наверх
Новие фото

Tabiat


Tabiat


Tabiat


Tabiat


Tabiat


Tabiat


Tabiat


Tabiat


Tabiat


Tabiat

Статистика сайта
Онлайн всего: 10
Гостей: 10
Пользователей: 0
Никого нету
Личный кабинет
Логин:
Пароль:
Популярные файлы

20:22
«Real» nima qilmoqchi? Hatto Zidan uchun ham noma’lum bo‘lgan oqibat haqida
«Selta»ga qarshi o‘yinda maydonga chiqqan barcha 11 futbolchi o‘tgan yili ham «Real» tarkibida to‘p surishgandi. Axir esingizdan chiqmagan bo‘lsa kerak, madridliklar bu yozda 303 million yevroni transferlarga sarfladi va bu ko‘rsatkich joriy transfer oynasi uchun rekord bo‘lib turibdi. Championat.com sayti ijodkorlari aynan shu rakursdan «Real»dagi vaziyatga nazar tashlab ko‘rishdi.

«Barselona» va «Atletiko» deyarli barcha xaridlarini maydonga sinab ko‘rdi, Angliyada Rodri ilk turlardanoq «Manchester Siti»ning muhim bo‘lagiga aylandi, «Yunayted» yozda kelib qo‘shilgan uch futbolchiga ham tarkibdan joy topib berdi, umuman, transfer oynasida faol bo‘lgan barcha klublarda shunaqa vaziyat.

Ammo Zidan mavsumning ochilish o‘yinida birorta ham yangi futbolchini tushirmadi, buning ustiga, yoz bo‘yi sotib yuborishga harakat qilingan Garet Beyl ham asosiy tarkibda o‘ynadi. «U ketsa, hammamiz uchun yaxshi bo‘ladi», – degandi murabbiy 21 iyul kuni. Shanba kungi o‘yindan so‘ng esa, Zidan futbolchining qolishini aytdi.

Bu qanaqadir xato yoki ahmoqlik emas. Zidanning xohishiga ham aloqasi yo‘q, shunchaki, jarohatlar «Real»ning rejalariga xalaqit bermoqda.

Yaqindagina hammasi zo‘r ketayotgandi. Klub olti nafar futbolchi sotib oldi va ularning har biri ma’lum maqsad uchun sotib olinayotganini payqash qiyinmasdi. Mendi, shunchaki Marseloga raqobatchi emas, u boshqacharoq uslubda ham o‘ynay olishi va ayniqsa, yuqori pressing uchun qo‘l kelishi ham mumkin. Militao bemalol uchinchi markaziy himoyachi bo‘la oladi, Varanning jarohatlarga moyil ekanini e’tiborga olsak, foydali. Yovichning eng muhim xususiyati, Benzemadan farqli ravishda vaziyatlardan oqilona foydalana oladi. Azar – jamoaning yangi yulduzi, o‘tgan mavsumda aynan u kabi futbolchilar yetishmagandi. Umuman oqilona va kuchli transferlar. Keyin esa, muammolar boshlandi.

Asensio jarohati tufayli, deyarli butun mavsumni o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi. Shuningdek, Braim Dias, Mendi, Rodrigo va Azar ham birin-ketish jarohatlanishdi. Yovich Madrid klubiga keliboq jarohat olgandi va u tiklanib ulgurdi.

Balkim Antonio Kontega «Inter»da yordam bergani ketgan fizioterapevt Antonio Pintusning yo‘qligi bilingandir? Ammo uning o‘rniga kelgan Gregori Dyupon ham oddiy odammas – u «Lill»ning yangi asrdagi qayta tug‘ilishidan (to‘rt marta uchinchi o‘rin, ikki marta ikkinchi o‘rin, bir marta chempionlik va Fransiya kubogi) ishtirokchilaridan bo‘lgan, Fransiya terma jamoasi bilan Rossiyadagi jahon chempionatida qatnashgan. Uning jalb etilishi «Real» uchun xato emas, zero mavjud jarohatlarning xarakteri ham Dyuponga bog‘liq emasligidan dalolat qilmoqda. Bu hozircha, shunchaki, vaziyat taqozosi bo‘lib turibdi.

