Qahratonning achchiq azobi Hikoya
Qishning etni junjiktirib yuboruvchi kunlari edi…

— Sulto-o-on-n-n! O'lib qoldingmi-i-i-i?! — Boltaboy motorning o't olishidan butunlay umidini uzib kalitni traktor ustiga taranglatib otdi. Kaftlarini o'ra qilib «kuh-kuh»ladi. — Otangga la'nat, qaerlarda qolib ketdi-i-ing?!

Kun sovuq edi. Yomon sovuq edi. Bundan uch-to'rt kun oldin iliqqina edi. Qor yoqqach havo birdan aynib, sovuq tushdi. Yoqqan qor ham bir zumda shaqillagan muzga aylandi. Yursang, g'arch-g'arch ovoz chiqarar, oyoq kiyimiga yopishmas edi.

Hovlidagi to'rt tomoni ochiq tom ostida sharti ketib, parti qolgan traktorini tuzatayotgan Boltaboy o'g'li Sultonning yo'liga, uy tomoniga tikildi, ko'zlari qamashdi. Hammayoq oppoq qor edi. Kafti bilan ko'zlarini pana qilib qor bosgan molxona, daraxtlar, bostirmada dir-dir titrayotgan oriq mollariga bir-bir qarab qo'ydi. «Ey, Xudoyim! Kunlar qachon qizir ekan-a?..»

O'tgan kun birdaniga gupillab qor yog'a boshlaganida yuragi hapriqib, quvonchi ko'ksiga sig'may qolgan edi. «Suv mo'l bo'ladi, dehqonchilikka baraka keldi», degandi u endi suvsizlikning o'tib ketishiga ishonib. Yog'ayotgan qorga qarab beixtiyor ko'zlarida yosh ham aylangan edi. Ammo kechga yaqin shunday sovuq bo'ldiki, Boltaboyning ertalabki quvonchi tashvishga, tashvishgagina emas, rosmana qayg'uga aylandi. Chunki sovuq qishloq odamining birinchi dushmani. Eng avvalo, mollarga qiyin. Sovuq, har qancha pana va ichkarida turmasin, qishda qorni to'yib yem yemagan molning dushmani. Sovuq zabtini yozdirmay uzoq turib qolsa, bog'-rog'lardagi mevali daraxtlarga bolta tegadi. «Yozda mevadan nima yeymiz?» degan o'y hech kimning xayoliga kelmaydi. Chunki jon hamma narsadan shirin. Sovuq yana zo'rayaversa, to'qson to'qqiz foizi oriq va yo kasal bo'lgan yirikmi yo mayda qishloq moli tarashaday-tarashaday qotaveradi. Harom qotgan molini ko'rgan qishloq kishisi dag'-dag' titraydi shunda.

Bular ko'pga kelgan to'y bo'lsa, faqat Boltaboynigina tashvishga soladigan sabablar ham oz emas edi. Deylik, Boltaboyning «pultopar» traktori bugungiday buzilib qolmagan taqdirda ham unga qo'shilib ro'zg'orni sudraydigan oriqqina govmishining suti teng yarmiga, balki uchdan ikkiga tortilib ketardi. Natijada qizi Zulfizarning shu sigirning sutini shaharga olib borib sotishdan iborat biznesi kasodga uchrardi. Bu hol oila byudjeti bilan birga Zulfizarning ham kayfiyatini tushirar, qiz bechora chora izlab uyga kirar-chiqar, kirar-chiqar edi.

Shunday qilib havo sovuq, uylar muzxona, traktor buzuq. Bu ham yetmaganday Zulfizarning biznesi kasod bo'lgan kunlar edi. Boltaboy isinib kelish uchun uyga kirib ketgan o'g'li chiqavermaganidan jahli chiqayotgandi.

— Sulto-o-on-n!

