Shokoladli maffin — arzon va oson tayyorlanadigan haqiqiy lazzat!
Uyingizga kechki payt mehmonlar kelishi kutilayotgan hamda ularni biror mazali va g'aroyib shirinlik bilan mehmon qilmoqchi bo'lsangiz, shokoladli maffin eng yaxshi echim bo'la oladi!

Yumshoq, shirin, og'izda eriydigan shirinlikni uyda o'zingiz ham tayyorlay olasiz. Qolaversa, uni tayyorlash ko'p vaqtingizni olmaydi, kerakli masalliqlar esa yo allaqachon uyingizda bor, yoki xarid qilmoqchi bo'lsangiz ham qimmat emas.
Kerakli masalliqlar (8 porsiya uchun):

Sariyog' yoki margarin (yumshatilgan) — 1/4 stakan;
shakar — 1/4 stakan;
tuxum (yirigi) — 1 dona;
un — 2/3 stakan;
razrixlitel — 1 choy qoshiq;
kakao kukuni — 1 osh qoshiq;
qora shokolad — 60 gramm;
shakar pudrasi.

Tayyorlanishi

Duxovka 180 darajagacha qizishi uchun oldindan yoqib qo'yasiz. Maffinlar uchun 12 ta shaklchaga pishiriq qog'ozi to'shash kerak bo'ladi (kekslar uchun mo'ljallangan har qanday shakllar to'g'ri keladi).

Kattaroq idishga sariyog' (margarin), tuxum, shakar va kakaoni solamiz. Ustidan un va razrixlitelni solib, mikser bilan past tezlikda u bir xil shaklga kelguncha aralashtiramiz.

Xamirning yarmini shaklchalarga taqsimlab chiqasiz.

Shokoladni 8 bo'lakka bo'lib, shokoladli xamir ustiga yengil bosib kiritasiz, ustidan qolgan xamirni quyasiz.

Qizigan duxovkada 20 daqiqaga yaqin pishirasiz. Tayyor maffinlarni shaklchalardan olib, biroz vaqtdan so'ng shakar pudrasidan sepasiz.

Muhimi — ularni issiq holida dasturxonaga tortish kerak! Aks holda shokolad qotib qoladi va mazasi kutilgandek bo'lib chiqmaydi. Agar ular sovishga ulgurgan bo'lsa, duxovka yoki mikroto'lqinli pechda qizdirib olish mumkin.
Категория: Shirinliklar dunyosi | Добавил: MILLIONER (20.12.2017)
Просмотров: 2377 | Теги: Shokoladli maffin | Рейтинг: 5.0/1
Всего комментариев: 0