JODUGAR… Hikoya
«TANIShUV»



Soniya folbin ro'parasida o'ranibgina o'tirgan yoshamol ayolning ko'zlariga qattiq tikilgancha, fol ko'rardi. Ichida nimalardir deb pichirlardi-da, qo'lidagi tasbeh bilan ayolning yelkasi, bellariga urib-urib qo'yardi. So'ngra og'ir uf tortib boshini norozi silkitib-silkitib olardi.

— Voy Xudoyim, — dedi nihoyat pichirlashdan to'xtab. — Uyingizni insu jinslar o'rab olgan, singlim!.. Shuning uchun eringizning ishlari yurishmayapti. Ishi yurishmagandan keyin xotinga qaragisi kelarmidi…

— Nima qilay, opa? — Soniyaga yoshli ko'zlarini umidvor tikib so'radi ayol. — To'yib ketdim bu dunyodan. Axir, bir yaxshi bozor qip kelayotuvdilar xo'jayinim. Yeganimiz oldimizda, yemaganimiz ketimizdaydi. Endi bo'lsa…

— Xavotir olmang! — uni yupatgan bo'ldi Soniya. — Iloji yo'q narsa borakanmi dunyoda?!. Hozir sizga tutatqi qilib beraman. Borib uy ichlariga tutatasiz. Kulini bo'lsa, eringiz bosib o'tadigan ostona ostiga sepasiz.

— Shu bilan… Ishlarimiz yurishib ketadimi yana?.. Xo'jayinimning ko'ngli isiydimi menga?..

Soniya folbin beixtiyor kulib yubordi.

— Voy soddagina-ey!.. Bitta tutatqiminan ish yurishib ketaversa, mening nima hojatim qoladi bu yerda?.. Tutatqi vaqtincha jinlarni sal nari haydaydi. Siz ertaga bitta oq qo'y olib kelasiz. Dumbaligina bo'lsin. Ana o'sha oq qo'yni mening hovlimda so'yamiz-da, qoniga dam solib beraman. Ko'ribsizki, hammasi joyiga tusha boshlaydi… Qo'rqmang, hali oldimga bir oylar qatnashingiz zarur. Tag'in… O'zingiz bilasiz. Menga baribir…

— Bu nima deganingiz, opa? Borimni beraman sizday duogo'y xotinga!.. Xo'jayinim qaytsa, ishlari joy-joyiga tushsa, bas!.. Bitta qo'y ekan-u, agar hammasi yaxshi bo'p ketsa, zar-kimhobga ko'mib tashlayman sizni…

Bu gap Soniyani yanada jonlantirib yubordi shekilli, boshqa mijozlarga band tugib beradigan qirqinchi ipini bir chetga surib, qalinrog'ini — o'ninchi ipini qo'liga oldi va ozginasini uzib olgach, tag'in pichirlab o'zicha duo o'qishga tushdi.

— Mana, singlim, manavi bandni ehtiyot qiling! Aytganimday uyga borib albatta tutatib yuboring!..

Ayol bandni cho'ntagiga joylagach, sumkachasini kovlashtirib ichidan bir dasta yuztalik chiqardi-da, qimtinibgina folbinning qo'liga tutqazdi.

— Xudo yo'ligami? — har qachongiday pullarni sholchaning ostiga tiqarkan so'rab qo'ydi Soniya.

— Ha, opa, Xudo yo'liga!.. Nasib bo'lsa, hali alohida rozi qilaman sizni!..

— Bo'pti, yaxshi boring!.. Aytgancha, tashqarida yana kimdir turibdi chog'i. Kiritib yuborarsiz!..



XAYoLNING BUZILIShI



Mijozlar oldiga kirib kelganda Soniya hech qachon o'rnidan turmasdi. O'tirgan yerida boshi bilan salom-aliq qilib qo'ya qolardi. Ammo… Ostona hatlab ichkariga kirgan bu sherkelbat yigitni ko'rib negadir o'rnidan turib ketdi va shosha-pisha ro'molini boshiga soldi…

— Keling, uka!.. — dedi muloyim ovozda. — Qani, o'tiring!..