Boltaboy yigirma-o'ttiz yildan beri aftol, salidol singaverganidan qorayib, issiq-sovuqdan tars-tars yorilib ketgan barmoqlarini qancha «kuh-kuh»lamasin, baribir, qizimadi. «Sovuq oldimi bularni?» o'yladi u kaftlarini aylantirib ko'rar ekan. Qizinaman deb butun gavdasi bilan silkindi, oyoqlarini yerga tap-tap urdi. Oyoqlari uyushib qolibdi, keyin butun badani burishib qolganday tuyildi. Yelkasini battarroq qisdi. Esiga ukasi tushdi. Boltaboyning bo'g'ziga allanarsa kelib tiqildi. Bir vaqtlar kelishgan, xushsurat, baland bo'yli, jingalak soch, qarindosh-tuqqanlarning hech biriga gap bermaydigan ukasi bedavo dardga yo'liqib, uch-to'rt oyning ichida faqat teri va suyakdan iborat gavdaga aylanib qolgan edi. Uni o'ylab Boltaboyning ko'zlariga yosh qalqdi. «Ey, Xudoyim!»

Ukasi savdo sohasida yurgan, toparman-tutarman, qishloqning old yigiti edi. Bir katta biznes qilaman deb muttahamlarga yo'liqdi-yu, boridan ayrildi. Yetmaganiga qarz ko'tarib ishga tikkan pulini qaytaraman, deb ko'zga ko'ringan, birov olaman, degan narsasining hammasini sotdi. Avval «Qo'l sinsa, yeng ichida» qabilida ish tutib, bu gaplarning isini chiqarmadi. Yana besh-olti oy avvalgi g'oz yurishida yurdi. Ammo kirim yo'q, faqat chiqim, tez orada qishloqdagi daydi itdan ham bir suyak qarz bo'ldi. Yana qatorga qo'shilaman deb unga yopishdi, bunga yopishdi. Xudoga xush yoqmadimi, bo'lmadi. Bundan qattiq qisindi. Ichiga oldi. Xasta bo'lib yotib qoldi. Og'riydigan yeri, dardining belgisi yo'q. Lekin hol tark etdi uni. Avval-avval ulfatlari tez-tez kelib, avvalgiday yeb-ichishlarini davom ettirib turishdi. Biroq bora-bora dasturxondan fayzu baraka ko'tarilgach, ulfatlarning ham bu xonadondan oyoqlari uzildi. Insofliroqlari ma'lum vaqtgacha telefonda hol-ahvol so'rab turgan bo'ldi. Ukasining ahvoli esa kundan-kun yomonlashaverdi. Doktorlar ming xil gap aytishdi. Bir safar Boltaboy nima gapligini bilish uchun doktorning yoniga kirgan edi, undan kelayotgan solyarkaning isi yoqmadimi yo boshqami, gapni qisqa qildi: «Ukangizning ahvoli og'ir, tayyorgarligingizni ko'ravering…»

Doktordan bunday gap eshitaman, deb hech o'ylamagan Boltaboy esidan ketib qolishiga sal qoldi. «Nimaga axir? Nega aynan mening ukam?..»

Boltaboy kasalxonaga ukasining o'g'li Samad bilan borgan edi. Doktorning qoshidan chiqar ekan, Samadni ko'rsam yig'lab yuboraman, deb o'yladi. Keyin o'ziga-o'zi so'z qotdi: «Mahkam bo'l, yig'lab-siqtab bolani qo'rqitib o'tirma!» Boltaboy shu o'ylar bilan ko'chaga chiqsa, Samad mashinasining yonida bir qiz bilan hiringashib turibdi. Yonib ketdi Boltaboy! Birdan xotinining gaplari yodiga tushdi: «Ukangizning shu Samad o'g'li hech odam bo'lmadi-bo'lmadi-da! Dadasi qachondan beri kasal yotsa ham biron marta yoniga kirib, hol-ahvol so'ramabdi».

Boltaboyning ukasiga ichi uvishdi. «Farzandlarini qanday o'stirdi-ya, qanday o'stirdi?..» Boradigan yeri besh yuz metr bo'lsa ham maktabiga piyoda yubormadi. «Bolalarimning oyog'i qavaradi», deb mashinada olib bordi. Biron-bir bolasining qo'lini bir cho'pga urdirmadi: na og'ir va na yengil ish bo'lsin, ishlatmadi. «Men tirik bo'lsam belimdan bo'lganning biri ham ishlamaydi!» dedi.

Boltaboy birdan sovqotib qolganini his qildi, dag'-dag' titradi.

— Sulto-o-on-n!!! Ketganingga ikki soat bo'ldi-ku! Yo men bu yoqda o'lib ketaveraymi! — baqirdi u ovozining boricha. — Sulto-on-n-n!!!