Har qanday jarohat ham noxush, ayniqsa, Azarning jarohati juda katta omadsizlik bo‘ldi deb bemalol aytish mumkin. Chunki «Real»dagi islohotlar shunchaki so‘z emas, tarkib va o‘yin borasida sezilarli o‘zgarishlarni talab qilayotgandi. Azar esa, bu jarayonning markazida bo‘lishi kerak.

Anchelotti davridan beri «Real» o‘yini Krishtianu Ronaldu atrofiga qurilgan. Vaqt o‘tib, Ronalduning jismoniy imkoniyatlari pasaygach, ya’ni u endi jarima maydonida ko‘proq harakat qiladigan hujumchiga aylangach, «Real» uslubi ham soddalasha boshladi. Muhimi, to‘pni jarima maydoniga yetkazish, qolganini Krishtianu eplaydi. 2013-18 yillarda «Real» jarima maydoniga amalga oshirilgan krosslar bo‘yicha Ligada uchinchi o‘rindan pastga tushmagan, ikki marta birinchi o‘rinda bo‘lgan. O‘tgan mavsumda esa, bu borada biroz pasayish bo‘lsa-da, baribir ko‘rsatkichlar «Atletiko»dan ko‘proq, hatto «Barselona»dan ikki barobarga. Ya’ni, Ronaldu ketganidan keyin ham, «Real» o‘sha uslubga sodiq qoldi va o‘yin o‘zgarmadi. Bu esa, natijaga salbiy ta’sir ko‘rsata boshladi.

Bu muammoni Azarning transferi hal qilishi kerak. Azar shunday futbolchiki, uning ustunliklari asosida «Real» o‘z o‘yinini qurishi mumkin. U o‘zini to‘p bilan yaxshi his qiladi, jamoa yerdan to‘pni nazorat qilganda foydali o‘ynaydi va muhimi, u faqat jarima maydoni futbolchisi emas. Tarkibda Azar bilan na Mourino, na Konte va na Sarri krosslar yordamida o‘ynashga harakat qilgan. Belgiyalik hujumchi Londonda to‘p surgan yillarda, faqat bir marta, 2015/16 yilgi mavsumda «Chelsi» krosslar soni bo‘yicha o‘tgan yilgi «Real» ko‘rsatkichlariga yaqinlashgan xolos – o‘shanda jamoa 10-o‘rinni egallagandi.

Azarning atrofida o‘yin qurish Zidan uchun ham katta chaqiriq. Ikki yarim yillik muvaffaqiyat tufayli, Zidan har qanday tanqidchining ovozini o‘chira olardi, ammo baribir, savol ochiqligicha qolgan – Zidan qanday murabbiy?

O‘sha yillarda Zidan vaziyatlardan juda munosib chiqib ketgan, holatga qarab juda to‘g‘ri va aqlli qarorlar qabul qilgan, ammo global ravishda biror narsani o‘zgartirish vazifasi hali qo‘yilmagandi. Zaxira orqali o‘yinni kuchaytirish – a’lo, o‘yinni boshqarish – a’lo, tarkibdagi kichik o‘zgartirishlar – a’lo, ammo masalan, pozitsion o‘yin qurish bo‘yicha Zidan qay darajada muvaffaqiyat qozona olishi mumkin, bilmaymiz. U jamoani yuqori pressingda o‘ynashga o‘rgata oladimi, bilmaymiz. Biz hali uning rejalari haqida ham ma’lumotga ega emasmiz.

Azarning mavsumoldi o‘yinlaridagi ishtiroki hali butun kartinani namoyish qilmadi. Jamoa turnirda yaxshi o‘ynay olmadi, tarkib va sxema borasidagi doimiy eksperimentlar esa, asosiy konsepsiyani yashirdi.

