Onamning qo’llari
Keltiray bir ta’rifin onamning qo’llarini,
Ham habib, ham tabibim – onamning qo’llarini.

Ko’targan ro’zg’or yukin, qilt etmay biror tuki,
Ham buyuk, ham suyukli onamning qo’llarini.

Kaftida tutgan bizni – besh o’g’il, ikki qizni,
Quyoshday issiq yuzi onamning qo’llarini.

Biz deb o’t – suvga kirgan, nonlar yopib, kir yuvgan,
Qattiqligi temirdan, onamning qo’llarini.

Goh suyib, goh alqagan, oq yuvib, oq taragan,
Kunimizga yaragan onamning qo’llarini.

Soyabon panoh bo’lgan, kaftlari qadoq bo’lgan,
Oling “sadqa - sadoq” bo’lgan onamning qo’llarini.

Goho tushimga kirgan, ko’z yoshim artib turgan,
So’rang men musofirdan onamning qo’llarini.

Bargday titradim yozib, go’yo bag’rimga bosib,
Novdaday ozgan, nozik onamning qo’llarini.

Sizlar – aka-ukalar,
Tizlar bukib – cho’kkalab,
Ko’zga suring siypalab,
Xohi shom, xoh ertalab,
Bolangizday erkalab,
Onamning qo’llarini,
Onamning qo’llarini!
Категория: SMS Ota-Ona haqida sherlar | Добавил: MILLIONER (20.04.2017)
Просмотров: 960 | Рейтинг: 1.0/7
Всего комментариев: 0