Taxminan o'n to'qqizlarga qadam qo'yib-qo'ymagan yigit folbin ko'rsatgan yerga uyalibgina cho'kdi.

Folbinning ko'zlari yigitni boshdan-oyoq kuzatar, lablari titrab-titrab qo'yardi.

— Opa, mening ismim Bahodir. — deya gap boshladi yigit yer chizib. — Sizni quloqma-quloq eshitib keldim.

— Nima bo'ldi? — o'zgacha mehr bilan Bahodirga tikilib so'radi Soniya.

— Keyingi paytlarda yomon uxlaydigan bo'p qoldim. Kechalari tushimga har xil qo'rqinchli mahluqlar kirib hamla qilishadi…

— Voy men o'lib qo'ya qolay!.. — achingannamo bosh chayqadi Soniya. — Shunday yigitni qaysi yaramas mahluq qo'rqitarkin?.. Yo biror yomon joyga siyib qo'yganmidingiz?..

Bahodir bunday uyatli so'zlarni ayol kishidan hech eshitmagan ekanmi, uyalib ketdi.

— Voy, nega uyalasiz? — kuldi Soniya yigitga yer ostidan ma'noli boqib. — Uyati bor ekanmi? Jinlar makon qurgan yerlarga siyib qo'yilsa, ular achchiqlanishadi. Balki, shuning uchun ham tushingizda bezovta qilishayotgandir?..

— Bilmadim…

— Sizni o'zi bu yerga kim yubordi?

— Ayam.

— Qaysi qishloqdansiz?

— Bordonqishloqdan.

— Shunaqami?..

Soniya birdan jimib qoldi. Shu ko'yi ikki daqiqalar sukut saqladi…

Shu alfozda qo'lidagi tasbeh donalarini uyoqdan-buyoqqa surib pichir-pichir qilib oldi.

— Qarang, Bahodirjon, — dedi nihoyat boshini ko'tarib. — Sizga mendan boshqasi yordam berolmas ekan!

— Shuning uchun ham ayam sizning oldingizga yubordi-da! — birdan jonlanib ketdi Bahodir. — Jon opa, bir narsa qilib meni shu balodan xalos qiling!..

— Xo'p… Faqat… Men o'zimni tayyorlab olishim zarur. Hozircha birpas tashqariga chiqib o'tira turasiz. O'zim chaqirganda kirasiz.

— Xo'p bo'ladi!..

Bahodir dast o'rnidan turdi-da, tashqariga yo'l oldi. Yuzlaridan mamnunligi aniq sezilib turardi…



AZOBDA QOLDIM, XUDO!



«Nima qilsam ekan? — yigit chiqib ketgach, ko'nglidan o'tkazdi Soniya. — Olti yildan beri erkaklarga talpinaman. Erimnikidan haydalganimdan berisiga azoblanaman. Qishloqchilik qursin! O'zingga yoqqan erkakkayam munday ochilib ichingdagini gapira olmasang! Kechalari to'lg'onib, qiynalib chiqqanlaringni kim ham bilsin?.. Yo'q, endi maqsadimni amalga oshirmasam bo'lmaydi. Xudodan yoshgina, go'lgina yigitga yo'liqtirgin deya nola qilganlarim mana-mana yetganday bo'lib turibdi. O'zi yetkazgani aniq bo'p turibdi. Qanday qilib qo'ldan chiqaray?.. Mayli, meni buzuqqa chiqarishsin!.. Folbinlar odamlarning nazdida shundog'am buzuq. Qolaversa, bir marta… Ha, ikki qishloq naridan kelgan Normat ismli yaramas yigitning meni aldab ketganlari, sizni yaxshi ko'raman deb borimni o'marib qochganlari, keyin… g'ing desang sharmandangni chiqaraman!, deya qo'rqitganlari hali veri esimdan chiqqanicha yo'q… Bas, o'shaning alaminiyam mana shu yigitdan olaman. Shunday qo'limga qo'ndirvolayki, uyimdan ketolmay qolsin!.. Men nima desam, shuni bajaradigan bo'lsin! Axir, menam ayolman. Shu yigitni o'zimga qaratvolsam, ko'nglimni xushlab yurar… Qomatim kimnikidan kam?.. Ha-a, hozir kiyimimni almashtirib, ko'zlarini o'ynatvoraman!..

