Supermarketda yurak xurujiga uchragan kelinchak Hikoya
Ayolning moviy ko'zlari baxtdan sarmast. Uning etagiga yopishib ketayotgan bolakay atrofga ko'zlarini katta-katta ochgancha hayiqib qaraydi. Qo'lida ko'tarib olgan kenjasi esa faqat kuladi. Bu ular yangi shaharda uchragan ilk katta savdo markazi…

* * *

Munisaning erdan ajrashganiga ikki yildan oshdi. Mana shu ikki yil davomida qancha qiyinchilik ko'rgani ayolning o'zigagina ayon. Yosh bo'lishiga qaramay, yurak xurujiga ham uchradi. Bu xurujdan qo'rqib ketgan akasi uni o'zining yoniga, shaharga chaqirib olgan, ayol ayni damda ish topishga ham ulgurgandi. Munisa kichikroq restoranda oshpaz yordamchisi bo'lib ishlar, bugun u ilk maoshini olib, o'g'illarini sayr qildirmoqchi.

— Ertani kutsang, o'zim olib borardim, — dedi akasi xijolatli ohangda. — Bugun vaqtim tig'izroq edi.

— Hechqisi yo'q, o'zimiz boramiz! — jilmaydi Munisa.

Uning yuzi doim kulib turardi.

— Qara, kenjangning ko'zlari yumilib ketay deyapti, kasalmi?

— Shunchaki uyquga to'ymagan, — Munisa o'g'lini mehr bilan o'pdi, — hozir borib maza qilib o'ynaymiz!

— Oyi, bugun bormaylik, do'stlarim bilan qorbo'ron o'ynamoqchi edik, — injiqlik qildi katta o'g'li.

— Senga nima bo'ldi? Axir bir oydan buyon sayrga olib chiqishimni so'raysan-ku!

— Bugun borgim kelmayapti.

Munisa kenjasiga qaradi. Uning kichik o'g'liga mehri o'zgacha edi. Ehtimol, bunga sabab to'rt yoshda bo'lishiga qaramay, hamon so'zlarni qo'shib gapirolmasligida yoki shunchaki kenjasi ekanligidadir.

— Boramizmi, kichkintoyim?!

Bolakay qiqirlagancha rozilik ishorasi bilan boshini qimirlatdi.

* * *

Ayol turli oziq-ovqatlar, bejirim va hashamatli liboslar, qimmatbaho taqinchoqlarga havas bilan qarardi. Savdo markazidagi ayollarning ko'zlari esa sodda juvon qo'lidagi go'dakda. Bolakayning ko'zlari ham onasiniki kabi moviy. Kipriklari qoshlariga qadar yetgan va zich, lo'ppi yuzi esa nim pushti rangda. Onasining bo'ynidan quchgancha u ham rastalarga tikilar, og'zini ochib olgan edi.

— Bolakay, dudoqlaring buncha shirin!

— Uning ismi nima, yoshi nechida?

— Ko'zlarining kattaligini-chi, rangi ajoyib ekan!

— Buncha oppoq, sutga chayilgandek!

— Bir ko'tarsam maylimi?

— Bir o'pay…

Savdo markazidagi xizmatchilar ayol ulardan nimadir so'rasa javob berishar va ortidan, albatta, bolakayga ta'rif-tahsin o'qishardi.

— Kimni ko'ryapman?! Salom!

Munisa qarshisidan chiqqan dugonasini ko'rib xursand bo'ldi va ochiq chehra bilan ko'rishdi.

— Ey, Xudo! — dedi dugonasi hayratlanib — Bu bolakay kim, o'g'lingmi?

— Ha, o'g'lim!

— U juda yoqimtoy ekan! — dedi dugonasi. — Nihoyatda yoqimtoy!

Ikki dugona gapga berildi. Ular yangi sumkalar qatoriga orziqib tikilishar, soniyalar ichida barcha narsani unutishgandi go'yo. Shu payt onasining qo'lidan sakrab tushgan bolakay nariroqdagi muzqaymoq do'koni tomon yurdi. Muzqaymoq do'koni eshigiga yetgach, yana-da uzoqroqdagi o'yinchoq do'koniga ko'zi tushdi. U shu tariqa uzun oyoqlar oralab, katta savdo markazidagi olomonga singib ketdi…

— Ha, o'sha damlar juda ajoyib edi! Bunday sumkalarni bemalol sotib olaverardik, — miriqib kuldi Munisa va hamon etagidan tutib turgan katta o'g'liga qaradi. — Endi esa bolalar uchun…

U birdan jim bo'lib qoldi. Ko'zlari katta-katta ochilgan, sarosimali edi. Esankiragan nigohi bilan goh u, goh bu burchakka qarar, ko'zlarini tinimsiz pirpiratardi.