Azarning jarohati esa, endi Zidanda o‘zgarishlarni amalga oshirish imkoniyatini yo‘qqa chiqardi va endi hammasini mavsum davomida qilish kerak. Birinchi turda nafaqat tanish tarkib, balki tanish o‘yin uslubini ko‘rdik. Madridliklar alohida epizodlar hisobiga raqibni yengishdi, ammo butun o‘yin davomida ustunlik ko‘zga tashlanmadi. Dastlabki ikki gol Beyl va Kroosning individual mahorati mevasi, uchinchisi esa, umuman eski onlarni yodga solib yubordi – o‘yin oxiri, Zidan sxemani almashtirib, yarim himoyada uch emas, to‘rt kishi bilan o‘ynay boshlaydi, Vaskes qarshi hujumda gol uradi – biz buni ilgari juda ko‘p ko‘rganmiz.

Tarkib hali ham to‘liq shakllanmagan. Markaziy yarim himoyaga futbolchi kerak. Aynan shu vaziyat o‘sha eski «Real»ni, Florentino Peresning transfer o‘yinlarida o‘z murabbiyi ustidan doimiy g‘alabalarini yodga solyapti. Sababi, tilga olinayotgan nomlar o‘yin uslubi va ustunliklari jihatidan bir biriga umuman o‘xshamagan futbolchilardir.

«Real» yangi galaktikosni quryapti, lekin Zidan hozirgi yarim himoya uchligiga aynan nima yetishmayotganini o‘rganib, shunga mos futbolchi izlanishi maqsadga muvofiq emasmi?

Pol Pogba, Kristian Eriksen va Donni van de Bek. Bu futbolchilarning umumiyligi nimada? Anglash qiyin. Pogba to‘p bilan ajoyib harakat qiladi, lekin pozitsion harakatlanish va pressingda deyarli ishtirok etmaydi. Van de Bek to‘psiz va bo‘sh zonalarga harakatlanish bo‘yicha tengsiz, pressingga ajoyib yordam beradi. Eriksen – universal, «Tottenhem»da «o‘nlik» pozitsiyasida ham, kerak bo‘lganda tayanch zonada ham yoki qanotlarda ham to‘p sura oladi. Eriksen har qanday top-klubga mos keladi. Ammo Pogba va van de Bek har qanday o‘lchovda bir-biriga qarama-qarshi tomonda joy olishlari aniqku? Mana shu sababning o‘zi ham, Eriksenning munosibroq tanlov ekanini ko‘rsatmoqda.

Muhim pozitsiyadagi bunday tushunmovchiliklar balki Zidanning ora-sira chiqib turgan noroziliklariga sabab bo‘layotgandir. Modrich – Kross – Kazemiro uchligi mukammal, bu yerda rollar ajoyib taqsimlangan, lekin bu uchlik Madridga uchta Chempionlar Ligasini keltirib bo‘ldi. So‘nggi ikki yilda bu uchlikdagi hech qaysi futbolchida o‘sish kuzatilmadi, ammo hozirda, mavsum startida aynan shu uchlik «Real»ning asosiy ishonganlari bo‘lib qolmoqda.

Vaziyat g‘alati, klub 300 milliondan ortiq sarflab bo‘ldi, ammo biz hali ham qanday o‘yin kutish mumkinligini bilmaymiz. Axir Pogba yoki van de Bekning transferi jamoa o‘yin uslubini o‘zgartirishi aniq. Kamida pressingga nisbatan munosabat nuqtai nazaridan. Umuman olganda, «Real»da rostan ham revolyutsiya, ammo u bir joyda qotib turibdi – uning oqibati esa, hali natijaga javobgar shaxs uchun ham ma’lum emas.
Категория: Sport yangiliklari | Просмотров: 28 | Добавил: ADMINISTRATOR | Теги: kunlik, Sport, yangiliklari | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar