O'ris kelinning zug'umi Hikoya
Havoning avzoyi endi ayniy boshlagan kunlari qishloqda gap tarqaldi. «Mamarajabning o'g'li Toshkandan Anjelika olib kelyapti ekan. Nevestasi emish… Anjelika degani ism ekan, nevesta degani kelin degani ekan».

Eshitganlar eshitmaganlarga yetkazdi, bilganlar bilmaganlarning qulog'iga shivirladi. Butun qishloqning ko'zi bitta nuqtaga — muyulishga qaratildi. Rahmatli Mamarajabning uyi oldidagi tuproq yo'lga — Anjelika keladigan yo'lga.

Mamarayim Anjelikani traktor botib ketadigan o'ydim-chuqur yo'llardan qop qora «BMW» bilan olib keldi. Qishloqning boshidan tizilib olgan bolakaylarni, do'koncha oldida yig'ilib turgan bir necha qishloqdoshlarini, onda-sonda poya, somon bog'lami ushlab, uylarning tomida, hatto derazasidan mo'ralab turgan ayollarni ko'rib, Mamarayim uyatli bo'ldi. Darvozalariga yetganida qilgan ishi og'irligini his etdi. Mashinadan tusholmay, bir pas o'tirdi…

* * *

Muhammadga o'xshagan ismlar taqiqlangani uchun unga hujjat yozayotgan ayol qisqartirib, Muhammad Rajabni Mamarajab deya yozib bergandi. Mamarajab qishloqning ori edi, nomusi edi. U bor vaqtda qishloq tinch, hamma adolatli, hammayoq osuda edi. Mamarajab qaerda adolatsizlik bo'lsa, o'sha yerda paydo bo'lib, haqiqatni qaror toptiradigan odam edi-da o'ziyam.

U paytlari hammayoqda qayta qurish avj olgan bo'lishiga qaramay, Sholchali qishlog'ining tovoniga ham yetib kelmagandi. Sholchalini qayta qurib bo'lgandi Mamarajab. Kolxozga sadrlik qilib yurganida hukumat bilan mushtga-musht urib, ikki yil «ichkari»da ham bo'lib kelgandi. Qari-yosh, kasal-sog' hamma ayolni, uyida boshqa boquvchisi yo'q yagona erkaklarni ham yoppasiga paxtaga olib chiqishayotganida birda kuyib, birda talqon so'rib yurgan Mamarajab «Bolalar ham maktabdan olinsin, paxtaga chiqishsin»» deb buyruq chiqqanida quyushqondan chiqdi, buyruqni olib kelganning jag'ini sindirdi.

Aytishlaricha, qishloq ahli «Butun sovet davlatini himoya qilgan», deb e'zozlab yuradigan urush qatnashchisi Ibrohim otaning shaxsan o'zi Mamarajabni o'zidan ustun qo'yarkan.

«U fashistlar bilan urushmasa-da, butun qishloqni asraydi, himoya qiladi», degan emish…

Mamarajab faqat bitta bola ko'rdi. Mamarayimning aka-ukasi, opa-singlisi bo'lmadi. Mamarayimni Rizvongulning qo'liga tutqazgancha beva qoldirib ketdi Mamarajab.

Bevalik qiyin ekan-u, ammo kulfat emas ekan. Kulfati keyin keldi. Qaerga borsa, ayol boshi bilan izilladi Rizvongul ena. Qaerga borsa, uning onaligini unutishar, ayolligini eslashardi ayrim erkaklar. Ne-ne qiyinchiliklarga, iztiroblarga dosh bermadi. Yagona suyanchi, tayanchi, ilinjiyu umidi yolg'izgina bolasidan edi. Farzandini deb yashardi, xolos. «Yashashga umid beradi», deb o'y qilardi Rizvongul ena.

Umid bermadi Mamarayim, azob berdi.

Suyanch bo'lmadi Mamarayim, boshga bitgan balo bo'ldi.

Bo'ladigan bola boshidan ma'lum edi-yu, ammo Mamarayim bo'lmaydigan bola ham boshidan ma'lum bo'lishini ko'rsatib qo'ydi. O'ziga xon, o'ziga bek bo'ldi. Odamlarning «Yetim-ku, ko'nglini o'ksitmanglar», degan gapini boshqacha tushundi. Istaganini qilib, istamaganini qildirib katta bo'ldi.

Rizvongul ena uni yakkayu yagona o'g'lim, deb azbaroyi yalab-yulqardi. O'zi bersa, bermaganida tortib olsang, indamasa, kimga yoqmaydi? Ayniqsa, qaysi tomonga buksang, egilib ketaveradigan yoshda-ya?

Hali maktabda o'qib yurgan kezlaridanoq ichishni, chekishni boshladi.

