Asalli tort (“Medovik”)
Har bir uy bekasi “bisoti”da bayramlar, tug‘ilgan kunlar va boshqa alohida kunlar uchun mukammal tort retsepti bo‘lishi shart. Istalgan tort retseptini olib, uni, yaxshi natijaga erishmaguncha va “ijod mahsulingiz” haqida oila a’zolaringizdan ijobiy baho olmaguncha, qayta-qayta pishirib ko‘rgach, retsept siz uchun mukammal ko‘rinishga keladi. Tavsiya etilayotgan asalli tort boshlang‘ich pazandalar uchun ayni bop retsept bo‘la oladi, zero uni pishirishda muvaffaqiyatsizlikka uchrash ehtimoli juda kam.

Zarur mahsulotlar:

xamiriga:

300—500 g un
200 g shakar
100 g margarin
2 osh qoshiq asal
2 ta tuxum
1 choy qoshiq osh sodasi

kremiga:

300 g margarin
1 banka quyultirilgan sut (qaynatilgan)
100 g yong‘oq

Tayyorlanishi:

Idishga margarin, shakar va asalni solib, suv banyasida eritamiz.



Silliq massa hosil bo‘lgach, sodani qo‘shamiz va 1 daqiqacha aralashtirib turamiz.



Shundan keyin uni suv banyasidan olib, tuxum qo‘shamiz va tezgina aralashtiramiz.



So‘ng unni qo‘shib, qo‘lga yopishmaydigan yumshoq xamir qoramiz va uni sovitgichga 20—30 daqiqa qo‘yamiz.



Xamirni bir xil kattalikdagi 8—9 ta bo‘lakka bo‘lamiz.




Duxovka podnosini olib, teskari o‘giramiz va unga xamir bo‘lagini yupqa qilib yoyamiz.



Yoyilgan xamir ustiga likop, qopqoq yoki o‘zingizga qulay bo‘lgan boshqa buyumni qo‘yib, uning ortiqcha qismini kesing, biroq joyida qoldiring. Xamir pishish chog‘ida ko‘tarilib qolmasligi uchun, unga sanchqi urib chiqing.




Har bitta xamir bo‘lagini 200 darajagacha qizdirilgan duxovkada 3—5 daqiqa davomida pishirib oling.


Xamir oltin tusiga kirgach, duxovkadan oling va issiqligidayoq podnosning ustidan ehtiyotkorlik bilan ajratib olib, boshqa idishga taxlab qo‘ying. Xamir chetidagi ortiqcha bo‘lakchalarni ham alohida idishchaga olib qo‘ying, ular tortni bezashda kerak bo‘ladi. Shu tariqa, barcha xamir bo‘laklarini pishirib oling.



Endi kremni tayyorlaymiz. Buning uchun xona haroratida erigan margarinni idishga solib, mikser yordamida quyuq holga kelgunicha ko‘pirtiramiz.



So‘ng quyultirilgan sutni asta-sekinlik bilan qo‘shib, silliq massa hosil bo‘lgunicha ko‘pirtirishda davom etamiz.



Ortiqcha xamir bo‘lakchalarini va yong‘oqni blender yordamida yoki o‘zizgizga ma’qul bo‘lgan boshqa usulda maydalang.

Pishib chiqqan xamirlarga krem surib, ustma-ust taxlab chiqamiz. Eng yuqoridagi xamir va tortning yonboshiga ham krem surtamiz.


Tortning yonlariga urvoqlarni yopishtirib chiqamiz, ustiga esa maydalangan yong‘oqni sepamiz. Umuman, tortni o‘zingiz istagancha bezatishingiz mumkin.



Krem singib, tort mayin holatga kelishi uchun, uni kechasi bilan xonada qoldiring. Ertalab tortni kesib, oila a’zolaringizni pishiriq bilan siylashingiz mumkin. Yoqimli ishtaha!

Aytgancha, o‘z mukammal tortingizni topishda omad tilab qolamiz!
Категория: Shirinliklar dunyosi | Добавил: MILLIONER (16.02.2017)
Просмотров: 2293 | Теги: tort, (“Medovik”), ASALLI | Рейтинг: 1.7/13
Всего комментариев: 0