— Hoy, Bahodirjon, kiravering!.. — deya qichqirdi o'tirgan yerida Soniya. — Ha, keling-chi, o'tiring-chi!.. — Bahodir atlas ko'rpachaga o'tirib folbinga umidvor tikilib qaradi.

— Bilasizmi, uka, — asta gap boshladi Soniya, — boya aytganimday, sizning ichingizga harom-xarish jinlar mahkam o'rnashib olishibdi.

— Endi nima bo'ladi?.. Ularni haydab bo'lmasmikan?

— Nega bo'lmas ekan? Bo'ladi. Faqat…

Soniya kaltagina ko'ylagi etagini sekin yuqoriga tortib qo'ydi. Bu harakatini, shubhasiz, Bahodir ham payqadi. Ko'zlari oppoq sonlarga tushib, aybdorlarcha boshini egdi-da, bir-ikki qisqa-qisqa yo'talib qo'ydi.

— Faqat… — davom etdi Soniya kulimsirab. — Iflos jinlarni iflos yo'lminangina haydash mumkin.

— Q-qanday?..

— Buning uchun siz… Menminan bir marta yotib qo'yishingiz lozim.

— N-nima?.. Tushunmadim…

— Umringizda hech ayol kishini quchoqlab yotganmisiz?

— Y-yo'-o'q…

Bahodir duv qizarib ketgandi. Uni yo'lga olish ancha oson ekanini his qila boshlagan Soniya yanada tetiklashdi.

— Mana, ko'rdingizmi? Bu jinlar shu qadar ifloski, agar meni quchoqlab yotmasangiz, sira ichingizni tark etishmaydi. Yotib bo'lgandan keyin men cho'milmasdan oldin sizning ichingizga zarur jodularimni yo'llayman. Ko'ribsizki, shu zahotiyoq xalos bo'lasiz-qo'yasiz…

— B-bilmadim… Qanday bo'larkin, opa?.. Sira unday ish qilmaganman…

— Qo'rqmang, parilarim ikkalamizga tepadan turib nikoh o'qib qo'yishadi. Bu nikoh bir umrga yetadi. Shunday bo'lgandan keyin ikkilanib o'tirishdan nima foyda?.. Qani, yaxshi yigit, meni quchoqlang-chi!.. Qo'rqmang, tishlab olmayman!.. Kela qoling!..

Soniya hiringlab kulgancha Bahodirni bag'riga tortdi. Yigit dimog'ida ayolning yoqimli hidlarini tuyib zavqlana boshlagan bo'lsa-da, tizzalari, Soniyaning belidan quchgan qo'llari titrab-titrab qo'yardi…



«MEN SEVGILIMNI DEYMAN!»



— Bolajonim, keldingmi? Soniya folbin ko'rib qo'ydimi seni?.. — Bahodir hovliga kirib kelishi bilan onasi Salomat opa uni savolga ko'mib tashladi. — Nega titrayapsan? Gapirsang-chi mundoq!.. Folbin nima dedi?

— Zo'r folbin ekan, — mayin jilmayib qo'ydi Bahodir. — Tan berdim. Ertaga yana boraman.

— Nima bo'lgan ekan senga? Shundan gapir, bolam!..

— Ichimga xarom-xarish jinlar o'rnashib olgan ekan.

