Bayram dasturxoningizga — tortlar resepti

Yangicha «Medovik»

Odatiy shirinlikning noodatiy ta`mi…

Zarur masalliqlar (12 kishilik): xamiriga: 450 gr. un, 100 gr. sariyog`, 1 dona tuxum, 5 osh qoshiq asal, 2 osh qoshiq sut, 1 choy qoshiq iste`mol sodasi; kremiga: 200 ml. sut, 200 gr. sariyog`, 100 gr. shakar, 1 dona tuxum sarig`i, 3 osh qoshiq un; bezak uchun: 100 grammdan shakar va maydalangan yong`oq, olcha yoki qulupnay murabbosi.

Tayyorlanishi: 1. Sariyog`, shakar, asal, tuxum, sut va iste`mol sodasini aralashtirib, suv bug`iga tutib turing. Olovdan olib, un soling-da, xamir qoring. Xamirni 5 bo`lakka bo`lib, yupqa qilib yoying va yog`langan qoliplarga soling. Har birini 180 darajada qizdirilgan gaz pechiga 5 daqiqaga qo`yib oling.

2. Krem tayyorlash uchun sutni un bilan aralashtirib, qaynatib oling. Keyin sovutib, sariyog`, tuxum sarig`i va shakar solib ko`pirtiring.

3. Maydalangan yong`oqni shakar bilan aralashtiring. Qog`oz solingan qolipga terib chiqib, qizdirilgan gaz pechiga 5 daqiqaga qo`yib oling. Keyin ezing.

4. Korjlar o`rtasiga krem surtib, yopishtiring. Yuziga ham krem surtib, maydalangan yong`oq seping. Keyin mevalar bilan bezang.

Tayyorlanish vaqti: 1 soat.



«Qorli cho`qqidagi qulupnay»

Yangi yilni shirinliklar bilan kutib oling!

Zarur masalliqlar: xamiriga: 200 gr. sariyog`, 1 stakan un, yarim stakan kakao, 4 dona tuxum, 2 osh qoshiq shakar, 2 choy qoshiq vanilin, tuz; glazur uchun: 200 gr. shokolad, 1 stakan yog`li qaymoq; bezak uchun: qulupnay murabbosi, ko`pirtirilgan qaymoq.

Tayyorlanishi: 1. Un, kakao va tuzni aralashtiring.

2. Tuxum sarig`ini shakarning yarmi bilan ko`pirtiring. Vanilin va unli aralashmani qo`shing. Sariyog`ni ham eritib soling.

3. Tuxum oqini tuz solib ko`pirtiring. Qolgan shakarni qo`shib, xamirga soling-da, yaxshilab aralashtiring. Yog`langan qolipga xamirni solib, 25-35 daqiqaga 160 darajada qizdirilgan gaz pechiga qo`ying.

4. Qaymoqni 1-2 daqiqaga olovga qo`ying. Keyin shokoladni maydalab solib, yana 3 daqiqa olovda qoldiring. Yaxshilab aralashtiring.

5. Tort yuziga shokoladli glazurni surtib, ko`pirtirilgan qaymoq va qulupnay murabbosi mevalari bilan bezating.

Tayyorlanish vaqti: 1 soatu 20 daqiqa.



«Qish ertagi»

Oila a`zolaringiz uchun eng yaxshi sovg`a!

Zarur masalliqlar (6-8 kishilik): xamiriga: 2,5 stakan un, 1 stakan shakar, 50 gr. sariyog`, 2 dona tuxum, 2 osh qoshiq asal, 1 choy qoshiq sirkada so`ndirilgan iste`mol sodasi; kremiga: 2 stakan sut, 250 gr. sariyog`, 1 stakandan shakar va maydalangan yong`oq, 2 osh qoshiq un; bezak uchun: kokos qirindisi, marmelad, olcha yoki gilos murabbosi.

Tayyorlanishi: 1. Shakar, yumshatilgan sariyog`, asal va iste`mol sodasini chuqurroq idishga solib, aralashtiring. 3 osh qoshiq un qo`shing.

2. Aralashma solingan idishning qopqog`ini yopib, suv qaynatilayotgan idish ichiga soling. Past olovda, 20 daqiqa suv bug`iga qo`ying. Keyin ozgina sovuting-da, qolgan un va tuxumni solib, xamir qoring. Xamirni 3 bo`lakka bo`lib, yoying. Yog`langan qolipga terib, 200 darajada qizdirilgan gaz pechiga 10 daqiqaga qo`yib oling.

3. Sutning yarmiga un soling. Qolgan sutni qaynatib, unli sutni Ham qo`shib, yana 5 daqiqa qaynating. Xona haroratida eritilgan sariyog`ni ko`pirtirib, shakar qo`shing. Keyin sutli aralashmani soling.
4. Korjlar orasiga krem surting. Ikkita korjga maydalangan yong`oq ham seping. Keyin bir-biriga yopishtirib, uchinchi korjni qo`ying. Tort yuzi va atrofiga ham krem surtib, kokos qirindisi seping. Marmeladni maydalab, archa shaklini yasang va olcha murabbosi mevalari bilan tort yuzini bezating.

