Eng foydali va ommabop nonushta: granola
Oxirgi vaqtlarda granola dunyo bo'yicha eng ommabop va foydali nonushtaga aylandi. Bu qanday taom?

Granola — AQShda nonushta uchun tayyorlanadigan taom bo'lib, u maydalangan suli yormasi, yong'oqlar va asalni o'z ichiga oladi. Ba'zan esa unga qarsildoq holatga kelguncha toblab pishirilgan guruch ham qo'shiladi. Qolaversa, unga mayiz yoki xurmo kabi quruq mevalardan ham qo'shish mumkin.
Granola shunisi bilan yaxshiki, uni bir tayyorlashda butun ish haftasiga yetadigan qilib tayyorlab qo'yish mumkin. U tarkibidagi funduk va bodom yog'i tufayli teri, soch va tirnoqlarning holatini yaxshilaydi. Bundan tashqari, granola juda to'yimli bo'lgani uchun tushlikka qadar quvvat beradi.

Zarur masalliqlar: (5 porsiya uchun)

– donalaridan tozalanib, maydalangan 10 ta xurmo;

– 1 stakan kokos qirindisi;

– 1 stakan maydalangan funduk yong'og'i;

– 1/2 stakan bodom yog'i;

– 1/3 stakan maydalangan bodom;

– 1/3 stakan qovoq urug'i;

– 2 osh qoshiq qirg'ichdan chiqarilgan zanjabil tomiri;

– 1 chimdim maydalangan muskat yong'og'i;

– 1 chimdim maydalangan dolchin.

Tayyorlanishi:

Duxovkani 180 darajagacha qizdiramiz. Barcha masalliqlarni idishga solib, undagi har bir quruq bo'lakcha yog' bilan qoplanishi uchun yaxshilab aralashtiramiz.
Aralashmani pergament to'shalgan listga joylab, duxovkada 10—15 daqiqa davomida pishiramiz. Granolaning tilla-jigarrangga kirishi uning tayyor bo'lganligini bildiradi.
Nonushtani sovutib, germetik idishga joylaymiz.
Tayyor nonushta 5 ta nonushtaga yoki besh kishi uchun bir martalik nonushtaga yetadi.
Категория: Pazandalik sirlari | Добавил: MILLIONER (20.12.2017)
Просмотров: 1399 | Теги: Eng foydali va ommabop nonushta: gr | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0