Mayonezli pechenye
Birorta bayram yoki tug‘ilgan kun munosabati bilan salat tayyorlash maqsadida, odatimizga ko‘ra, har ehtimolga qarshi ko‘proq miqdorda mayonez sotib olamiz. Ammo bayramdan so‘ng uni ishlatishga ehtiyoj bo‘lmagach, mayonezning qolganini tashlab yuborishga to‘g‘ri keladi. Biroq bunday isrofgarchilik qilish o‘rniga, uni turli pishiriqlarda qo‘llash mumkin. Quyida mayonezdan pechenye tayyorlash yo‘lini ko‘rsatib beramiz. Uning tayyorlanishi uvalanadigan pechenyeniki bilan deyarli bir xil, lekin mayonez qo‘shilgani hisobiga u mayinroq bo‘lib pishadi.

Zarur masalliqlar:

100 g mayonez
100 g margarin
2 ta tuxum
1 stakan shakar
3 stakan un
1 choy qoshig‘ida osh sodasi (sirka bilan so‘ndiramiz)

Tayyorlanishi:

Xona haroratida yumshagan 100 g margarinni 100 g mayonez bilan yaxshilab aralashtiramiz.



Ikkita tuxumni bitta-bitta chaqib qo‘shamiz.



So‘ng unga 1 stakan shakarni aralashtiramiz.




Alohida idishda 3 stakan un (un kamroq miqdorda zarur bo‘lishi ham mumkin) va osh sodasini aralashtiramiz va mayonezli aralashmaga qo‘shamiz. Yumshoq, ammo qo‘lga yopishmaydigan xamir qoramiz.



Xamir qanchalik muloyim bo‘lsa, pechenye ham shunchalik yumshoq va og‘izda erib ketuvchan bo‘lib pishadi. Yumshoq xamirdan shakllar yasash qiyinroq bo‘lgani tufayli, uni qandolat xaltachasiga solib, pergament to‘shalgan duxovka listi ustiga gulsimon shaklda pechenye yasab qo‘yish mumkin. Bolalar bilan birga xamirdan turli shakllar kesib olmoqchi bo‘lsangiz, xamirni biroz qattiqroq qilishingiz ham mumkin. Bunda xamir 2—3 mm qalinlikda yoyiladi.



Pechenyeni 180 darajagacha qizdirilgan duxovkada 10—15 daqiqa davomida pishiramiz.



Mayonezli pechenye tayyor. Yoqimli ishtaha! Uni oila davrasida bir piyola choy ustida tanovul qilishingiz mumkin.

Категория: Shirinliklar dunyosi | Добавил: MILLIONER (16.02.2017)
Просмотров: 1673 | Теги: Mayonezli, pechenye | Рейтинг: 4.2/5
Всего комментариев: 0