Sinov Hikoya
Hammasiga Asqar aybdor! Mana shu ovloq darada yolg'iz qolib ketishimga ham, «Tog' yonbag'ridagi qalin archazor tomondan bo'rilar kelib qoladi», deb yurak hovuchlab o'tirishimga ham. Umuman, hamma-hammasi Asqarning aybi bilan bo'ldi. O'zi avval boshdan uning taklifiga rozi bo'lmasligim kerak ekan…

Daraning o'ydim-chuqur yo'lini yaxshi bilaman, ammo hozir asabiylashganim sababli old-ortimga qaramay ketardim. Shuning oqibatida daradagi jilg'aning odatdagi kechuvi narida qolib, duch kelgan joydan mashinani o'tkazmoqchi bo'ldim. Ikki yonga suv sachratgan mashinaning motori zo'riqib guvilladi. So'ng mashinam chuqurga tushib chiqdi. Tag'in suvdan chiqishi bilan bir-ikki siltandi-yu, o'chib qoldi. Ulovga nima bo'lganini tekshirib ko'rish uchun mashinadan tushgan edim, g'ildirakning dam qo'yib yuborgandagi ovozi eshitildi. Ulov ortiga o'tib qarasam, ikkala g'ildirak bir yo'la bo'shab turibdi. Buni ko'rib, bo'larimcha bo'ldim.

So'l tomondagi g'ildirakni yechib oldim. O'rniga zaxiradagi g'ildirakni qo'ydim. So'ng mashinaning o'ng tomonidagi g'ildiragini ham yechdim. Buni na tuzatib bo'ladi, na o'rniga qo'yishga boshqasi bor. Endi nima qilishni bilmay, mashinani yana bir aylanib chiqdim. So'ng rulga o'tirib, kalitni buragan edim, avval og'ir aylangan motor asta-sekin bir maromda ishlay boshladi. Endi nima qilib bo'lsa ham daradan tezroq chiqib ketishim shart edi. Darada yolg'iz qolish o'limni bo'yniga olish bilan barobar. Hali aytganimday, bo'rilar galasi tinimsiz sang'ib yuradi. Bu ham yetmaganday, darada qandaydir sharpalar va arvohlar ham tentirab yurishi haqida turli mish-mishlar tarqalgan. Shunday bo'lgach, bu yerda qolib ketgan kishi qo'rquvdan yuragi yorilib o'lishi ham hech gap emas.

Shunday qilib, g'ildirakni obdan aylantirib qaradim. Boya chuqurga tushib chiqqanida ikkala g'ildirakning ham diskasi qattiq urilib, qiyshayib, dam qo'yib yuborgan ekan. Har ikkala diskani bolg'a bilan urib to'g'irladim. Endi shu ahvolda bir amallab bu yerdan chiqib olish mumkin. Ammo avval g'ildirakka dam solish kerak. Endi birorta o'tkinchi mashinani kutishdan o'zga choram qolmadi. Avvaliga yo'l qarab, mashina yaqinidagi xarsangda uzoq o'tirdim. Foydasi bo'lmadi. Aksincha, vaqt tushlikdan o'tib borar va ochlik o'z kuchini ko'rsatayotgandi. Mashinaga yuklangan tarvuzdan bittasini olib, to'ygunimcha yedim. Keyin mashinaga kirib, uzala tushdim. Ulovning shiftiga qarab yotib, kechagi voqealarni birma-bir ko'z oldimdan o'tkazdim.

Boyadan buyon Asqar deyayotganim sinfdosh jo'ram bo'ladi. Hozir u fermer. U bahorda uyimga yo'qlab keldi va:

— Oshna, uyimning yonida ikki gektar yer bor. Shunga ikkimiz qovun-tarvuz eksak. Yer, traktor, urug' mendan. Og'ir mehnatiga odam yollab ishlatamiz. Boshqa yumushlariga sen qaraysan, — dedi.

Shundoq ham Asqardan yer so'rayman, deb yurgandim. Foyda teng bo'linishini eshitib, darrov rozi bo'ldim. Avvaliga hammasi joyida edi. Ikki marta tarvuz uzib, dala boshida pulladik. Keyin bozorda qovun-tarvuz ko'payib, xaridorlarning ham qadami uzildi. Bu yoqda pishgan tarvuzni bir kun ham ushlab turib bo'lmaydi. Asqar esa o'z tashvishidan ortmaydi. Dehqonchiligimiz nima bo'lyapti, deb so'rashga ham vaqti yo'q. «Hali g'allani o'rish kerak, paxtaga suv ochish, fermadagi mollardan xabar olish lozim», deb biz tomonga kelishni ham unutib yubordi. Bir kuni erta tongda uyiga bordim. Vaziyatni tushuntirdim. U:

— Mening ham sira vaqtim bo'lmayapti. Endi pishgan narsa uvol bo'lmasin, bozorga olib chiqish kerak. Olibsotardan bir-ikki so'm arzon aytsak, xaridor topiladi. Mana, oshna, o'zingda mashina bor. Shunda gaz pulini foydadan chiqarib tashlaymiz. Katta o'g'lim bilan bozorga tushinglar, — dedi.

