Ro‘zg‘orda asqotadigan tavsiyalar
Uy – mo‘jaz vatan. Ana shu vatan ichi ayollarga topshirilgan. Unda bajariladigan ro‘zg‘or ishlari o‘ziga xos san’at bo‘lib, uni egallagan ayolning qadri oshib, o‘zligini namoyon qiladi. Ro‘zg‘or yuritish bekalarni o‘ylab, chamalab, hisob-kitob bilan, eng asosiysi – yaratish ishtiyoqi bilan ishlashga o‘rgatadigan o‘ziga xos fan hamdir. Quyidagi maslahatu tavsiyalar uy-ro‘zg‘or yumushlaringizda asqotadi, degan umiddamiz:
1 Yog‘larni mis idishlarda saqlamang, sifati buziladi. Yog‘larni, ayniqsa, sariyog‘ va maskayog‘ni qorong‘i yerda saqlash kerak, chunki quyosh nuri ta’sir etsa, unda yog‘ kislotasi hosil bo‘ladi, bu kislota esa inson organizmiga zarar;

2 No‘xat, mosh, loviya kabi dukkakli donlarni issiq suvda ivitib bo‘lmaydi, qotib, pishishi qiyin bo‘ladi. Pishirganda sovuq suvga solib, sekin qaynating. Tuzni yetilib pishgandan so‘nggina soling;

3 Guruch, makaron, vermishel’ kabi mahsulotlarni esa qaynoq suvga solib, tez qaynating. Aks holda, mahsulot idishning ostiga yopishib qoladi;

4 Suyuq ovqatlar shaqirlatib qaynatilsa, xira tortadi. Miltiratib qaynatish lozim;

5 Qattiq go‘shtni sirkalab pishirsangiz, yumshoq tortadi;

6 Muzlagan go‘shtni sovuq suvga solib pishirmang. Negaki, sekin-asta issiq o‘tgan go‘shtda vitaminlar yo‘qolib boradi, ta’mi qolmaydi. Qaynab turgan suvda pishirish lozim;

7 Ko‘k piyoz, ukrop, kashnich va boshqalarni iste’mol qilishdan oldin 5 minut tuzli suvga solib oling. Ulardagi ko‘zga ko‘rinmas hasharotlar o‘ladi;

8 Sho‘r bo‘lib ketgan ovqatga 2-3 ta xom kartoshka solsangiz, sho‘rini o‘ziga tortib oladi;

9 Pichoqni biroz suvlab piyoz to‘g‘rasangiz, ko‘zingiz achishmaydi;

10 Guruchni yuvganda suvga 1-2 osh qoshiq tuz solib yuborsangiz, g‘ubori yaxshi ketadi va bunday guruch suvdan olib qo‘yilganda ham uzoq vaqtgacha uqalanib ketmaydigan bo‘ladi;

11 Ortib qolgan palov, shavla, qovurma kabi taomlar isitib yeyiladigan bo‘lsa, ularga bir bosh piyozni maydalab to‘g‘rab, qo‘shib yuboring. Bu ovqatning ta’mini asl holatiga keltiradi;

12 Sut pishirayotganda idishning chetiga moy surib qo‘ysangiz, sut qaynaganda toshmaydi;

13 Tomat pyuresi – pomidor qiymasining yuzi mog‘orlab qolmasin desangiz, uning yuziga bir oz tuz sepib, paxta moyidan tomizib qo‘ying.
Категория: Pazandalik sirlari | Добавил: MILLIONER (13.02.2017)
Просмотров: 2047 | Теги: asqotadigan, tavsiyalar, Ro‘zg‘orda | Рейтинг: 3.4/21
Всего комментариев: 0