Folga ishonib farzandimning oilasini buzdim Hikoya
— Men yoshim bir joyga borib qolganida juda katta xatoga yo'l qo'ydim. Bu xatoning zalvori shunchalar og'irki, oradan yillar o'tsa-da, hali-hanuz uning azobidan qutulolmayapman. Balki, umrim poyonigacha ana shu xatoim iskanjasida qiynalib yasharman. Chunki ro'y bergan voqeani na men, na o'g'lim va na kelinim bir lahza bo'lsa-da, yoddan chiqara olmaymiz.

Keling, yaxshisi, voqeani boshidan aytib bera qolay…

Kenja kelinimni tushirgach, dam olish uchun toqqa, singillarimning uyiga jo'nadim. Chunki o'tgan bir oyda kelinim ko'nglimdagiday ekanligiga ishonch hosil qildim va undan ko'nglim to'q edi.

Roppa-rosa bir oy o'tib, uyga qaytgan kunim qarindosh-urug' to'planib xursandchilik qildik. Hattoki qo'shnilarim: «Sarvi xola, to'ydan keyin yoshlarni asal oyiga jo'natish o'rniga o'zingiz jo'navoribsiz, tinchlikmi?» deya kulgiga ham olishdi. Ishonsangiz, o'shanda hammadan baxtli edim. Chunki erimdan keyin yolg'iz boshim bilan tarbiyalagan bolalarimning eng kichigini ham uylantirib bo'lgandim.

O'sha kuni kechki payt mehmonlar tarqalgach, uyda o'zimiz qoldik va men kiyimlarimni almashtirish uchun xonamga kirdim. Shunda tilla taqinchoqlarimni ham yechdim va tezda hovliga chiqdim. Ancha vaqtgacha kelinim, o'g'lim uchalamiz suhbatlashib o'tirdik. Yoz kuni emasmi, tashqarining salqin havosi dilimni yayratib yubordi va kelinimga supaga joy solib berishini aytdim.

Ana shundan keyin necha kun o'tdi, eslolmayman, katta qizim bizlarni uyiga taklif etdi. Jo'nayotib, tillalarimni qidirdim, joyida yo'q. Nazarimda, uni shundoqqina ko'zgu oldidagi tortmaga qo'ygandim. Topolmagach, kelinni chaqirdim va taqinchoqlarim turgan joyida yo'qligini aytib, boshqa joylarni izlab ko'rishini so'radim. To'g'risi, bu paytda kelinimdan gumonsiramadim, aksincha, qarilik tufayli qo'ygan joyim yodimdan ko'tarilgandir, deb o'yladim. Biroq qancha izlamaylik, taqinchoqlar topilmadi. Garchan dilim xira bo'lsa-da, qizim qaynonasi bilan bizni kutayotgani uchun mehmondorchilikka jo'nadim. Taqinchoqlarim yo'q emas, ammo yo'qotganlarim erimdan yodgorlik edi. Shuning uchun har gal bazm va to'ylarga faqat ana o'shalarni taqardim.

O'lganning ustiga tepgandek qizimning uyiga borganimizda qizim ham aynan tillalarimga e'tibor beribdi. Yolg'iz qolishimiz bilan:

— Onajon, nima uchun otam olib bergan taqinchoqlaringizni taqmadingiz? Ular sizga boshqacha yarashardi-da, — dedi.

Men o'lgur, unga «Shunchaki, boshqasini taqqim keldi», deya olmadim. «Qizim, ularni qaerga qo'yganimni bilmayapman. Kim bilsin, balki, singling taqib ketgandir?! Uni bilasan, uyga keldi deguncha, ko'ngliga nima yoqsa, olib ketaveradi. So'rashni esa xayoliga ham keltirmaydi. Nodira olib ketgan bo'lsa kerak, deb turibman», dedim. Qizim darhol singlisiga telefon qildi va salom-alikni ham nasiya qilib: «Nodira, onamning tillalarini olib ketganmishsan?» dedi. U yoqdan rad javobini eshitgach, singlisi bilan xayrlashib ham o'tirmay, telefonni o'chirdi va menga yuzlanib: «Onajon, buni shunday qo'yib bo'lmaydi, yaxshisi, romchiga boramiz. Men kuchli bir folchini bilaman. Uyingizda bo'lib tursangiz, ertagayoq sizni o'sha yerga olib boraman», dedi. Avvaliga rozi bo'lmadim, keyin «Folga ishonma, folsiz ham yurma», degan naqlga ishonib, ertasi kuni qizim bilan folbinning uyiga bordik.

Romchi o'zicha allanimalar qildi, nimalarnidir o'qidi va qo'lidagi qartalarga qarab: «Tillalaringizni keliningiz olgan. 5-10 kun oldin qarindoshlari kelgandi. O'sha qarindoshlariga berib yuborgan», dedi qat'iy qilib.

Folbinning so'zlarini eshitib, to'g'risi, dovdirab qoldim. Keyin: «Kelinim tushganiga hali ko'p bo'lmadi, ammo undan yomonlik chiqishiga ko'zim yetmaydi. Axir shu vaqtgacha biror nojo'ya harakatini sezmadim», deya kelinimni oqlay boshlagandim, folbin meni to'xtatdi va yana jiddiyroq ohangda: «Keliningiz kuchli domlaga borib, tilingizni bog'latib kelgan. Siz unga gapira olmaysiz. Hattoki ro'zg'ordagi kamchiliklarini ham ko'rmaslikka olasiz. Xullas, u sizni xonavayron qilmaguncha tinchimaydi, siz esa hoziroq keliningizni haydab yubormasangiz, butun umr unga mute bo'lib qolasiz», dedi.