Och qolishganida non bergan, qahratonda muzdek uyida muzlab qolgan paytlarida uyidan joy bergan qo'ni-qo'shnilarni, ota qishlog'ini, ona yurtini tashlab ketdi Mamarayim. To'rt yil mobaynida to'rt marta qo'ng'iroq qilishga yaradi onasiga. Birov Mamarayim desa tanimay turgan odam «Mamarayim intelgent» desa, shartta taniydigan bo'ldi. O'qishini tugatib qayt­gach esa «Qishlog'imizning yagona dovrug'i. Bizning olimimiz, bizning faxrimiz», deya ko'ksini kerib, kutib olgani yo'lda tizilib turgan qishloqdoshlarining yuzini yerga qaratdi. Ikki kun o'tar-o'tmay, qishloq hayotini xushlamasligini, fikri tor doira bilan kelisha olmasligini aytib, poytaxtga jo'nadi. Uchinchi marta qolaverdi Rizvongul ena yig'lab-bo'zlab.

«Yoningda o'laman, ona, yig'lama, qaytib boraman bir kuni, baribir, injima», derdi Mamarayim onasiga har gal telefonda.

Ammo bir kuni odatdagidan boshqacharoq tutdi o'zini. Odatdagidan boshqacharoq bo'ldi gaplari ham.

«Senga kelin olib boryapman, ona, faqat o'ris, to'g'ri tushunasan endi, o'rtamizda lyubov bor, o'rtamizda zapchast bor, shunday bo'lib qoldi-da endi», dedi o'sha kuni.

«O'rtamizda zapchast bor degani», bola bor, degani ekan. Mamarayim bo'lib kelgan joylarda shunaqa atalsa kerak», deb o'yladi umri bino bo'lib qishloqdan ikki chaqirim narini ko'rmagan Rizvongul ena. Kelinni «Lyubovnik» deydigan tomonlarda bola shunaqa deyilsa kerak, deb o'yladi so'zi o'zidan sodda Rizvongul ena. Ammo eldan istihola qildi. Tovushini ichiga yutib, qo'ni-qo'shni, qarindosh-urug'ga hech narsa demadi.

To'y tugul hech qanday udum bo'lmadi. Tashqarida hech qanday o'zgarish bo'lmadi. Na kimdir bu uyga mehmonga aytdi, na kimdir eshik oldini supurdi. Tash­qari o'sha-o'sha edi. Ammo ichkari darz ketdi. «Ishni chala qilding, ovqatni kam qilibsan», deb kelinidan norizo bo'ladigan qaynonalarga havas qiladigan bo'lib qoldi Rizvongul ena.

Etagini quchoqlamaguncha o'tirolmaydigan, o'tirgudek bo'lsa, oyoqlari hu-uv tepagacha ko'rinadigan kalta ko'ylak kiyadigan qizlarni tush ko'radigan bo'lib qoldi qishloq bolalari. Ko'ziga qarayolmay, qaraganida ham «Seni sevaman», deb ayta olmay, hayajondan qaltirab turadigan yigitlar yaxshi ko'rgan qizlariga «Ya tebya lyublyu», deydigan bo'ldi. Tom Kruz, Shohruxxonlarga taqlid qilmay qo'ydi bolalar. Boshqa qahramonlar paydo bo'ldi ular uchun. Sardorlar Stepan, Sarvarlar Sasha, Vositlar Vasya, Alisherlar Alyosha bo'ldi.

Har narsadan izillaydigan, og'ir-og'ir nafas oladigan, oyoq uchida uxlaydigan bo'lib qoldi Rizvongul ena. Elu yurtga qo'shilolmay qoldi. Qo'shilganidayam boshini ko'tarib o'tirolmaydigan bo'lib qoldi davralarda. Uyidagi muhit-ku tubdan o'zgardi. O'zi nimani peshonasiga surtib, qadrlab yurgan bo'lsa, shularni «musor» deya irg'itdi Anjelika. Nuqul eski buyumlar yoki Rizvongul enaga ko'zi tushgan mahal:

— Men bu yerda aqldan ozib qolsam kerak, — derdi.

Har buyum tashlab yuborilganda joni bir uzilardi Rizvongul enaning. Mamarayimdan esa umid yo'q. Nuqul ikkala qo'lini ko'tarib, nariga ketadi. Axiyri yorildi bir kuni:

— Xo'p deya qol, ona. Axir vaqtincha-ku, bir umr emas-ku. Qo'y, bemalol yayrab-yashnab yashasin.

— Vaqtincha deganing nimasi, bolam?

Mamarayim chuqur uh tortib, to'ng'illadi:

— Ketamiz, deyapti. Bu yerlar uning ta'biga o'tirmabdi. Yaqinda shaharga qaytamiz.