* * *

— Tur, o'g'lim, tur! — ko'rpachaga o'ranib endi qiziy boshlagan o'g'lini turtdi Halima. — Otangning joni yonib, qichqirib yotibdi! Tur, bolam, tur, ko'maklashib yubor…

— Uff! — dedi o'rnidan qo'zg'alarkan Sulton. — Yuz marta aytaman, shu traktoringiz bo'lmaydi, topshiring, boshqasini oling deb. Yo'q! Shu yurmas matohga yopishib olgan otam ham!

— O'zing olarsan boshqasini, tur, bolam, tur.

— Siz ham otamning gapini gapirasiz! — Sultonning, yaqindagina uylangan yigitning ovozi yig'lamsiraganday chiqdi. — Remont bo'lmaydi bu traktor, yurmaydi…

Sulton ming'irlay-ming'irlay to'nini yelkasiga ildirib, ko'chaga chiqdi.

— Tirikmisan, ishqilib! Hay, bola bo'lganingga rahmat sening!

Sovuq shamol g'ir etib Sultonning yengidan kirib etagidan chiqdi. Shu payt mashinaning signali eshitildi. Boltaboy cho'chib tushdi. So'ng hashamatli chet el mashinasidan tushib ularga qarab kelayotgan Samadni ko'rib, zahrini unga sochdi:

— Hay, signal beraverib ammangnikiga kelin kelayotirmi?! O'z yo'ling bilan kelaversang bo'lmaydimi?

Po'rim kiyingan Samad ishshayib, bostirmaga besh-o'n odim yetmasdan to'xtadi. So'ng Sultonga «beri kel» deb ishora qildi. Sulton traktordan tushib Samad tomon keta boshlagan edi, uning takallufsizligidan ensasi qotib turgan Boltaboy Sultonning etagidan tutdi:

— Nega borasan?

— Chaqiryapti-ku! — ko'zi bilan Samadga ishora qildi Sulton.

— O'zi kelsin! — Boltaboyning jini ko'zidi. — Chaqirsa yugurib boraverasanmi?

Sulton Samadga qarab yelkasini qisdi: «Yubormayapti». Noiloj qolgan Samad ular tomon yurdi:

— Salomalaykum!

Boltaboy Samadning haddan oshiq yaltirayotgan tuflisiga boqib, «Oyoq kiyimni shunchalik yaltiratish uchun odamda qanchalik ixlos, sabr va, albatta, miya ham ancha-muncha aynigan bo'lishi kerak», deb o'yladi.

Ular emas, o'zi bularning yoniga kelayotganidan og'ringan Samad Boltaboyning o'tkir nigohini sezib, ichidan so'kindi. Boltaboy u haqda nimalar o'ylayotganini taxminan bilar edi Samad. Shuning uchun unga qasdma-qasd kissasidan sigareta chiqarib tutata boshladi. Boltaboyning haqiqatan ham jahli chiqdi. Xotinining «Ukangiz doriga pul topolmayotganidan kasalxonaga borolmayotganmish», degan gapi yodiga tushdi. Qahri yomon qo'ziy boshlaganini sezdi Boltaboy. «Bu yerda tursam bir gap topaman», deb o'yladi u va yigitlardan uzoqlashdi. Samad ham Sultonni qo'ltiqlaganicha chetroqqa sudradi. Boltaboy tomon olazarak qarab-qarab qo'yganicha og'aynisining qulog'iga allanarsalarni shivirladi. Boltaboy Samadning gapini eshitmadi-yu, Sultonning boshini sarak-sarak qilayotganidan angladiki — yaxshi gap emas. «Biror-bir bo'lmag'ur narsaga undayapti buni», o'yladi Boltaboy yigitlar turgan tomonga tikilarkan. Samadning bashang kiyimi ham, pichirlab gapirishi ham, olma-kesak terayotgan nigohi ham jinini qo'zitganidan qo'zitarkan, tishlarini bir-biriga qo'yib, zo'rg'a o'zini bosgancha uyga kirdi.

— Uff! Sovuqni qara, sovuqni! — ichkariga kirgan Boltaboyning dimog'iga pechkada yongan o'tning yoqimli hidi urdi. — Halima, choy damla.

Halima kichkinasi Rashidni turtdi:

— Ma, chiqar choyni dadangga!

— Salomalaykum! — dedi Rashid dadasining oldiga choynakni qo'yar ekan.