Darrov rozi bo'ldim. O'sha kuni bozorga olib borish uchun tarvuz uzayotib, paykalga jayra oralaganini bilib qoldim. Paykalning narigi tomoni adirlik — jar. Bunday joyda jayra istagancha topiladi. Eng yomoni, u pishgan tarvuzni topib yeydi. Bitta-ikkitasini yeb, indamay ketsa ham mayli. Polizni bosh-adoq oralab, eng sara tarvuzlarni yorib chiqadi. O'sha joyning o'zida Asqarga qo'ng'iroq qildim va ahvolni tushuntirdim.

— Bugun boricha sotib kelinglar, kechga tomon poliz boshiga chayla quramiz. Bir kishi doim qorovullik qilmasa bo'lmaydi. O'g'lim ikkalang almashib turasizlar, — dedi Asqar.

Xullas, shu yo'sinda ish boshladik. Kunduz kunlari bozorga chiqaman. Baqirib-chaqirib tarvuz sotaman. Asqar goh-gohida «Senga ishonaman», deb o'g'lini chaqirtirib oladi. Ha, desang, bahona tayin: «Oshna, ish ko'p».

Tungi qorovullikda ham shu ahvol. Boz ustiga bozor butunlay kasod bo'ldi. Qaerga bormang, eng arzon narsa tarvuz bo'lib qoldi. Shundan so'ng hozir yo'l olganim tog' tepasidagi qishloqqa olib borib sotish kerak, degan qarorga keldim. Bu qishloqqa mana shu daradan o'tib boriladi. Boshqa tekis yo'l ham bor-u, ammo u ancha uzoq. Shu sabab daradan yuramiz.

* * *

Oldinlari mashina bilan bozorga chiqib, kirakashlik qilardim. Ayniqsa, yakshanba kunlari mol bozorda mashinamga ish ko'payib qolar, topish-tutish ham shunga yarasha edi. Endi bu ishlarga vaqt yetmasdi. Boz ustiga o'tgan-qaytgan yo'lovchi ham, tanish-bilishlar ham: «Fermerga ishga o'tdingizmi?» deb kinoya qiladi. Keyin Asqarning kayfu safo qilib yurishi haqida gap boshlab qoladi. Qaysidir kuni sinfdoshlarimizdan biri kelib:

— Asqar ming qilsa ham tadbirkor yigit, qanday qilib beminnat ishchi yollashni biladi. Bo'lmasa, shuncha ishchisi bor, o'rningga o'shalardan birini tayinlab qo'yishi mumkin-ku, — dedi.

Ochig'i, bu gap jon-jonimdan o'tib ketdi. Ertasiga Asqarning yoniga borib:

— Bu ish bo'lmaydi, — dedim. — Men hamma yumushimni tashlab, tarvuzga bog'lanib qoldim. Shu tarvuzdan keladigan daromadni mashinam bilan ham topardim.

— Buni tushunib turibman. Lekin nailoj. Agar daromadni bo'lishda norozi bo'layotgan bo'lsang, mayli, mashinang uchun haq ajrataman, — dedi jo'ram.

Uning xotirjamlik bilan aytgan gapi yoqmadi.

— Gap pulda emas, — dedim va unga ahvolimni qanday tushuntirishni bilmay, xayolimga kelgan gapni aytib yubordim. — O'zi bekorga «Sherikli oshni it yemas», deyishmagan ekan!

— To'rt-besh so'mni deb, do'stligimiz buzilmasin, it-pit degan gaplarni aralashtirmay gapir!

Asqarning bu so'zi po'pisaday tuyuldi. Keyin jahl ustida nimalar dedim, bilmayman. Lekin polizni naq o'rtasidan bo'lib olganimiz esimda.