— Nega ketasan, bolam? — yig'loqiligi tutdi ro'molini g'ijimlayotgan Rizvongul enaning.

— E-ey, sen hecham xavotir olma, seni ham olib ketamiz.

Bir oy shu alfozda o'tdi. Uy butkul o'zgarib ketdi. Mamarajabning isidan, o'tmishning xayolidan, baxtdan esa qirindi ham qolmadi hovlida. «Tanovordan zo'ri yo'q», deb yuradigan Rizvongul ena har kuni «Ne boysya», «Ne rugay menya, mama», degan ashulalarni eshitib, o'ksinadigan bo'ldi.

Momiqqina paxtaga to'la bolishlarda Anjelika yotdi. Rizvongul enaning yotgani «g'ichir-g'ichir»i uyqu bermaydigan taxta karavot bo'ldi. «San ich»mi, «Sendvich»mi, «Patta»mi, «Pissa»mi bo'ldi Anjelikaning yegani. Rizvongul ena esa uvol qilmaslik uchun qotgan buxankani oxirigacha yeya olmasligi inobatga olinib, tejab-tergalgan yarim kosa mastavaga botirib yeyish bo'ldi.

G'am ado qildi Rizvongul enani, dard ado qildi.

O'g'li, kelini, nabirasi bor uyda o'zini yolg'iz his eta boshladi.

Ko'zlari to'rt bo'lib kutgan o'g'li Mamarayim hamon yo'qdek, hamon kelmagandek edi. Hayhotdek hovlisida o'ziga ajratib berilgan burchakdagi xonaning derazasidan «Qachondir bir kuni bolajonim kirib kelar», deya ko'zlari mahtal bo'lib o'tiradigan bo'ldi. Taqdirini qar­g'aydigan bo'lib qoldi. Bola desa, sarg'ayadigan bo'lib qoldi. Kunduzi og'rinadigan, kechasi to'lg'anadigan bo'ldi.

Sholchalida duv-duv gap-u, ammo u dunyodan bexabar edi.

— Eh, beoqibat bola-ya, — ko'ksiga mushtlardi bir qo'shnisi. — Biz bilmasak ekan, nega kelganini.

— Nega ekan? — ajablanib so'raydi sherigi garchi o'zi ham sezib turgan bo'lishiga qaramay.

— Nega bo'lardi, hovli kerak bo'lsa kerak-da. Sotib yuboradi hali, mana ko'rasizlar…

Hammaning gapi shu qabilida edi. Ko'pning gapi haq deganlari chin ekan. Ular haq bo'lib chiqdi.

Shunday kunlarning birida ayvonchadan baqir-chaqir eshitildi. Kelinining yig'layotganini, o'g'lining o'shqirayotganini bilgach, inqillab-sinqillab derazasidan qaradi ayvon tomonga. Kelini nima deyayotganini tushunmadi. Faqat tomog'iga kaftini qo'yib baqirayotganidan bildiki, u «To'yib ketdim, hiqildog'imga keldi», deyapti. Ana, Mamarayim ham allanimalarni tushuntirish bilan band xotinining tilida. Er-xotin uzoq tortishishdi. Ularning janjaliga chek qo'yishni, urishmasligini istayotgan Rizvongul ena ancha payt chaqirdi bolasini, ammo eshitmadi. Axiyri qo'liga qoshiqni olib, isitkich trubasini taqillata boshladi. Shundagina Mamarayim xuddi hech narsa bo'lmagandek, salom berib, onasining oldiga kirib keldi.

Ona-bola ertalabgacha suhbatlashishdi. Mamarayim shundayam ko'ndira olmadi Rizvongul enani shaharga ko'chib ketishga.

— Otangning chirog'i o'chmasin, bolam, men yoqib o'tiraman, — deya bitta gapdan qolmadi.

Charchab, uxlab qoldi Mamarayim. Ertasiga esa kecha bo'lib o'tgan ona-bola suhbatidan xabar topgan, shekilli, Anjelika kirib keldi. Barmog'ini bigiz qilib, qaynonasiga engashdi.

— Hoy, mamul, sizda gapim bor, diqqat bilan eshiting, — dedi qurmag'ur o'zbek tilida. — Yo shaharga ketamiz, yo…

— Yo nima bolam?! — ko'zlarini javdiratib, burchakka yanayam tiqildi qalt-qalt titrayotgan Rizvongul ena.

— Bolangizni yaxshi ko'rasizmi? Undan ayrilib qolsangiz nima qilasiz?

Rizvongul ena xuddi Azroilni ko'rgandek rang-ro'yi o'chib, dokadek oqardi.