— Ana, aytmadimmi? — dedi Salomat opa. — Sen qurmag'ur yong'oq-pong'oqning tagiga siyib qo'ygansan!

— Opayam shu gapni aytdi.

— Nima dedi?..

— Siz aytgan gaplarni aytdi-da! Batafsil gapirishim shartmi?

— Bo'pti, o'sha folbindan qolma! Qachongacha yoningga kirib tinchlantirib o'tiraman?.. Shuncha yuragimni yorib kelganing ham yetar!.. Undan ko'ra, ixlosminan qatnasang, tuzalib ketasan. Men hozir tag'in Salima xolangnikiga borib kelay!.. Ishni pishitib turmasam, Muxlisani birov ilib ketadi.

— E, yo'q, — onaning yo'lini to'sdi Bahodir, — keragi yo'q. U qiz menga yoqmaydi…

— Voy, nimaga?.. Qiz bolaning yaxshi-yomonligini sen qaerdan bilasan?..

— Men… Ena, o'zimning tanlaganim bor.

— Nima?.. Kim?.. Nimaga shunchadan beri g'iq demading?.. Kim o'zi? Ayt!..

— Keyin aytaman, ena!

— Keyin-peyiningni bilmayman. Sen tengilar allaqachon uylanib bo'lishdi. Yigirmaga kirayapsan, axir!.. Yolg'izgina bolamsan. Menam kelin ko'rsam, ishimni qo'limdan olsa deyman!.. Bo'l, ayt, hoziroq sovchilikka boraman!..

— Hozir aytolmayman, — teskari qaradi Bahodir. — Keyin aytaman…

Bahodir boshini qashigancha xonasiga kirib ketdi. Salomat opa bo'lsa, shunday kamsuqum, indamas o'g'lining tanlagani bor ekaniga sira ishongisi kelmasdi…



HIJRONINGDA KUYDIM, SONIYa!



Tuyqusdan ayol taftini tuyib qo'ygan yigitga dastlabki lahzalarda juda qiyin bo'ladi. Yurak urishi tobora tezlashib, a'zoyi badani qizib boradi. Ayniqsa, bu sehrdan hiyla uzoqlashganini his qila boshlasa, o'zini qo'yarga joy topolmaydi…

Bahodir ham xonasiga kirib yonboshlagandan Soniyaning erkalashlarini, ehtiros bilan nafas olishlarini sog'ina boshlagandi. Hozir… Hozir u xonasiga sig'masdi. Hadeganda entikib, uydan chiqib ketgisi, yugurgancha Soniyaning quchog'iga yetgisi kelardi.

Biroq… Qishloqchilik. Bir kunda ikki marta yolg'iz ayolnikiga borganingni ko'rishsa, odamlar darrov gap chiqarishlari hech gapmas. Garchi folbinnikiga kelganingni bilishsa-da, baribir shubhalanishlari aniq…

Shu ko'yi kunni kech qildi. Ko'ngliga hatto ovqat yeyish ham sig'masdi. Faqat va faqat qorong'i tushishini, onasi uyquga ketishini kutardi…

Mana, nihoyat kutilgan onlar yaqinlashib, ko'chalardagi baqir-chaqirlar tindi.

Bahodir sekin hovliga chiqib Salomat opaning xonasiga ko'z tashladi. Chiroq o'chiq. Demak, uxlabdi. Endi bemalol ketaversayam bo'ladi…

U shoshilinch yotoqxonasi eshigiga qulf urdi-yu, ko'chaga o'zini urdi…

— Siz?.. — Shu tobda Soniya endigina qozon-tovoqlarni yuvib, yotog'iga kirmoqchi bo'lib turgandi. Tomorqa tomondan hansiray-hansiray hovliga kirib kelgan Bahodirni ko'rib ko'zlari yonib ketdi. — Yarim kechasi nima qilib yuribsiz?..

