Faqirlikning bir tuni Hikoya
1

Ikki hafta deganda dardim yengillashdi…

Oshxonadan tamshanib chiqib, balkon eshigini ochiq qoldirganimni ko'rdim. Achchiq ter hidi anqib yotgan xona ancha salqinlab qolganidan bir burchakda yoyilib yotgan latta-puttalar orasidan eski, rang-quti o'chgan kaltagina kamzulimni kiydim-da, balkon eshigini yopdim. Oshqozon qaerdaligini bilmayman-u, lekin ichim buralib, achishib og'riyapti. Azbaroyi tipirchilaganimdan nima qilayotganligimni o'zim bilsam, o'lay agar.

Xonaning kunchiqar tarafida astari chiqib ketgan omonat divanda yetti bukilib yotdim. Qishloqni, onamni, otamni esladim. Menga shu paytda ular juda baxtli yashayotganday tuyuldi. Qiziq, umuman olganda, o'ttizga kirib ham dunyoda xotirjamlik, baxt degan narsalar borligini o'ylab ko'rmaganman ekanman. Oldimdan chiqqan ishni qilib, ertani o'ylamasdan yashayverganman. Negaki, bunaqa ahvolga tushaman, deb o'ylamagandim. Qiziq…

Uxlab qolarman, degan o'yda uzoq vaqt it qopgan mushukday pitirlab yotdim. Bu paytda uxlab bo'larmidi?! Shu kun ham o'tsa bo'ldi, ertadan ish izlab ko'raman. Ertaga Saxalindan sheriklarim keladi. Shunday katta shaharda bitta ish topilmasa, o'libdi. Shu paytda ko'cha supurishgayam rozi edim.

Poezd o'tyapti… Tun cho'kyapti…

Ortiq yota olmadim. O'rnimdan turdim-da, kamzulimning oldini qattiq tortqilab, o'mganimni yopdim. Balkon eshigini ochganimda birinchi achchiq yel, keyin balkondagi yog'och-taxtalarning yoqimsiz hidi dimog'imga urilib, ko'nglimni behuzur qildi. To'rtinchi qavatda turib, kashtan daraxtlarining barglari deyarli to'kilib bo'lganini ko'rdim. Qish yaqin. Men atrofga nazar tashlab, qo'shni uylardan chiqayotgan quvnoq kulgilaru bola-baqralarning chirqillashini eshitib o'tirdim. Shunda o'zimni kimsasiz sahroda yolg'iz tashlab ketilgandek sezdim. Men har soniyada shu sahro qumlariga tobora chuqur botib boryapman-u, butun bashar shundoqqina yonginamdan oltin to'qachali, yunglari pahmoq, uchqur tuyalarda o'tib boryapti. Ular tinimsiz kulishadi, men bo'lsam, ularning kulgilari zalvoridan yana va yana qum girdobiga cho'kib boraveraman.

Tarqoq o'ylarimni qo'shni xonadan chiqqan qandaydir ayolning yoqimsiz kulgisi tarqatib yubordi. Ayol tinimsiz sharaqlab kular, elas-elas erkak kishining yo'g'on ovozi ham eshitilib turardi. Ular ruscha gaplashishardi. Chamamda erkak kishi qandaydir bir voqeani so'zlamoqda. Aftidan, qiziq voqea bo'lsa kerakki, ayolning beo'xshov kulgisi bot-bot ko'tarilib turardi. Chorak soatlar chamasi balkonda turdim. Bu paytda qo'shni xona balkoni ochilib, undan o'tkir tamaki hidi anqiy boshlagandi.

Kvartalni kesib o'tgan tor ko'cha bo'ylab odamlar odimlardi. Uzoq markaziy ko'chalarni to'ldirib o'tayotgan mashinalar shovqini butun Xabarovskka taralardi. Ko'cha chiroqlari-yu, baland binolardan ko'tarilayotgan shu'ladan osmon yorishib borardi.

Men balkonda ancha chalg'ib qoldim…

2

Men ochman…

Balkonda turaverib, axiyri sovqotdim. Sekin tamaki hidi urib qolgan balkondan xonaga yo'nalganimda, pastdan qulog'imga tanish ovoz eshitildi. Balalaykaning ovozi. Men takror balkon panjarasi bo'yiga kelib, pastdan balalayka chalayotgan kimsani qidira boshladim. Xira tortib qolgan ko'zlarimga kvartal yo'laklarining narigi chetida, kashtan shoxlari orasidan jikkakkina chol ko'rindi. Ha, bu chol kvartalga tanish. U har kuni shu paytda o'zining jonajon o'rnini topib keladi. Nursiz yo'lak chirog'ida cholning tanish chehrasi unchalik aniq ko'rinmasa-da, soqollari o'sgan, tepakal boshiga doim telpak bostirib yurishini, isqirt kiyimlaridan qo'lansa hid tarqab turishini ilgaridan bilaman. Chol balalaykani maroq bilan chertar, sho'x kuydan o'zi ham xirom qilib qo'yardi. Uning uzun va jirkanch soqollari orasidagi lablari suxan bilmasligi, kipriklari orasidagi katta-katta ko'zlari ojizligiga guvoh bo'lganman.