— Qani, — dedi u past tovushda. — Qani u?!

— Kim? — dugonasi biroz jim turdi-da, bolakay yo'qligini sezdi. — I-e, hozir shu yerda edi-ku…

— Ukang qani, o'g'lim?! — dedi Munisa yonidagi o'g'liga.

— Ko'tarib turgandingiz-ku.

Ayol titrab ketdi. Atrofga alanglar, ko'ksi borgan sari balandroqqa ko'tarilib tushardi.

— Tinchlan, — dedi dugonasi uni ovutib. — Hozir topamiz o'g'lingni.

Ular ikkiga ajralib bolakayni qidira ketishdi. Katta o'g'lini sudrab, tez-tez qadam tashlayotgan Munisa har beshta odamdan bittasiga «O'g'lim yo'qoldi, ko'rmadingizmi? Uning yoshi to'rtda» der, moviy ko'zlari bilan har tomonga olazarak boqardi.

— Oyi, charchadim.

— Jim, ukangni topaylik!

— Oyi, chanqadim.

— Hozir!

— Oyi, uyga ketaylik.

— Jim bo'l!

— Oyi, qornim ochdi.

— Ovozingni o'chir dedim-ku, senga!

Ayolning chinqirig'i olomonni o'ziga qaratdi va u birdan xomush tortib qoldi. Uning yuragi allaqanday xavfni sezgandek duk-duk urar, o'ziga-o'zi: «U shu atrofda, hozir topiladi», derdi-yu, baribir, tinchlanolmasdi. Yigirma daqiqa tentirab yurgan ayol oxiri savdo markazining ish boshqaruvchisiga murojaat qildi.

— Xavotir olmang, — dedi ish boshqaruvchi bamaylixotir. — Hozir topamiz.

Ayol o'g'li bilan ish boshqaruvchining xonasida o'tirib turishga arang rozi bo'ldi. Charchoqdan uxlab qolgan o'g'li uning tizzasiga bosh qo'yib yotar, ayol esa asabdan tirnoqlarini tishlardi. U ayni damda sillasi qurigan o'g'liga uncha e'tibor bermas, aksincha, xodimlar bilan baravar kenja o'g'lini qidirish istagida edi. Uning yuragi bezovta urdi va o'g'lining boshini kursiga qo'yib, xonadan yugurib chiqdi.

— Kechirasan, ishdan chaqirib qolishgandi. Topildimi?! — dedi unga urilib ketgan dugonasi. U ham yugurgani uchunmi, hansirardi.

— Topilmadimi?

Savolga savol bilan javob qaytargan Munisa hayajonda, aft-angori oqarib ketgandi. U dugonasi qaerga buncha uzoq yo'qolib qolgani haqida o'ylarkan, xayoliga allaqanday gumonlar o'rmaladi.

— Juda uzoq yo'qolib ketding! — dedi u shubha bilan dugonasiga qarab.

— Aytyapman-ku ishdan…

— Nahotki! — dedi Munisa qoshlarini chimirib.

Uning nazdida dugonasi o'g'lini topgan va yashirib qo'ygandek edi.

— Nega menga bunday qarayapsan?

— Shunchaki, — dedi Munisa asabiylashib. — Negadir birdan sening tug'olmasliging esimga tushib ketdi!

— N-nima?! — dugonasi gap nimada ekanini tushunib, boshini sarak-sarak qilgancha shartta burilib ketdi.

Munisa bo'lmag'ur gap bilan dugonasini ranjitganini sezdi. Goh peshonasi, goh yuzini ushladi, qo'lini beliga qo'ydi va dabdurustdan dugonasi ortidan yugurdi-da, uni bag'riga bosgancha yig'lab yubordi.

Oradan ikki soat o'tdi. Ayolning butun tanasi qizib borardi. O'tgan vaqt mobaynida savdo markazining qaralmagan burchagi, tekshirilmagan joyi qolmagan, bolakayga «Juda shirin ekan», deya ta'rif bergan barcha xizmatchilar xomush tortib qolishgandi. Odamlarga mikrofon orqali e'lon qilishdi, xodimlar savdo markazining atrofini ham qidirishdi, hatto militsiyaga xabar berishdi.

— Xavotir olmang, topamiz!

