmi-yo'qmi?

Mahmud ota boshini changallagan ko'yi inqillar, faqat eshitilar-eshitilmas shivirlagani quloqqa chalinardi:

— Iloyim topgin-u, qo'ling tutmasin!..

— Nima?.. Qarg'ayapsanmi hali?.. Ana endi boshingni yeyman sen qari tulkining!..

Keyingi tepkilar go'yoki qariyaga ta'sir qilmagandek tuyuldi…

U uchinchi tepkidan so'ng hushidan ketib yiqilgan, og'zi-burnidan favvoradek qon otilib chiqardi…

* * *

— Tss! — negadir maktabdan erta qaytib kelgan singisi Marg'ubaga ko'zi tushdi-yu, Yo'lchi ko'rsatkich barmog'ini lablariga bosdi. — Birov eshitib qolmasin yana!..

Qiz otasining qoniga belanib yotganini ko'rib adoyi tamom bo'layozdi. Baqirishni ham, sukut saqlashni ham bila olmay garangsib qoldi. Faqat tizzalarining betinim titrashi qo'rqib ketganidan dalolat berib turardi.

— Nima qip qo'ydingiz, aka? — hamon titrab-qaqshab Yo'lchiga boqdi Marg'uba. — Otamni…

— Indama dedim!.. M-men… O'ldirib qo'ydim shekilli… Bor, uydan latta-putta topib chiq! Qonni yo'qotish kerak…

— Y-yo'-o'q… — vahima aralash shivirladi Marg'uba. — H-hecham… Siz… Q-qotil…

— O'chir ovozingni dedim!.. Agar birontasi bilib qolsa seniyam o'ldiraman… Bo'l tez, o'likni ichkari uyga yashirishim kerak!..

Marg'uba akasiga qo'rqa-pisa qarab qo'ydi-da, orqasi bilan yurib xonasiga kirdi. Kirdi-yu, eshikni ichkaridan qulflab oldi.

— Och, maraz eshikni! — yo'lakdan turib baqirardi Yo'lchi. — Ocholmaydi deb o'ylayapsanmi? Buzib kirmasimdan och!..

— Ochmayman!.. Agar buzadigan bo'lsangiz, o'zimni beshinchi qavatdan pastga tashlayman. Meniyam tovonimga qolasiz!..

— Tovoningga tupurdim hammangni!.. Och!..

Yo'lchi shu ko'yi yarim soatcha turib qoldi. Marg'uba eshikni ochmadi. Endigina tepishga chog'lanib oyoq ko'targan ediki, tashqari eshik keskin taqillay boshladi…

* * *

Yo'lchi jonholatda eshikka yaqin borib teshikchadan mo'raladi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, uchastka inspektori turardi.

«Obbo itlar-ey! — ko'nglidan o'tkazdi u. — Qo'shnilar sotgan. Ifloslar!.. Ochmayman…»

Yo'lchi oyoq uchida astagina orqaga tislanib Mahmud otaning tepasiga keldi. U qo'rquvdanmi, allaqachon kayfi tarqab hushyor tortgandi. Otasiga termulib qararkan, endi-endi nimalar qilib qo'yganini anglab yeta boshladi. Yuragi orqaga tortib tizzalarida titroq turdi.

— Eh, nima qilib qo'ydim? — shivirladi ichida. — O'z otamni o'ldirib qo'ydim-ku!.. Endi nima bo'ladi? Qamashadi… Qamalaman… Xudoyim, nega buncha ko'p ichdim?.. Nega oxirini o'ylamadim…

Eshik esa, hamon taqillashda davom etardi.

— Bo'ldi, — dedi o'ziga o'zi Yo'lchi. — Peshonamdagini ko'raman. Baribir tutvolishadi bular. Undan ko'ra vaqt borida bo'ynimga olganim ma'qul. Ajabmas aybim yengillashsa…

U chopib borib eshik zulfinini sug'urdi. Ochgani zahoti uchastka inspektori Samin aka Yo'lchining yoqasidan olib ichkariga sudrab kirdi.

— Xo'sh, otani o'ldirib qo'yib endi berkinmoqchimiding, yigit? — hamon yoqasini qo'yib yubormay so'radi u Mahmud otaning tepasiga yaqin kelib. — Voy maraz-ey, o'z otangni shunchalik kaltakladingmi? Qari odamni-ya? Nima uchun? Senga nima yomonlik qildi u?..

