Do‘stlik va dushmanlik haqida maqollar
Aybsiz do‘st izlagan do‘stsiz qolar.

***

Asli dushman el bo‘lmas,

Etakni kessang, yeng bo‘lmas.

***

Asli qora oqarmas.

***

Aqli ko‘pni dov olmas,

Do‘sti ko‘pni yov olmas.

***

Baliq suvsiz yashamas,

Inson – do‘stsiz.

***

Bilagi alp birni yiqar,

Do‘sti ko‘p – mingni.

***

Bir ko‘rgan – tanish,

Ikki ko‘rgan – bilish.

***

Burgut kuchi – oyog‘ida,

Odamniki – do‘stlikda.

***

Daraxt – ildizi bilan,

Odam – do‘stlari bilan.

***

Dushman ba’zan kuldirar,

O‘ng‘ay topsa, o‘ldirar.

***

Dushman do‘st orasidan chiqar.

***

Dushman siringni o‘g’irlar,

Do‘st xatongni to‘g’rilar.

***

Dushman chaqirsa borma,

Do‘st chaqirsa, qolma.

***

Dushman o‘lar, do‘st qolar,

O‘sma ketar, qosh qolar.

***

Dushmanga joningni bersang ham,

Siringni berma.

***

Dushmanga choh qaziguncha,

Do‘stingga uy solib ber.

***

Dushmanimning do‘sti – mening dushmanim,

Dushmanimning dushmani – mening do‘stim.

***

Dushmaningdan qo‘rqma, munofiqdan qo‘rq.

***

Dushmaningni qarg‘ama, do‘stingga tegar.

***

Dushmaningning o‘limini tilaguncha,

Joningning sog‘ligini tila.

***

Dushmaning sovg‘asidan qo‘rq.

***

Do‘st achitib gapirar,

Dushman – kuldirib.

***

Do‘st boshga boqar,

Dushman – oyoqqa.

***

Do‘st bo‘lsang, do‘stingning aybini tuzat.

***

Do‘st ming bo‘lsa ham – oz,

Dushman bir bo‘lsa ham – ko‘p.

***

Do‘st oldingda gapirar,

Dushman – orqangdan.

***

Do‘st – oltining,

Dushman – qotiling.

***

Do‘st og‘ir kunda bilinar.

***

Do‘st suyganning tusiga boqma.

***

Do‘st so‘zini tashlama,

Tashlab boshing qashlama.

***

Do‘st uzoqda bo‘lsa ham, ko‘ngli yaqin.

***

Do‘st egiz,

Dushman – sakkiz.

***

Do‘st yuzingga boqar,

Dushman – izingga.

***

Do‘st hisobi – dilda.

***

Do‘stga dushman bo‘lish oson,

Dushmanga do‘st bo‘lish qiyin.

***

Do‘stga yolg‘on, dushmanga chin gapirma.

***

Do‘stga xiyonat qilma,

Dushmanga – shafqat.

***

Do‘sti nodondan dushmani dono yaxshi.

***

Do‘sting uchun zahar yut.

***

Do‘stingga rost gapir,

Dushmaningga – maqtanib.

***

Do‘stingning oshini qasdingdan ich.

***

Do‘stlarimdan o‘zing saqla,

Dushmanlarimni o‘zim bilaman.

***

Do‘stlik – barcha boylikdan afzal.

***

Do‘stsiz boshim – tuzsiz oshim.

***

El omonlik tilar,

Yov – yomonlik.

***

Eshak eti go‘sht bo‘lmas,

Savdogar hech do‘st bo‘lmas.

***

Ginali do‘st – adovatli dushman.

***

Ikki haramza do‘st bo‘lmas.

***

Ishkambadan go‘sht bo‘lmas,

Dushman aslo do‘st bo‘lmas.

***

Jonga kuygan jonday do‘st,

Jonga kuymas qanday do‘st.

***

Kiyimning yangisi – yaxshi,

Do‘stning – eskisi.

***

Ming so‘ming bo‘lguncha, bitta do‘sting bo‘lsin.

***

Nomarni jang sinaydi,

Do‘stni – muhtojlik.

***

Odam ichini bilish qiyin,

Do‘st ustidan kulish qiyin.

***

Onangni otangga yomonlama,

Do‘stingni – dushmanga.

***

Tirik bo‘lsak – bir yerda,

O‘lik bo‘lsak – bir go‘rda.

***

Vafoli do‘st yo‘lga solar,

Ig‘vogar do‘st paydan olar.

***

Xalq do‘stligi – yurt boyligi.

***

Yangining nodonligi bor,

Eskining – qadrdonligi.

***

Yaxshi do‘st yuz qarindoshdan yaxshi.

***

Yaxshi ko‘rgan do‘stingga

Yaxshi ko‘rgan molingni ber.

***

Yot oshingga qaraydi,

Do‘st – boshingga.

***

O‘pka, yurak go‘sht emas,

Hisoblashgan do‘st emas.

***

O‘rtada burun bo‘lmasa,

Ko‘z ko‘zni o‘yar.

***

O‘tni kavlasang, o‘char,

Do‘stni kavlasang, kechar.

***

Qadim do‘stlik zanglamas.

***

Qarz bersang, do‘st ko‘payar,

Talab qilsang – dushman.

***

Qovunni dushmaningga kestir,

Go‘shtni – do‘stingga.

***

Quyosh havoni isitar,

Do‘st – qalbni.

***

G‘amingni do‘stingga aytma, kuyunadi,

Dushmaningga aytma, suyunadi.

***

Har kimni do‘stim dema,

Tandagi po‘stim dema.

***

Hisobdan adashsang ham, do‘stdan adashma.

***

Hisobli do‘st ayrilmas.

***

Choyning so‘ngini do‘stingga ber.
Категория: Foydali maqolar | Добавил: MILLIONER (29.01.2017)
Просмотров: 1730 | Теги: haqida maqollar, Do‘stlik va dushmanlik | Рейтинг: 5.0/14
Всего комментариев: 0