Sho'rlik ona bu so'zlarni deyarli uch soatdan buyon eshitar, uning bu gapdan ko'ngli aynishni boshlagandi. Militsiya xodimlari savdo markazida o'tirishdan naf yo'qligini, bola bu yerda emasligi aniq ekanini ta'kidlashar, ayol esa bu yerdan chiqishni istamasdi. O'g'li qaytib kelganida onasi yo'qligini ko'rib, yig'lashidan qo'rqayotgandi.

— Eringiz qaerda, unga bu haqda aytdingizmi? — so'radi militsiya xodimi.

— Y-yo'q, u bilan, h-haligi… ikki yil oldin ajrashganmiz…

— O'g'lingizni oxirgi marta qaerda ko'rdingiz?

— U qo'limda edi, aniqrog'i, yerda… Yo'q, ko'tarib olgandim. U mening qo'limdan haligacha tushishni istamaydi, — ayolning ko'zlari kattalashib borar, tez-tez, uzuq-yuluq gapirayotgandi.

— Qaysi do'kon yonida?

— Ko'tarib olganim aniq, mana shu do'kon yonida edik! — dedi ayol sumka do'koniga ishora qilib. Va o'sha tomonga qarab yurdi. — U «Shokolad yeyman», dedi chog'i. Lekin men sumkalarni ko'rayotib… Ming la'nat o'sha sumkalarga!

Ayol baqirib yubordi. Asab tolalari o'tgan vaqt mobaynida vulqondek qizigan, ikki chakkasida kuchli og'riqni his etardi u. Mudom «Nega, bu do'konga keldim, nega sumkalarga qaradim?» deya chinqirar, ora-orada «O'g'limni topib bering!» deya nola qilardi. Munisaning katta o'g'li onasining holati sabab qo'rquvga tushganidan burchakda yig'lab turardi. Ayolga tinchlantiruvchi ukol qilishdi. U endi dodlamas, yotgancha tinmay yig'lardi. Chap tarafida sim-sim og'riq boshlangandi uning. «O'g'limni ko'rib olay, sabr qil», derdi Munisa yuragini changallab o'ziga-o'zi. Shu on uning ko'zlari shaffof oyna ortidagi militsiya va savdo markazi xodimiga tushdi. Bir payt savdo markazi xodimasi «Nahotki?!» deya kafti bilan og'zini yopib oldi. Ayol hamon simillayotgan yuragini ushlab xonadan chiqdi va ular tomonga yaqinlashdi. Ular ayolni payqashmasdi.

— Bu qanday sodir bo'libdi?

— Qarovsiz qolgan bola katta yo'lga yugurib chiqqan, keyin esa katta tezlikda kelayotgan mashina uni urib yuborgan.

— O'libdimi?!

— Ha…

— Bu o'sha bola ekani aniqmi?!

— To'rt yoshli bolakay, ko'zlari ham moviy…

— Y-o'-o'q!

Bu chinqiriq Munisaniki edi. Bu uning so'nggi chinqirig'i edi. Yuragini changalladi-yu, polga ag'anadi. Shifokorlar kelganda ayolning yuragi allaqachon to'xtagan, u ikkinchi yurak xurujini ko'tarolmagandi.

O'tgan besh soat nafaqat marhuma uchun, balki butun savdo markazining xodimlari uchun qayg'uli kechdi. Yarim tun. Savdo markazidagi katta soat shu qadar qattiq jarangladiki, natijada uning ostidagi o'yinchoq uychadan moviy ko'zlarini ishqalagancha bolakay chiqdi. U hali ham uyquga to'ymagan, oyoqda bazo'r turar, atrofga yig'lamoqdan beri bo'lib, onasini izlardi. Shu on ishni tugatayotgan xodimlar bir zumga qotib qolishdi. Bolakay yuzidagi izlardan ma'lumki, u qattiq joyga yotib uxlagan. Uning lablari cho'chchaydi, moviy ko'zlarida to'lgan ikki tomchi yosh uzun kipriklariga ilakishdi-yu, o'sha iz tushgan oppoq yuzidan dumaladi. U kattalardek unsiz yig'larkan, ko'zmunchoq qadalgan do'mboq qo'llari bilan ko'z yoshlarini artdi. O'ziga angrayib turgan odamlarga boqarkan, hammaning yuragini larzaga keltiradigan ohangda dedi: «Oyi, oyimga boraman!»

Bu bolakayning ilk so'zlari edi. Onasiga armon bo'lgan so'zlari!
Категория: Hayotiy hikoyalar | Добавил: MILLIONER (20.12.2017)
Просмотров: 1360 | Рейтинг: 5.0/2
Всего комментариев: 0