Tayyorlanish vaqti: 1 soat.



«Archa o`yinchoqlari»

Dasturxoningizni ajoyib pishiriqlar bilan bezating!

Zarur masalliqlar: 1 stakandan un va shakar, 4 dona tuxum, 1 osh qoshiq kakao, 2 choy qoshiq yumshatgich (razrxlitel); ichiga solishga: 0,5 l. yogurt, 200 gr. tvorog, yarim stakan shakar, 2-3 ta banan, 30 gr. jelatin; bezak uchun: qand upasi, marmelad yoki sitrus mevalar.

Tayyorlanishi: 1. Tuxumni shakar bilan ko`pirtiring. Un, yumshatgich va kakaoni aralashtirib, tuxumli aralashmani soling. Yog`langan aylana shakldagi qolipga solib, 180 darajada qizdirilgan gaz pechiga 35 daqiqaga qo`ying. Pishgach, sovutib, korjni yonlamasiga ikki bo`lakka bo`ling.

2. Jelatinni suvga solib, 15 daqiqa iviting. Keyin suv bug`ida eriting. Yogurtni shakar bilan ko`pirtiring. Aylana shaklda to`g`ralgan banan, tvorog va jelatinni solib, ko`pirtirishda davom eting.

3. Korjlar orasiga krem surtib, yopishtiring. Biroz vaqtga muzlatkichga qo`yib oling. Keyin yuziga qand upasi sepib, marmelad yoki sitrus mevalarni turli shakllarda to`g`rab, tortni bezating.

Tayyorlanish vaqti: 2 soat.



Betakror uchlik

Shokoladli, tvorogli va malinali...

Zarur masalliqlar: 400 gr. tvorog, 300 gr. malina murabbosi, 230 gr. sariyog`, 150 ml. smetana, 125 ml. yog`li qaymoq, 2 stakan bodom, yarim stakan shakar, 30 gr. shokolad, 1 osh qoshiq kraxmal, 1 choy qoshiq vanilin, tuz.

Tayyorlanishi: 1. Bodomlarni blender yordamida ezing. So`ng 2 osh qoshiq qizdirilgan sariyog`da tilla rangga kirguncha qovurib oling.

2. Shokoladni Ham maydalab, bodomga qo`shib, qoshiq yordamida yaxshilab ezing. Tuz, 2 choy qoshiq shakar soling. Aralashmadan aylanasi 20 sm.lik korj yasab, biror idishga soling-da, muzlatkichga qo`ying.

3. Jelatinni 2 osh qoshiq suvga solib, 20 daqiqa iviting. Tvorogni smetana bilan ko`pirtiring. Vanilin va yarim stakan shakar qo`shib, ko`pirtirishda davom eting.

4. Ivitilgan jelatinni suv bug`ida eritib, tvorogli aralashmaga soling. Qaymoqni alohida idishda yaxshilab ko`pirtirib qo`shing. Keyin shokoladli korj ustidan solib, yana yarim soat muzlatkichda qoldiring.

5. Malina murabbosini qoshiq yordamida ezib, elakdan o`tkazing. Kraxmal qo`shing.

6. Tortni muzlatkichdan olib, yuziga malina murabbosi surting. Keyin maydalangan bodom bilan bezating.

Tayyorlanish vaqti: 2 soat.



«Yangi yil»

Haqiqiy qishki tuhfa!

Zarur masalliqlar (10-12 bo`lak uchun): 2 stakan, 250 gr. margarin, 150 gr. sariyog`, 1 quti quyultirilgan sut (sgushyonka), 50 gr. xolva, 2 donadan tuxum va mandarin, 2 osh qoshiq asal, 1 choy qoshiq iste`mol sodasi, maydalangan yong`oq, o`rik turshagi.

Tayyorlanishi: 1. Tuxum bilan shakarni aralashtiring. Margarin, asal va tuz soling. Past olovga qo`yib, to shakar eriguncha aralashtirib turgan holda qaynating.

2. Keyin un solib, xamir qoring. Xamirni 4 qismga ajratib, yog`langan aylana qoliplarga soling. 35 daqiqaga 180 darajada qizdirilgan gaz pechiga qo`ying.

3. Sariyog`ni quyultirilgan sut bilan aralashtiring. Xolvani qirg`ichdan o`tkazib, qo`shing. Tort yuziga kremdan surtib, maydalangan yong`oq seping. Tort yuzini mandarin bo`laklari va o`rik turshagi bilan bezang.

Tayyorlanish vaqti: 1 soatu 10 daqiqa.
Категория: Shirinliklar dunyosi | Добавил: MILLIONER (06.03.2017)
Просмотров: 12776 | Рейтинг: 1.4/29
Всего комментариев: 0