Avvaliga ishonib-ishonmasam-da, folbinning yuqoridagi so'zlaridan keyin ko'nglimga gumon in qura boshladi. Darhaqiqat, kelinimni yosh deb o'ylabmi yoki yangi uyga o'rganguncha o'z erkiga qo'yay debmi, xullas, hamisha aybidan ko'z yumib kelardim. Folbinning oldidan chiqib, bir ahvolda uyga yetib keldim. Xoh ishoning, xoh ishonmang, hovlida kutib olgan kelinim ko'zimga boshqacha ko'rindi. O'zimni zo'rg'a bosib, xushlamaygina salomiga alik oldim-u, xonamga kirib ketdim. To'g'risini aytsam, haliyam karaxt edim. Shu darajada o'ylovda ekanmanki, men bilan birga xonamgacha kelgan qizimni ham unutib qo'yibman. Ichkariga kirganimga hech qancha vaqt o'tmay, qizimning shovqini xayollarimni to'zg'itib yubordi va jon holatda hovliga yugurdim. Ne ko'z bilan ko'rayki, qizim kelinimning sochlaridan ushlagancha: «Onamning tillalarini nima qilding?! Qaysi qarindoshingga berib yubording?! Rostini ayt, yo kimgadir sotib yubordingmi?!» deya so'roqlardi. Qanday yetib bordim, bilmayman, ammo shunisi esimdaki, ularning yoniga borishim bilan kelinimning sochidan qizimning qo'llarini ajratib oldim-u, o'zini sudragancha: «Sen uyingga bor! Bu uydagi muammo bizniki. Uning senga dahli yo'q!» deya haydab yubordim. Qizim jahl bilan ketdi. Men hovliga qaytdim, ammo bo'layotgan voqeaga tushunib-tushunmay, bir ahvolda o'tirgan kelinimga biror so'z demay, yana o'z xonamga kirib ketdim.

Juda ko'p o'yladim, kelinim bilan gaplashib ko'rmoqchi ham bo'ldim, biroq nimadir bunga yo'l bermadi. U yurak yutib, menga yaqinlasha olmadi. O'g'limga nima degan, bilmadim, u ham mendan biror gap so'ramadi. Hammamiz jim yursak-da, yuragimdan xotirjamlik ko'tarilgandi. Kelinimning har bir harakati shubhali ko'rinib: «Shu vaqtgacha ichimda ilon saqlagan ekanman», degan o'y bir zumga ham meni tark etmadi. Arzimagan narsadan katta janjal ko'tarib, axiyri «o'g'ri» degan nom bilan kelinni uydan haydadim. Gapning nimadaligini bilmoqchi bo'lgan o'g'limni jerkib tashladim. Xotinining aybsizligini bilgani uchun ham undan ajralmasligini aytganida esa qat'iy shart qo'ydim: «Yo meni deysan yoki o'sha o'g'rini!»

Vajohatimga qarshi bora olmagan o'g'lim xotini bilan ajrashishga majbur bo'ldi.

Biroq ko'nglimdagidek kelin topgunimgacha ancha vaqt o'tdi. Bu orada haydalgan kelinim boshqa turmush qurib, o'g'illi bo'ldi. Ko'nglimga yoqqanini topib, to'y taraddudini boshlaganimda esa kutilmagan voqea yuz berdi va bu meni batamom yerga ag'dardi.

Qizlarim bilan uy tozalashni boshladik. Ne ko'z bilan ko'rayki, tutilmaydigan chinnilar ichida kelinimni o'g'riga chiqarishimga sabab bo'lgan tillalarim turardi. Oyoq-qo'llarim muzlab qoldi. Bir oilaning parokanda bo'lishiga, guldek kelinimga tuhmat qilishimga sabab bo'lgan, folbinni ham, uning so'ziga kirgan o'zimni ham ich-ichimdan qarg'ardim. Bu ahvolni ko'rib turgan katta qizim ham o'z aybini his qilgancha jim qoldi.

Ana shu ahvolda qancha o'tirdik, shuni bilamanki, qizim ham xuddi mendek qilgan xatosidan ming-ming pushaymon edi.

Ha, azizlar, so'nggi paytlarda bir narsasini yo'qotgan, biror ishda shubhaga borgan kishilar, ayniqsa, xotin-qizlarning aksariyati muammoning yechimini topish uchun folbinga borishadi. Oilaviy ajrimlarni keltirib chiqaradigan, akani ukadan ajratadigan, qudalar, qo'shnilar, hamkasblar orasiga sovuqchilik tushiradigan folbinlar g'ayb ilmini bilishini da'vo qilishadi. Folbinlarga boruvchilar esa vaqti, sog'ligi, puli bekorga ketganligining hisobini qilishmaydi. Romchilarning aldoviga ishonib, pul va mol-dunyosidan ayrilganlari-ku, mayli, yaqinlarining ko'ngliga ozor yetkazib qo'yayotgani haqida o'ylab ham ko'rishmaydi.

Men tillalarimni topdim, ammo uni o'g'limga ko'rsata olmadim. Uning ko'zlariga boqa olmasligimdan ezildim. Hozir bu tillalarni taqib ham yurolmayman, chunki ular zaharli ilon kabi tanamga botadi. Gunohsiz kelinimning oldiga esa qay yuz bilan bora olardim?! Unga Allohdan bekamu ko'st baxt so'rab, duo qilishdan o'zga choram yo'q.

Azizlar, siz men qilgan bu xatoni aslo takrorlamang.
Категория: Hayotiy hikoyalar | Добавил: MILLIONER (24.12.2017)
Просмотров: 2171 | Теги: Folga ishonib farzandimning oilasin | Рейтинг: 3.0/18
Всего комментариев: 0