Shu savolni berishga-berdi-yu, o'zi ham bu yigitni kun bo'yi kutganlarini eslab labini tishladi. — Ha-ya, siz… Axir… Kelishingiz lozim edi shundog'am!..

Soniya «mehmon»ni darhol ichkariga olib kirdi. O'zi esa, chopib darvozaxonaga chiqdi-da, ko'chani kuzatdi. Hech kim yo'qligiga amin bo'lgach, titrab-qaqshab darvozani berkitdi…

— Men… Sizdan homiladorman! — Bu bo'z yigitni yanada o'ziga bog'lab olish yo'lidagi ikkinchi usul edi. Soniya ko'zlarini yumgancha o'rinda yotgan Bahodirning yuz-tuzilishiga nazar soldi…

Qiziq, qo'rqib ketadi deb o'ylagandi. Qimirlab ham qo'ymadi. Hali aqli yetmaydi shekilli…

— Hoy, yaxshi yigit, eshitayapsizmi? Men sizdan homilador bo'p qoldim deyapman! Endi nima qilamiz?

— Nima qilardik? — pichirlab qo'ydi Bahodir…

Lekin kutilmaganda nimadir esiga tushgandek sapchib o'rnidan turib ketdi.

— Nima dedingiz? Q-qanaqasiga? Hali to'qqiz oy bo'lmadi-ku!..

Bu gapni eshitib Soniya kulib yubordi.

— Obbo soddagina-ey!.. To'qqiz oyda tug'adi-ku odam!..

— Hozir-chi? Hozir tug'maydimi?

— Yo'q, albatta.

Bahodir boshini changallagancha indamay qoldi…

— «Ha-a, ana endi yetib bordi, — xayolidan kechirdi Soniya. — Bemalol shartlarimni qo'yaversam bo'ladi…»

— Xo'sh, nima qilamiz? — so'radi u to'satdan jiddiy tortib. — Hademay qornim chiqib qolsa, odamlarga, qo'ni-qo'shnilarga nima deb tushuntiraman?

— Men nima qilishim kerak? Ayting!

— Domla chaqirib nikohlab olasiz!

— Domla?.. O'zingiz… Bizni tepadan turib nikohlab qo'yishgan degandingiz-ku!..

— To'g'ri, ammo bunga boshqalarni ishontirib bo'lmaydi. Agar machitdan domla aytib nikoh o'qitvolsak, kim kelib so'ragandayam men qo'rqmasdan sizni ko'rsataveraman.

— E, yo'-o'q, — dast o'rnidan turib kiyina boshladi Bahodir, — enam bilib qolsa, terimga somon tiqadi.

— Qayoqqa? — uning ikki bilagidan tutib o'ziga qaratdi Soniya. — Qochib qolmoqchimisiz?.. Qilg'ilikni qip qo'yib meni tashlab ketmoqchimisiz?.. Qani, yoting!..

— Nimaga?

— Nimaga bo'lsa o'shanga, yoting!..

— Nima qilaman yotib?

— Sizga bekordan-bekorga tanamni topshirib qo'yibmanmi? Kechalari yonimda yotasiz, meni erkalab chiqasiz deb shu ishga qo'l urganman. Bo'pti, qo'rqmang, homilani o'zim bir amallab yo'q qilaman. Yoting-chi qani!.. Bugun sizning bir adabingizni beray!..



O'NGIDAN KELGAN TUSh



Qachon uyquga yotishdi, yodida yo'q. Bahodir qotib uxlab qolgan ekan. Tushida bepoyon, yaydoq bir cho'lda yurganmish. Shu qadar chanqaganmishki, qancha yugurib yelmasin, hech qaerdan quduq topolmasmish…

Shu payt uzoqdan tuya yetaklagan bir ayol ko'rinibdi. Quvonib ketgan Bahodir o'sha tarafga qarab chopib ketibdi…

Afsuski, yaqin kelganda…

Ayolning sochlari yoyiq, yuzlarini tirish bosgan, bilaklaridagi oq dog'larga qaraganda, pes edi…

— Sen bola kimning qiziminan yotib yurganingni bilasanmi? — Bahodir yetib kelib nafasini rostlamasdan do'q ura ketdi ayol. — Mushtday boshingdan ayolning qo'yniga kirishni kim qo'yibdi senga?..

— Nima ishingiz bor? — dedi Bahodir achchiqlanib. — Bu mening ishim.

— He gijinglagan otga o'xshamay o'lgur!.. Jodugar qarg'amagan-da sen hezalakni!.. Shoshmay turgin sen!..

Bahodir ko'rdiki, ayol tuya ustiga osilgan xurjundan yo'g'on bir xoda chiqardi.

— Mana senga!.. Suyaklaringni sindirib itlarga yedirmasam, otimni boshqa qo'yaman!..

Tayoq yeyish xayolida yo'q edi. Birdan kelib beli aralash tushgan xoda zarbidan sakrab ketdi.

— Voy-y!.. Voy beli-im!..

— Ha betingdan buzilgur!.. Sen kimlarga tortding-a?.. Sharmanda qilding-ku-u!..

Bahodir navbatdagi zarba bo'yni aralash kelib tushgach, chidolmadi. Seskanib o'rnidan turib ketdi…

Ne ko'z bilan ko'rsinki, tepasida Salomat opa qo'lida xoda tutgancha qaqshab turardi…

Bahodir shundan keyingina bildi. U Soniyanikida uxlagan ekan-u, onasi bu ishidan xabar topibdi…

Lekin hayron bo'ldi. Soniyaning o'zi ichkarida ko'rinmasdi…



QISMATDAN QOChIB BO'LMAS



Salomat opaning ahvoliga qarab bo'lmasdi. Sochlari to'zg'igan, yuz-ko'zlari alamdan qizargan holda qochib borayotgan Bahodirning ortidan qon yig'lab qichqirar, qishloq kattalari esa, jodugarni qarg'ashdan o'zlarini tiya olishmasdi.

— To'xta, hoy bebosh bola! Qaerga qochayapsan?.. To'xtasang-chi!..

— To'xtamayman!.. — ortiga o'girilib javob qildi Bahodir. — Soniyani topib bermaguningizcha to'xtamayman!..

— Sen aqldan ozib qopsan!.. U qanjiq seni o'ziga jodulab olgan! Hali o'zingga kelsang, afsus qilasan, yashshamagur!..

— Men uni yaxshi ko'raman!..

— Bekorlarni aytibsan!.. Yaxshi ko'rish nimaligini qaerdan bila qolding?.. To'xta!..

Bahodir to'xtamadi. Shu chopgancha qishloqdan chiqib ikki tomoni keng dalalardan iborat serqatnov yo'lga chiqib bordi…

Salomat opa allaqachon ko'rinmay ketgandi.

— Qaytib bo'pman uyingga! — hansiray-hansiray so'zlanardi u chopishda davom etarkan. — Soniyani deyman!.. O'lsam o'lamanki, undan voz kechmayman!..

Shu tobda negadir ko'ngli ag'darilib, boshi aylana boshlaganini his etdi…

Qusmoqchi bo'ldi.

Ichida hech vaqo bo'lmagani sababmi, bir-ikki tupurib tashlay oldi, xolos…

Yigit-da, bosh aylanishiga e'tibor bermaslikka intilib, tobora oldinga yurdi. Afsuski, bosh aylanishi tobora kuchaya borib…

Bahodir yo'l o'rtasiga yuztuban yiqildi…

Qancha yotdi, Xudo biladi…

Hech bir tovushni, hatto, havoning issiq-sovuqligini idrok etmasa-da, yuzlariga kuh-kuhlab urilayotgan yoqimli, shabadaga o'xshash bir narsani his qilib turardi…

Yoqimli shabada ancha vaqt esib turdi chamasi…

Biroq… Qayoqdan kelayapti u?..