— Hov, — hayron bo'lib tikildi o'g'liga Boltaboy. — Maktab qani?

Rashid chetroqqa chiqib yelkasini qisdi.

— Karmisan? Maktab qani, deyapman senga? — o'shqirdi Boltaboy.

— Maktab qaerga borar edi, joyida, — ovoz berdi ichkaridan Halima. — Oyoqqa kiyadigan narsasi yo'q buning. Shuning uchun borolmay o'tiribdi.

— Hah, topding bahonani, topding! — jig'ibiyroni chiqdi Boltaboyning. — Ana, mening etigimni kiyib boraversin, deb aytganimga uch kun bo'ldi-ku!

Ichkarida allanarsa taraqladi. Halima nimadandir norozi to'ng'illadi. Keyin qo'lida erining kirza etigi bilan kirdi xonaga.

— Shu etikni kiyib boradimi, shu qayiqni-ya?! Yettinchi sinf bola-ku u!

— Kiysa nima bo'ladi? Borsa bo'ldi-da maktabga! Borsin, borsin, har xil bahonalarni o'ylab topavermasin! — Boltaboy Samadning qahrini bulardan olayotgan edi.

Etikni qo'lida sollontirganicha unga ma'noli qarab turgan xotiniga ko'zi tushdi-yu, o'zining hamma gaplari mantiqsiz va asossiz ekanini, o'g'lining maktabga borolmay o'tirganiga o'zi aybdorligini angladi daf'atan. Shashti so'ndi.

— Bor! — dedi o'g'liga o'qrayib, shunda ham popugi pasayganini bildirmaslik uchun. — Mulla mingan eshakday mung'ayib turavergancha anavi iflos Alik fermerdan yozda ishlagan haqingni talab qilib ol! Etik olib beraman!

— Bordi, bir marta emas, o'n marta bordi! O'zimam bordim, — yana gapga aralashdi Halima. — U dedi, bu dedi, xullas, shu vaqtgacha sudradi. Erkak bo'lib o'zingiz ham bir marta boring desa, bormadingiz…

— Bola bilan gaplashtirasanmi yo yo'qmi?

— Aralashmasangiz, ana endi kech bo'ldi. Alik fermeringizni melisa bosib, o'zi o'larga joy topolmay yotganmish.

— Nega?

— Anavi… nima edi… nasha sotar ekan-ku.

— Nasha?! — Boltaboy o'rnidan turib o'tirdi. — Agar rostdanam shu ishni qilgan bo'lsa, o'n qat terisini shilib olish kerak edi uning! Yurtning bolasini xarob etadi-ku bular!

Boltaboyning yodiga yana Samad tushdi:

— Hey, aytganday, bizning Samadning ham moshini ko'rinardi uning uyi oldida…

— E-e-e, Samadingiz yerning yorig'ini tikkan bola-ku!

Boltaboy Samadning Sultonga allanarsalar shipshib yotganini esladiyu, birdan yuragi shig' etdi.

— Hay, Rashid! — dedi o'g'liga. — Bor, akang anavi Samad bilan gaplashib turgan edi, chaqir bu yoqqa.

— Ishini qilaversin, o'zi turta-turta zo'rg'a chiqargan edim ko'chaga, — dedi Halima.

— Kerakmas ishi, o'tirsin yonimda. Yana Samad yaramas uni ham bir ishga tayamasin.

— Xudo uribdimi, begonamas, o'zimizniki-ku…

— Baribir, xotinligingga borasan-da. Otasini ayamagan seni ayaydimi?

Ko'ksini qandaydir bahaybat bir temir panja ayovsiz ezg'ilayotganday tuyildi Boltaboyga. Ko'kragida qattiq og'riq turib «Dod!» deb baqirgisi keldi, lekin o'zini zo'rg'a bosdi. Halimaning ko'zlariga beixtiyor yosh qalqdi:

— Qanday o'stirgan edi-ya shu bolalarini ukangiz… Qo'lini issiq suvdan sovuq suvga urdirmadi. Yesa tishi og'riydi, deb mevaning ham suvini ichirdi. Bular bo'lsa…

— Bo'ldi-ey! — dedi Boltaboy.

