Yaxshi so‘z va yomon so‘z haqida maqollar
Aytilgan so‘z – otilgan o‘q.

***

"Barakalla”ga qul mehnat qilib o‘lar.

***

Dorining achchig‘i yaxshi,

So‘zning – shirini.

***

Dunyoni yel buzar,

Odamni – so‘z.

***

Duo bilan el ko‘karar,

Yomg‘ir bilan yer ko‘karar.

***

Er boyligi – yo‘lda,

So‘z boyligi – tilda.

***

Gap egasini topar.

***

Gapning qisqasi – yaxshi,

Qisqasidan hissasi – yaxshi.

***

Iliq so‘z – shakar,

Sovuq so‘z – zahar.

***

Issiq kiyim tanni ilitar,

Issiq so‘z jonni ilitar.

***

Kishining o‘zi yetmagan yerga so‘zi yetar.

***

Kuch egmaganni so‘z egar.

***

Ko‘p gap – eshakka yuk.

***

Mazali so‘zga quloq charchamas.

***

Ma’qul gapga qoruv yo‘q.

***

Sevdirgan ham til,

Bezdirgan ham til.

***

Sen ham bir og‘izdan,

Siz – ham.

***

Shirin-shirin so‘zlasang,

Ilon inidan chiqar.

Achchiq-achchiq so‘zlasang,

Musulmon dinidan chiqar.

***

So‘z ko‘rki – maqol.

***

So‘z suyakdan o‘tar,

Tayoq – etdan.

***

So‘z chumchuq emas,

Og‘izdan chiqsa, tutib bo‘lmas.

***

So‘zdan so‘zning farqi bor,

O‘ttiz ikki narhi bor.

***

Til bor, bol keltirar,

Til bor, balo keltirar.

***

Til – dil kaliti.

***

Til tig‘i qilich tig‘idan o‘tkir.

***

Til yugurigi – boshga,

Oyoq yugurigi – oshga.

***

Til yaxshisi bor etar,

Til yomoni xor etar.

***

Tilga ixtiyorsiz – elga e’tiborsiz.

***

Tilga e’tibor – elga e’tibor.

***

Tili shirinning do‘sti ko‘p.

***

Tilingda bo‘lsa boling,

Kulib turar iqboling.

***

Toza suvni yer olar,

Yaxshi so‘zni el olar.

***

Tuya ham muomalaga cho‘kar.

***

Uzun tilim – uzgun tilim,

Qisqa tilim – tizgin tilim.

***

Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqar,

Yomon gap bilan pichoq qinidan chiqar.

***

Yaxshi so‘z kuldirar,

Yomon so‘z o‘ldirar.

***

Yaxshi so‘z – yurakka malham,

Yomon so‘z – yurakka g‘am.

***

Yaxshi-yaxshi desa,

Kunda tariqday yaxshilik qo‘shilar emish.

Yomon-yomon desa,

Kunda tariqday yomonlik qo‘shilar emish.

***

Yomon gap – bosh qozig‘i,

Yaxshi gap – jon ozig‘i.

***

Yomon gap tarsakidan yomon.

***

Yomon gapning oyog‘i olti.

***

Qizil tilim bo‘lmasa,

Qishlar edim elimda.

Yashil tilim bo‘lmasa,

Yayrar edim elimda.

***

Quloqdan kirgan sovuq so‘z

Ko‘ngilga borib muz bo‘lar.
Категория: Foydali maqolar | Добавил: MILLIONER (29.01.2017)
Просмотров: 1968 | Теги: so‘z haqida maqollar, Yaxshi so‘z va yomon | Рейтинг: 4.6/10
Всего комментариев: 0