Bahodir buni ham anglab ololmasdi…

Bir mahal uning ko'zlari o'zidan-o'zi ochilib, tepasida boshiga oppoq salla o'ragan keksa bir odamni ko'rdi…

— Ana, o'ziga keldi bola!.. — deya oh tortib yubordi kimdir…

Bahodir sekin o'ng yonboshiga qaradi. U yo'lda emas, kimningdir uyida yotganini bildi…

— Men.. Qaerdaman?.. Soniya… Soniya qani?.. Sizlar kimsizlar?..

— Ha, azizlar, — dedi tepasida o'tirgan qariya uning savollariga javob berish o'rniga yonidagilarga yuzlanib — jodugar bu bechoraning ichini amalga to'ldirib tashlagan ekan. Do'zaxi-da folbinlar!.. Yaxshiyam vaqtida onasi payqab qopti onasi. Bo'lmasa, bir oyga yetmasdi bola!.. Xo'p, endi men boray! Salomatbibiga aytinglar, menikiga yana ikki marta olib kelsin!.. Inshoolloh, ko'rmaganday bo'p ketadi!..



KEYINGI PUShAYMON…



— Xudoga shukr, seni qaytib berdi!.. — so'rida yonboshlab yotgancha kitob mutolaa qilayotgan Bahodirning boshini silab qo'ydi Salomat opa. — O'sha megajin senday bolamni o'ldirib qo'yayozdi-ya!..

Bahodir sekin kitobni yoniga qo'yib Salomat opaga kulimsirab qaradi.

— Men sizni malomatga qo'ydim-a, ena? — so'radi ehtiyotkorlik bilan. — Kechiring!..

— Sira tushunolmayman. Qanday qilib o'sha yaramasning domiga tushib qolding? Qaysargina eding-ku!..

— Bilmadim, ena!.. Uning gaplarini ikki qila olmasdim… Sevib qolgandim uni… Bu aniq…

— Bekorlarning beshtasini aytibsan!.. Sevib qolganmish… Domlaning gapini eshitdingmi?.. Senga-chi, iflos qonini ichirib qo'ygan u! Agar men bilib qolmaganimda, juvonmarg bo'p ketarding!..

— Ha-a, tag'in ko'rgilari kep qoldimi?.. — koyigan bo'ldi Salomat opa.

— Yo'g'-e, ena, nimalar deyapsiz?.. Endi ko'zim ochildi. Ishoning, bundan keyin folbin zotiga yaqinlashmayman!.. Ular yomon bo'lisharkan. Uyatsiz bo'lisharkan!.. Men bilmasdim. Ilgari ularni yaxshi odamlar deb o'ylardim… Adashgan ekanman. Men… Yo'q, endi undaylardan nari yuraman. Yuzini teskari qilsin undaylarning!..

— Ko'zing ochilgani rost bo'lsin ishqilib!.. Xo'sh, endi men sovchilikka boraveraymi?..

Bahodir sekin kulib qo'ydi.

— O'zingiz bilasiz…

Oradan o'n besh kun o'tib o'sha onasi aytgan Muxlisa bilan to'ylari bo'ldi…

Shu kuni Salomat opa ichida bir necha haftadan beri saqlab yurgan gapni Bahodirga shipshitdi. Chunki domlaning qayta-qayta dam solishlaridan so'ng o'g'li o'ziga kelganiga, Soniyani boshqa tilga olmasligiga qattiq ishonib qolgandi.

— Soniya mendan rosa kaltaklarni yegach, qishloq kattalarining g'azabidan qo'rqib shaharga qochib ketgandi… Yo'lda mashina urib ketib o'libdi.
Категория: Hayotiy hikoyalar | Добавил: MILLIONER (23.12.2017)
Просмотров: 1495 | Теги: JODUGAR… | Рейтинг: 1.0/6
Всего комментариев: 0