Asqarning shu qilg'iligini deb, asabiylashdim. Kechaning o'zidayoq o'zimga tegishli polizdan tarvuz uzib, tongda yo'lga chiqdim. O'sha asabbuzarlikning oqibati, mana, mashinam buzilib, kimsasiz darada yolg'iz qoldim. Shunday xayollar bilan mashinada yotgandim, kimningdir ovozi chiqdi. Bunday qarasam, mashinamning yonida mosh-guruch soqoli ko'ksiga tushgan otaxon turibdi. Issiqda qoraygan yuzi, chayir qo'llari va ust-boshidan tog'lik cho'ponlardan ekanini tezda fahmladim. Ha, faqat cho'ponlargina issiqda ham chopon va telpak kiyib yuradi. Bobo mendan avval salom berdi. Ulovdan tushib ko'rishdim. So'ng otaxon mashinaga razm solib qaradi, tag'in uning yurib kelgan izini ko'zdan kechirib:

— Nega yo'l tanlashda adashdingiz? — dedi.

Rosti, uning savoli yoqmadi. Cho'pon xalqi o'zi shunday bo'ladi. Ko'p vaqti qishloqdan, odamlardan uzoqda o'tadi. So'ng duch kelgan kishidan arzimas narsalarni ham so'rayveradi. Qizig'i, ular ko'p narsani bilmagani uchun emas qandaydir zerikkani, gurung istagani sabab so'roqqa tutadi. Shu sabab gapni qisqa qilgim keldi.

— Bu yerdan birinchi marta o'tishim.

— Baribir, bilishingiz kerak edi. Ana qarang, siz o'tgan joyda suv oqayotani bilinmaydi. Demak, bu yer chuqur. Chuqur joyda har narsa bo'lishi mumkin. Huv narida esa suv yoyilib, toshlarga urilib oqyapti. Sayoz. O'sha yerdan o'tish kerak edi.

Xayolimdan: «Nasihatni pishirib yeymanmi, qo'lingizdan kelsa, yordam bering, bo'lmasa, indamay ketavering», degan gap o'tdi. Ammo miq etmay, turaverdim. Chol gapida davom etdi:

— Quruq tarvuz ichni shilib ketadi. Tag'in meni poylab o'tirgan ekan, deb o'ylamang. Mana, tarvuzning po'chog'i yotibdi. Kelganingizga uncha ko'p bo'lmagan. Shuncha vaqtda bitta tarvuzni yeb bo'libsizmi, demak, non yo'q.

Aytdim-ku, bu cho'pon xalqi har baloni biladi. Anavi kinodagi izquvarlar ham bularning yonida ip esholmaydi. Lekin boya aytganimday, zerikkanidan odamni gapga tutaveradi. Menga esa aynan shu jihati yoqmaydi.

Mana, hozir ham yuzimdan ko'nglimdagi gapni uqib oldi va:

— Ko'p gapirib yubordim. Undan ko'ra, mana, nondan oling, — deb qo'ynidan yarmi yeyilgan zog'ora non chiqardi.

Ikkimiz o'tirib, yana bir tarvuzni o'rtaga oldik. Bu safar men ko'proq non yedim. Bobo esa tarvuzni paqqos tushirdi. Keyin:

— Huv anavi qirdan oshib o'tsak, bizning ovul. Beshkapa deyishadi. Eshitgandirsiz? Kech tushguncha yetib boramiz. Ertalab qaytamiz. Qo'shnimizning traktori bor. Uyda bo'lsa aytamiz, kelib dam urib beradi. Agar pastga enib ketgan bo'lsa, o'sha yerda qolasiz. Kun kech bo'lyapti, — dedi.

— Mashinaning o'zini qoldirib ketolmayman.

— Bu gapingiz ham chin. Daradan o'tib-qaytuvchilarga ishonch yo'q. Bo'lmasa, qorong'u tushmay, o'tin g'amlab olish kerak. Darada jon saqlash uchun o't yoqmasangiz, bo'lmaydi. Mashinadan tushmay o'tirsa ham bo'ladi-yu, baribir, o't yoqqan yaxshi.

Chol javobimni kutib o'tirmay, archazor tomon o'tin axtarib ketdi. U ko'nglimga g'ulu solayotgan archazorni bemalol oralab, o'tin terib chiqdi. «Tog' odami, o'rganib ketgan-da», deb o'yladim. So'ng unga ergashib, men ham o'tin terishga bordim. Biz archalarning qurigan shoxlarini oldik. Mashina yaqinidan joy hozirladik. Ko'p o'tmay, daraga qorong'u tushdi.

Chol olov yoqdi va o'sha paytda: «Bu odam nega yonimdan ketmayapti? Uyiga ketaversa bo'lmaydimi? Boya aytdi, daraning narigi tomonida navbat bilan qo'y boqar ekan. Bugun sherigi bilan almashibdi. Endi uch kun uyida bo'larkan. Nega ketmadi?» degan savol xayolimga keldi-yu, qo'rqib ketdim. Anavi gaplarda aytilgan sharpalardan biri bo'lsa-chi? Ehtimol, yarim tunda asl qiyofasiga kirar?