— Xudo a-asrasin, b-bolam, — dedi ovozi qaltirab. — Unaqa demang, Xudo xayringizni bersin.

— Ha, o'lmang, mamul. Endi uniyam o'ylab ko'ring. Bolasidan ayrilsa, nima qiladi? Xullas, gap shu, — Anjelika qaddini ko'tarib, qo'llarini beliga qo'ydi. — Yo shaharga ketasiz biz bilan, yo men bolangizni tashlab ketaman. Uni o'z o'g'lidan judo qilaman…

Yum-yum yig'lab qolaverdi Rizvongul ena. Entikib, bukchayib qolaverdi. Polni mushtlab-mushtlab yig'layverdi. Biroq…

Biroq o'g'li kelganida ko'z yoshlarini ichiga yutib, hatto sal-pal jilmayib, «Men ham sen bilan shaharga ketaman», dedi.

* * *

— Sizni yaxshi-yaxshi do'xtirlarga ko'rsataman, — dedi Mamarayim.

Hatto sanatoriy bilan kelishib ham kelgan ekan. «Faqat mana bularga qo'l qo'ysangiz bo'ldi», dedi onasiga. Qo'l qo'ydimi, xol qo'ydimi, bilmay qoldi Rizvongul ena. Aslida, nimaga qo'l qo'yganini ham bilgani yo'q. Sanatoriyada jami olti kungina davolandi. Shunisigayam xursand bo'lib, hammaga maqtanib yurdi Rizvongul ena. Keyin ta'til tugab, o'g'li yana ishga qaytadigan bo'ldi. Ishi yomon ekan. Ishi yomon emas-u, uslubi yomon ekan. Bir kun uyda bo'lsa, bir hafta safarda, bir hafta uyda bo'lsa, bir oy safarda bo'larkan. Qishloqning qadriga yetdi Rizvongul ena kelinining uyida. Qishloq odamlarining qadriga yetdi Rizvongul ena kelininikida. Har kuni urishadigan, gap qaytarsa, och qoldiradigan, turtkilagani-turtkilagan bo'ldi Anjelika. Rizvongul ena o'g'li kelganida miq etolmasdi. Kelinining tahdidini o'ylardi. Eri yo'qligida turli erkaklar bilan telefonda qiqirlashadigan, yasan-tusan qilib, uchrashuvga chiqib ketadigan bo'ldi Anjelika. Har gal har xil yigitlar mashinada olib ketib, mashinada olib keladigan bo'lishdi Anjelikani. Rizvongul ena o'g'li kelganida miq etolmasdi. Kelinining tahdidini o'ylardi. Agar o'ziga noligudek bo'lsa, «Yana miq etsangiz, urib o'ldiraman»» deb do'q qiladigan bo'ldi Anjelika.

Ammo urmasdan ham o'ldirsa bo'larkan…

Zamonning zayli ekan, oldinlari qirq yilda ko'rinardi qing'ir ishning beti. Bu gal ko'p kuttirmadi. Mahalla-ko'yda bolalab ketgan gap-so'zlarni eshitgan Mamarayim kela solib xotinidan jazmanlari haqida surishtirdi. Yoqasidan oldi. Ammo Anjelika tushmagur ham anoyilardan emas ekan. O'zini rosa himoya qildi. Aytdiki, ular shunchaki do'stlari, ularning madaniyati, ularning mentalitetida do'stlar bilan o'pishib yoki quchoqlashib ko'rishish fojia sanalmas ekan. «Yoqsam shu, bo'lmasa katta ko'cha!» dedi Anjelika.

Mamarayim angrayib qoldi. Ammo sal o'tmay katta xatoni qilganini tushundi. Vaholanki, shahardan uy olish uchun qishloqdagi ota hovlisini sotganini, endi boradigan boshqa joyi yo'qligini, sababi shaharda doimiy ro'yxatdan o'tish uchun hozir o'zlari yashab turgan uyini xotinining nomiga olganini ilkis anglab yetdi. Bir ingrab, bir bo'kirdi-yu, boshini changallagancha devorga suyanib qoldi.

O'sha oqshom ularning gaplarini eshitib yotgan sho'rlik onaizorning kasalmand yuragi, nozik jussasi shuncha dardu, shuncha iztirobni ko'tara olmadi. O'g'lini uzundan-uzun duo qilgancha sahargacha mijja qoqmadi. Saharga qarab ko'zi ilindi-yu, yoshlari qotib qolgan bu ko'zlar boshqa ochilmadi.

Mualif: Abduhamidov Mansurbek
Категория: Hayotiy hikoyalar | Добавил: MILLIONER (20.12.2017)
Просмотров: 1231 | Теги: O'ris kelinning zug'umi | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0