— Assalomu alaykum! — dahlizdan bidon, plastmassa idish, baklashkalarning taraq-turuqi eshitildi. — Nimalarni talashib yotibsizlar? Bizlarga ham beringlar…

Zulfizar shahardan, sut sotishdan qaytgan edi.

— Bizlar nimaniyam talashamiz, ona qizim! — Halima uning qo'lidan idishlarning qolganini oldi. — Oyoq-qo'ling qotib qolgandir-ov! Shu kun borma dedim senga, hech bo'lmasa shu kun! Kunni qara, tuf desang, tupuk muz bo'lib tushadi yerga.

— Yo'q, oyi! Sovqotmadim…

— Muzlabsan-ku, bolam!

— Yo'q, oyi, hecham muzlamadim! — yana o'z gapini ma'qulladi Zulfizar. — Lekin ozgina boshim og'riganday bo'lib turibdi…

— Hay, shu sut uchun borma dedim-a, borma dedim-a shaharga. Boshing nega og'rir ekan sening? — Halima qizining peshonasini ushlab ko'rdi. — Yonib yotibsan-ku, jon qizim… Uch-to'rt litr sut uchun ketma, dedim, aytganimni qilmading!

— Uch litr bilan ketmadim, oyi! Aytsam ishonmaysiz. Sovuqdan qo'rqqanlarning hammasining sutini yig'dim. O'n besh litrdan oshdi. Foydasi ham zo'r bo'ldi lekin!

Zulfizarning boshi og'riqdan tars yorilay der, onasi o'choq boshiga ko'rpacha yozishini ham kutishga madori kelmay, o'choq boshiga cho'kkaladi.

— Hay, pulning ham sadag'asi ketay…

Boltaboy bu gaplarning hech biriga aralashmadi. Faqat choyini ham ichmay o'rnidan turdi. «Tezroq tuzatmasam bo'lmaydi traktorni. Ro'zg'or shu mushtday qizning boshiga tushib qoldi».

Boltaboy Sulton bilan ikki soatlardan so'ng isinib olish uchun ichkari kirganida xotini isiriq tutatib yurardi.

— Omonlikmi?

— Qizingiz… — Halima qult etib yutindi, — o't bo'lib yonib yotibdi.

Boltaboy etigini ham yechmay, tasir-tusir qizinng qoshiga, o'choq boshiga o'tdi. Sovuq kaftining teskarisini avaylabgina qizining peshonasiga tekkizdi. Zulfizar ko'zini ochdi.

— Nima bo'ldi, qizim?

— Hech narsa. Yaxshiman, dada. Oqshom sovuq suv ichgan edim… — Zulfizar ko'zlarini yumdi. Quruqshab qolgan lablarini yalab-yalab qo'ydi.

— Ona qizim…

Biroz o'tib haroratning zo'ridan alahsiray boshladi Zulfizar. Halima ham, Boltaboy ham qizining boshidan jilmay o'tirishar, o'choq boshidagi idishda esa isiriq tutab yotardi. Boltaboy bir qiziga, bir isiriqqa qarab-qarab qo'ydi. U cho'kkalagan ko'yi yana biroz o'tirdi-da, bir vaqt shaxt bilan o'rnidan turdi. Shoshilinch isiriq tutayotgan idishni oldi-da tashqariga yo'naldi. Hayron bo'lgan Halima biroz o'tib erining izidan chiqdi. Erining nima qilayotganini ko'rdiyu, qotdi-qoldi.

Boltaboy ichkaridan olib ketgan isiriqni traktori atrofida aylantirib tutatar, «Ey, Xudoyim! Qiynama qizimni, qiynama! Tezroq tuzalib ketsin u, tezroq tuzalsin. Senam, tuzal traktorim. Kasalingni topay, kasalingni ayt, traktorim! Ey, Yaratgan Egam, ayon qil menga uning kasalini. Tezroq tuzatay bu matohni! Qizim qiynalib qoldi, qizim kasal bo'lib qoldi! Qiynama qizimni, qiynama,
Tangrim!» deya pichirlar, ko'zlaridan quyilayotgan yosh esa sovuqning zo'ridan muzlab, duru marvaridday yerga dumalab-dumalab tushardi.
Категория: Hayotiy hikoyalar | Добавил: MILLIONER (24.12.2017)
Просмотров: 1298 | Теги: Qahratonning achchiq azobi | Рейтинг: 5.0/1
Всего комментариев: 0