— Meni kechiring, aka! — beixtiyor yig'lab yalina boshladi Yo'lchi. — Bilmay qoldim. Mastlikda bilmay…

— Mana senga ichish!.. — kutilmaganda Yo'lchini tarsakilab yubordi Samin aka. — Ichishni ko'rsatib qo'yaman senga!..

Bu orada militsionerning tovushini eshitgan Marg'uba ham ichkari xonadan chiqib keldi.

— Xo'sh, qizim, siz ham bormidingiz manavi otangizni urganda? — undan so'radi inspektor. — Ogohlantirib qo'yay, akangizga achinibmi, yolg'on ko'rsatma bersangiz, o'zingizga yomon bo'ladi.

— Men yo'g'idim uyda. — javob qildi Marg'uba yig'lamsirab. — Maktabga ketuvdim. Darslar bo'lmagandan keyin vaqtliroq uyga kelsam…

Qiz uyog'ini ayta olmadi. Yig'lab yubordi.

— Mayli, keyin aytib berasiz… Yig'lamang, hali zamon «Tez yordam»chilar kep qolishadi. Otangizni tekshirib ko'rishadi…

Ha, Samin aka aytganidek, o'n daqiqalardan so'ng tuman tezkor guruhi a'zolari vrachlar hamrohligida ichkariga kirib kelishdi. Yo'lchining qo'liga kishan solib shu ondayoq bo'limga olib ketishdi. Mahmud otani esa… Yo'q, qariya o'lmagandi. Uchastka inspektori buni sezgan bo'lsa-da, atayin Yo'lchiga aytmagandi. Bir ich-etini yesin degandi…

* * *

Keyingi ishlar xuddi detektiv kinolardagi kabi me'yorida davom etdi. Mahmud otaning miyasi chayqalgan ekan. O'n besh kun deganda o'ziga kelib surishtirish uchun palataga kirib kelgan tergovchini bemalol kutib oldi.

— Xo'sh, ota, yaxshimisiz endi? — kulib so'radi tergovchi. — Mana, shunday mehribon qizingiz bor ekan. Xudo xohlasa, ko'rmaganday bo'p ketasiz hali.

— Ajabmas, bolam. — dedi qariya bir burchakda qimtinibgina o'tirgan Marg'ubaga mehr bilan tikilib. — Yaxshiyam shu qizimni xudo beribdi. Bo'lmasa…

— O'g'lingiz-chi?…

— Qo'ying, bolam, o'shaning nomini tilga olmang! Nima qilayki, o'sha paytlarda bolalar uyiga berib katta xato qilibman. O'sha yerning tarbiyasini olib qo'yib… Qariganimda shunday kunlarni boshimga solishi yetti uxlab tushimga kirmagan…

— Xafa bo'lmang, u qilmishiga yarasha jazosini oladi… Faqat…

Mahmud ota yana tergovchini gapirishga qo'ymadi…

— Men uni qarg'amayman. Juvonmarg bo'lsin demayman. Nima bo'lgandayam, bolam. Faqat… Bir umr barakasiz o'tadigan bo'ldi-da!.. Eh, bola-ya, nega urdi?.. Men qarg'amaganimminan, baribir dilim qurg'ur og'rib qo'ydi-da!..

Yo'lchi uzoq muddatga qamalib ketdi…

Yo'q, bunisi asosiysi emas. Chunki o'sha voqeaga ham mana, o'n besh yildan oshdi. Yigit allaqachon jazoni o'tab o'z uyiga qaytgan. Mahmud ota ham olamdan ko'z yumib ketdi. Marg'uba turmush qurib, ikki farzandning onasi bo'ldi. Hayoti juda-juda shirin…

Yo'lchi esa… Otaning qarg'ishi o'q shekilli. Qaysidir zavodda itday qora terga botib ishlaydi. Bo'sh qolgan kunlari mardikorchilik qilib pul topadi. Ammo… O'lchimaydi. Topgani o'ziga yuqmaydi. Hamon uylanmay, ayol mehriga zor bo'lib yashayapti ekan. Qo'shnilarning aytishiga qaraganda, ichmaydi, hatto sigaret chekmaydi, yaxshi yeb, yaxshi kiymaydi. Lekin har oyda qarzga botib qolaveradi. Pul topishi bilan qarzlarini tarqatadi…

Bu otaning qarg'ishi tufayli emasmikan?

Mulaif: Abduhamidov Mansurbek
Категория: Hayotiy hikoyalar | Добавил: MILLIONER (20.12.2017)
Просмотров: 1318 | Теги: Oata Qarg'ishi | Рейтинг: 5.0/2
Всего комментариев: 0