Chol telpagini yechib, oldiga qo'ydi. Ko'cha chiroqlari uning taqir boshiga tushib yaltillab ketdi. Isqirt chakmoniga burkanib olgach maroq bilan qo'lidagi sozini cherta boshladi.

Ana bir kishi uning telpagiga chaqa tashlab o'tdi…

Hatto shu choldek emasligimdan hayratga tushdim. Balki, unga hasad ham qilgandirman.

Bir muddat cholni kuzatib, xonamga kirdim. Shunda bildimki, butun tun bo'yi o'zimni aldab o'tishim kerak. Ko'chaga chiqib, aylanib kelsam, charchab uxlab qolarman.

Eski chakmonim ilgaridek emas. Ancha keng kelib qolibdi. Menga shunday tuyulgandir. Axiyri xonamdan yo'lakka chiqib, pastga tushdim. Shunda men ham g'ala-g'ovur orasida hayotning bir parchasi ekanligimga iqror bo'ldim.

Qora tun cho'kkan jin ko'chaga o'zimni urdim.

3

Shahar sershovqin edi. Xazonlar tizzamni cho'ktirgudek, kashtanlar tanasi chirmashib ketgan sunbullar qorong'uda ko'zimga yovuz maxluq kabi tashlanib turardi. Odam qancha holsiz bo'lsa, shuncha qo'rqoqlashib boraverarkan.

Amallab jin ko'chadan ochiq tosh yo'lakka chiqib, qaergadir maqsadsiz yurib kelganimni bilib qoldim. Men kvartal tashqarisiga chiqib qolgan edim. Tashlandiq joy ekan. Vahimali. Shundoqqina yigirma odimcha narida shuurimni allalab, qop-qora kanal suvi sokin oqmoqda. Ancha vaqt turgan joyimda tik qoldim. Shu payt qaerdadir, xilvatning qay burchidadir mushuklar galasi to'polon ko'tardi. Nazarimda, oyoqlarim ostidan nimadir yugurgilab o'tganday bo'ldi. Hatto qora kanaldan qandaydir maxluq chiqib kelayotgandek tuyuldi. Yuragimni hovuchlab ortga, kvartal tomonga shitob bilan yura boshladim.

Bir payt o'zimni kvartal markazida ko'rdim.

Onda-sonda odamlar o'tib turar, hech biri menga «Odammisan?» deb qarab qo'ymasdi. Men yarim soatcha ko'chada tentirab yurganimni bilaman.

Novvoyxona…

Bu novvoyxona kvartalning kunbotar tarafida, shu yerdan kvartal uylari boshlanib ketadi. Novvoyxona tirqishidan odamlar non olib ketardi. Men novvoyxonaga yaqin bordim. Shundagina o'ta yoqimli non hididan ichimda nimadir uzilib ketgandek bo'ldi. Olis yurtim xayolimdan o'tdi. Tirqishdan novvoyxonadagi yosh-yalang ishchilar, daroz, semiz kishi shundoqqina ko'rinib turardi.

— Non kerakmi?

Qo'rs ovozdan ko'zlarim joyiga keldi. Shundagina tirqishda menga yeb yuborgudek tikilib turgan lorsillagan yuz, qisiq ko'zli novvoyni ko'rib, ortimga tisarildim. Yana sargardonlik boshlandi.

«Bitta non so'raganimda…», «Aqalli shu novvoyxonadan ish topilib qolarmidi…»

O'zimni kvartalni kesib o'tgan o'rta ko'chada ko'rdim. Shunda qaerdadir chaqmoq chaqib, butun kvartal yorishib ketdi. Qaerlargadir aniq yomg'ir yog'a boshladiyov. O'zim ham yomg'ir hidini tuydim.

3

Sillam qurib bitmoqda. Endi sovuq kunlar boshlanadi. Unda nima qilaman? Biror joydan ish topolmasam-a? Nega?! Nega butun borlig'im qurib bitmaguncha parvoyim falak bo'ldi? Axir shunchalik ham bo'ladimi odam?! Umrimning yarmini yashab ko'rgan kunim shu bo'ldimi?!

La'nat bu kunga!

Muhtojlik har qanday odamni o'ylashga majbur qilarkan. O'ylagan odamgina bu hayotda yashab qolishiga amin bo'ldim.

Miyam achishayotganligini sezdim. Ust-boshim ham o'zimga birovnikidek tuyuldi. Shundagina o'zimni balalaykachi chol o'rnida his etdim. Yana qishloq, onam, otam esimga tushdi. Ular endi baxtsizdek tuyuldi menga. O'zimdan nafratlanib ketdim. Ichimda uyg'ongan notanish hisdan ko'zlarimni achishtirib yosh chiqdi-yu, shu o'rnida qotdi.

Hayot oxirladimi?.. Tavba qildim!..

Ko'chada daydib yurganimga ham bir soatdan oshgandi. Men o'zim uchun kashf etilgan yangi hayot yo'llarida hamon tentirab yurardim. Havo tobora soviy boshlagan, daraxt shoxlari shamoldan shaqirlab, kvartaldagi kechki ovozlar ham kamayib qolganligini his etdim.

Qarshimdan bir nechta rus millatiga mansub kishilar o'tib ketdi. O'rta ko'chadan imillab yurib borardim. Shunda men tomonga kelayotgan kishini ko'rdim. U ellik yoshlar atrofidagi erkak edi. Ust-boshi ham ozoda. Bundan tashqari, bu paytda ko'chada hech zog' ko'rinmas, bu esa men uchun ayni muddao edi.

Mana, nihoyat, bu kishi bilan yuzma-yuz keldim.

— Kechirasiz, — dedim rus zabonida uning sal-pal ajin oralagan yuziga umid bilan tikilib, — menga bir-ikki so'm berib tura olmaysizmi?!

Sharmandalikdan boshim aylanib ketdi. Shundagina yomon ish qilganimni sezdim. Qarshimdagi kishi avval menga bosh-oyoq itga qaraganday qarab, so'ng gap qo'shdi.

— Hali yoshga o'xshaysan. Yaxshisi, pul ishlashning boshqa yo'lini top. Mening senga beradigan bir chaqam ham yo'q!

Ko'zimni ochganimda qarshimda, yaxshiyamki, biror kishi yo'q edi. Haligi kishi esa o'rta ko'chadan hech nima bo'lmagandek ketib borardi.

4

Hech bir hisni tuymay qo'ydim… Uch kundan beri ichimga aytarli bir nima kirgani yo'q.

Ko'zim shunchalik xiralashib ketdiki, axiyri boshim ham aylanib, ko'nglim takror behuzur bo'la boshladi. Tirik murdaday qadam tashlardim. Oyoqlarimga kimdir og'ir tosh bog'lab qo'ygandek, qaerga ketarimni bilmayman. Ko'zim jiqqa yosh. Necha yildan beri birinchi bor ko'zlarimdan yosh oqmoqda. Tush ko'rsam-u, meni it quvsa, shunaqa holsiz bo'lib qolaman. Qiziq, tushlarimda meni juda ko'p it quvadi.

Bir payt qaerdaligimni bilmayman-u, quloqlarimga balalaykaning tiniq ovozi eshitila boshladi. Shundagina men manzilimga yetib kelganimni payqadim. Avval kashtan daraxtlarining baquvvat tanalarini, so'ng atrofimdagi ko'p qavatli uylar, nariroqda esa taqirbosh balalaykachi cholning likillab turgan tuxumsimon kallasini ko'rdim. Chol sho'x kuy chalardi.

Men yutinib oldim.

Cholga uzoq tikilib turdim. Havo sovuq, achimsiq yel ham turgandi. Ko'chadan ikkita mast-alast kimsa o'tib ketdi. Axiyri men do'lda qolgan mushukdek chol tomon harakatlandim. Menda boshqa hech qanaqa imkon yo'qligini shu onda aniq his etdim.

Cholning qarib, tishlari to'kilib, ikki lunji ichkariga chuqur kirib ketganligi siyrak soqollari orasidan shundoqqina ko'rinib turardi. Uning qo'llarini qora kir bosgandi. Uzun qoshlari orasida moviy ko'zlari nursiz edi. Men umuman ajablanmadim.

— Tushuning, men ochman…

Balalaykachi cholning shundoqqina tepasiga kelib, uning telpagida mayda tangalar, bir nechta qog'oz pullar borligini ko'rdim. O'zimcha uning telpagiga chaqa tashlagan kishi bo'ldim-da, isqirt telpakka chang soldim. Qo'limga birinchi qog'oz pullar, so'ng sovuq tangalar ilashdi. Madorsiz tanamga so'nggi kuchimni yig'ib, shaxt bilan ilgariladim. Ortimda balalayka ovozi tobora pastlab borardi. Meni, nihoyat, zulmat yutib ketdi. Balalayka ovozi esa eshitilmay qoldi. Shundagina nafas olmayotganim yodimga tushib, chuqur ingrab yubordim…

* * *

Shu kecha qanday xonamga kirganimni bilmayman. Ko'zimni ochganimda xonamning bir burchida eski latta-puttalarga qalashib yotganligimni angladim. Kimdir oyoqlarimdan turtardi. Ko'zimni ochib, tanish chehralarni ko'rdim. Men o'zimni qayta tug'ilgandek his etdim. Demak, barchasi endi boshlanadi. Bir zumda ivirsiq xonamga hayot qaytgandek bo'ldi. Chorak soat deganda balkonga chiqdim. Qalin qor yog'ib, tanish kashtanlar egilib qolgandi. Shunda ko'chaning narigi burchida bir uyum qor do'mpayib qolganligini ko'rdim. Qor uyumidan chiqib turgan balalayka ustida bir mitti qushcha chirt-chirt sayrab turardi…
Категория: Hayotiy hikoyalar | Добавил: MILLIONER (20.12.2017)
Просмотров: 1134 | Теги: Faqirlikning bir tuni | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0