Olov yorug'ida kemtik tishini ko'rsatib, jilmayib turgan chol ko'zimga baloday ko'rinib ketdi. Endi birgina maqsadim, bu odamning, aslida, kim ekanini aniqlash edi. So'ng shunga qarab ish tutaman. Shu maqsadda chol qanday gap aytsa ham kulishga urinardim. Nihoyat, shunday bahona bilan cholga: «Besh tashlang», deb qo'l uzatdim va barmoqlarini qattiq qisdim. Uning qo'li issiq edi. Buni bilib, ko'nglim joyiga tushdi. Tafti bor ekan, biz kabi oddiy odam, deb o'yladim. Otaxon shuni ham payqadi, shekilli, mahzun tortib gap boshladi.

— Aytishlaricha, ikki do'st tog'da darveshona yashaydigan ulug' zotdan ilm olish uchun yo'lga chiqibdi. Ularning yo'li mana shu daradan o'tgan ekan. O'sha vaqtda dara karvon yo'li bo'lib, uning yarmiga yetmasdan qaroqchilar makon tutishgan ekan. Ular karvonlardan boj olib, qo'yib yuborar, oddiy yo'lovchilar duch kelib qolsa, qul qilib sotishar ekan. Shuning uchun ham yo'lovchilar karvonga qo'shilib o'tarkan. Bundan bexabar do'stlar daradagi qaroqchilarga asir bo'libdi. Ularni dara chetidagi tepalik ustiga chiqarib, qo'l-oyog'ini bog'lashibdi. Ko'p o'tmay, qaroqchilarning xufiyasi yo'lda karvon kelayotganini aytibdi. Yo'lto'sarlar o'lja deb o'ylagan karvon ularga qarshi kurashga chog'langan askarlar ekanini kech bilibdi. Shunday qilib, ikki o'rtada ayovsiz jang boshlanibdi. Hamma o'zi bilan ovora bo'lgan bir vaqtda ikki do'st qochibdi. Ular qir osha ketishar ekan, birinchi do'st allaqanday chuqurga tushib ketibdi. Orqada kelayotgan hamrohi buni ko'rib, o'rani aylanib o'tibdi va do'stining: «Oyog'im lat yedi. Iltimos, meni qutqar!» degan gapiga parvo qilmay, yo'lida davom etibdi. So'ng u chanqab, jilg'a suvidan ichibdi. Ammo jilg'aning sho'r suvi battar chanqatibdi. Shunday qilib, bevafo do'st darada chuchuk suv izlab topolmay, sho'r suvdan icha-icha, ichi kuyib yiqilib, murdasi darada qolibdi. Hamrohi esa o'sha tunni o'rada o'tkazibdi. Ertasi kuni choshgohda bir o'tkinchi cho'pon uni topib olibdi. U ilm olish uchun tog' cho'qqisiga yetib boribdi.

Negadir noqulay ahvolda qoldim. Bu chol hayotimdagi hamma voqeadan xabardor, deb o'yladim. O'sha afsonadagi bevafo do'st menman. Darada qolib ketdim. Asqar duch kelgan odamga pul berib, ishlatishi mumkin, ammo o'zi aytganiday, chin dildan qayg'uradigan kishing bo'lmasa, polizdan baraka ko'tariladi. U aynan shuning uchun meni sheriklikka tanlagan edi. Men esa uni eng og'ir paytda aro yo'lda tashlab ketdim. Xuddi anavi bevafo do'st kabi. Hozir shu o'ylarimni chol uqib turganday, so'z qotdi.

— Molu dunyo daraning sho'r suviga o'xshaydi. U yuz-qo'lni chayib, boshqalarga ozoda ko'rinishimiz uchun yordam berishi mumkin. Lekin hech qachon odamga mador bo'lolmaydi. Bir marta mador bo'ladi, deb ichgan odamni oxir-oqibat xarob qiladi.

* * *

Tuni bilan olov yoqib, gurunglashib o'tirdik. Bildimki, bu chol meni darada yolg'iz tashlab ketmaslik uchun yonimda qolgan. Yetti yot begona odamga shu tariqa ham saboq berdi, ham yordam.

Ko'p o'tmay, quyosh odatdagidek ko'kka ko'tarildi. Ammo bu tongda mutlaqo boshqa odamga aylangan edim.
Категория: Hayotiy hikoyalar | Добавил: MILLIONER (20.12.2017)
Просмотров: 1323 | Теги: Sinov | Рейтинг: 5.0/1
Всего комментариев: 0