наверх
Новие фото

Tabiat


Tabiat


Tabiat


Tabiat


Tabiat


Tabiat


Tabiat


Tabiat


Tabiat


Tabiat

Статистика сайта
Онлайн всего: 24
Гостей: 24
Пользователей: 0
Никого нету
Личный кабинет
Логин:
Пароль:
Популярные файлы

20:31
«Faqat grechka». Rossiyaliklar oddiy maoshga qanday kun kechirmoqda?
Yaqinda Rossiyadagi obro‘li nashrlardan biri bo‘lmish «Moskovskiy komsomolets» saytida 2014 yilda Rossiya – Ukraina mojarosi ortidan xalqaro sanksiyalar tufayli Rossiyada yuzaga kelgan iqtisodiy inqiroz sababli oddiy rossiyaliklar qanday ahvolga tushgani haqida maqola e’lon qilindi. Maqolada Rossiyaning turli shaharlarida yashayotgan aholi vakillari yashash tarzi haqidagi hikoyalar keltirilgan. Ularning aksariyati 2014 yilda boshlangan iqtisodiy inqiroz ortidan qanday ahvolga tushib qolgani haqida shaxsan hikoya qilib bergan.

Maqolani o‘qir ekanman, o‘sha hikoyalarda mubolag‘a qilinyapti deb o‘ylamadim. Chunki inqiroz ortidan rublning ikki baravar qadrsizlanishi, neft narxining tushib ketishi, jahon bozorida xom ashyo narxining keskin arzonlashishi haqiqatan Rossiyani og‘ir ahvolga solib qo‘ydi. Bu esa asosan aholining zaif qatlami bo‘lmish o‘rtahollar va kambag‘allarning turmush tarziga ta’sir etdi.

Har yili Rossiyaga borib ishlab keladigan tanishim o‘sha yillarni eslar ekan, shunday deydi:

«2015 yilgacha Rossiyaning turli shaharlarida, ko‘cha-ko‘yda faqat spirtli ichimlik ichishga o‘ta berilib qolgan kimsalar ‘yarimta aroqqa pul ber’ deb tilanchilik qilardi. 2015 yildan boshlab ko‘chalarda ‘nonga pul ber’ deb tilanadigpn pensioner chol-kampirlar ham paydo bo‘ldi. Ungacha Rossiya shahar-qishloqlarida ‘nonga pul ber’ deb hech kim tilanchilik qilmasdi. Aholining hamma qatlami yaxshi hayot kechirardi. Lekin 2014 yildan keyin hammasi o‘zgardi».

Ha, hozircha xalqaro sanksiyalar ortidan Rossiyadagi oddiy aholiga havas qilib bo‘lmaydi. «MK.ru» nashri ham o‘z maqolasida shu jihatlarga e’tibor qaratibdi.

Quyida maqolani keltiraman.

Millionlab rossiyaliklar oyiga 11–13 ming rublga yashayapti. Aniqrog‘i, yashash uchun kurashyapti. Ovqatdan tejash, kredit to‘lash, ota-onaga yordam berish – bu millionlab rossiyaliklarning boshiga tushgan taqdir.

Muxbirlarimiz Rossiyaning turli hududlarida jamiyatda turli mavqega ega bo‘lgan insonlar bilan suhbatlashib, ularning turmush darajasi bilan qiziqdi. Ularning hammasini bir narsa bog‘lab turibdi: ular bugun yashash uchun kurashmoqda.

Ularning aksariyati kechagi hayoti bilan bugungi hayoti o‘rtasidagi farqlarni so‘zlab berdi. Eng qizig‘i, ularning ayrimlari ism-sharifini ham aytishdan qo‘rqqan bo‘lsa, ba’zilari shunchaki xohlamagan.

Stavropollik yolg‘iz ona: «O‘zimni qulday sezaman»

Natalya Stavropolda yashaydi. Kasbi yurist. U ikkinchi sinfda o‘qiydigan qizchasini yolg‘iz o‘zi tarbiyalayapti. U qullikda va nochorlikda yashayotganidan yozg‘iradi.

Uning daromadi barqarorlik ortidan bundan ham yaxshi bo‘lishi mumkin edi. Ammo unday bo‘lmadi. U maoshini oylab kutadigan bo‘ldi. Ancha vaqtdan beri unda faqat bir masalada barqarorlik bo‘ldi – har oy kechiktirmasdan 18 ming rublni ipoteka krediti uchun to‘laydi.

«2014 yilda hozir yashayotgan uyimni ipotekaga olganimda oylik daromadim 40 ming rubl edi. O‘shanda kelajakda yana maoshim o‘sib boraverishiga, hayotim yanada yaxshilanib boraverishiga ishonganman. Lekin unday bo‘lmadi. Rossiya 2014 yilda inqirozga uchradi. O‘sha yili bir tarafdan dollar kursi qariyb uch baravar oshib ketdi. Ikkinchi tarafdan esa maoshimni qariyb yarmiga qisqartirishdi. Eng yomoni, o‘sha qisqartirilgan maoshni olishda ham qiyinchilik yuzaga kela boshladi. Yangi ish topish haqida o‘ylay boshladim. Sal vaqtda yangi ish topish haqida jiddiy bosh qotirishimga to‘g‘ri keldi. Chunki ishlab turgan ishxonam butunlay yopildi. Shu tariqa men yo‘qsil kambag‘alga aylandim.

Oradan vaqt o‘tib, yangi ish topdim. Lekin bu yerda ham uzoq qololmadim. Chunki 2018 yil oxirida maoshimizni oylab to‘lay olmagan bu firma ham o‘z faoliyatini to‘xtatdi. U bankrot bo‘ldi. Shundan buyon qo‘limdagi shundoq ham oz qolgan mablag‘ni tejashga va arzimagan 2–3 ming rublga amallab kun ko‘rishga majbur bo‘lyapman.

O‘zimni qulday sezyapman. Men yashamayapman, yashash uchun kurashyapman. Ayni damda pensiya oladigan ota-onam hisobidan yashayapman. Onam hatto menga yordam berish uchun pensioner holida ishlayapti. Bu judayam og‘ir holat, ish topa olmay qari ota-onangni hisobidan yashash. Kommunal to‘lovlardan qarzim anchaga borib qoldi. Ulardan qarz bo‘lmasligim uchun har oy 7–10 ming rubl kerak. To‘g‘ri, har oy qarzimni oz-oz to‘lab boryapman. Biroq yangi oy to‘lovi qo‘shilib, o‘sishda davom etmoqda.

Qishda issiqlikni imkoni boricha tejashga urinamiz. Qizcham bilan issiqroq kiyinib o‘tiramiz. Uxlashga yotganda ham issiq kiyinib uxlaymiz. Qizimning kiyimlari urinib qolgan. Yangilarini sotib olishga hozircha imkonim yo‘q. Holatimizni ko‘rib-bilib turgan do‘stlarim yordam qilyapti. Maoshimni olgunimcha qarz ham berib turishadi, rahmat ularga. Maoshimni olgandan keyin avvalo qarzlarimni qaytarishga shoshilaman. Yana qo‘limda bir tiyin ham qolmaydi. Yana qarz olaman. Qaytaraman, yana olaman.

Qizim ikkalamizning yeyish-ichishimizda xilma-xillik yo‘qolib ketganiga ancha bo‘ldi. Go‘shtni anchadan beri ololmaymiz. Faqatgina Yangi yil bayramida muzlatkichni muzxonasida yotgan bir bo‘lak go‘shtni solib ovqat pishirdim. Qizim o‘sha go‘shtdan yeyayotganida qanchalik xursandligini ko‘rib, yo‘qchilikda kechayotgan umrimizni o‘ylab yuraklarim ezilib ketdi.

Qizim juda aqlli va u qiyinchilikda toblanib o‘syapti. Maktabda a’lo baholarga o‘qiydi. Badiiy gimnastika to‘garagiga boradi. U haqiqiy kurashchi, qiyinchiliklardan qo‘rqmay shug‘ullanadi. Shu tufayli ham o‘zi ishtirok etayotgan har bir musobaqadan medalsiz qaytmaydi. Uning badiiy gimnastika to‘garagiga qatnashi anchagina mablag‘ talab qiladi.

Haftada to‘rt kun mashg‘ulot, shuningdek, turli musobaqalarga borish, chiqishlari uchun yangi kiyim albatta kerak.

Men qizimning qiziqishlari uchun albatta pul topib berishim kerak. Ammo qayerdan? Bu haqda o‘ylashga ham qo‘rqaman. Uyda qo‘shimcha ish olyapman. Onam esa bunga qarshi.

Hozirgi holatimizda bunchalik ko‘p xarajat bilan yashash qiyin. Biz ham kino, qahvaxona yoki mehmonga borgimiz keladi. Lekin buning iloji yo‘q. Avvalambor bunga yo‘qchilik yo‘l qo‘ymasa, ikkinchi tarafdan uyga qo‘shimcha ish olayotganim uchun vaqtim ham yo‘q.

Do‘stlarimnikiga quruq qo‘l bilan mehmonga borishga ham uyalaman.

Kelajakda ahvolimiz yaxshi tarafga o‘nglanishiga ishonaman. Chunki yaqinda davlat tashkilotiga ishga kirdim. Yangi ish joyimda birinchi maoshimga qo‘shib maoshimning yarmiga teng mukofot puli berishdi.

Bugun barqaror daromadga ega bo‘lishning birdan-bir yo‘li davlat tashkilotlarida ishlash bo‘lib qoldi. Yangi ish joyimda shunday ishlaymanki, toki yaxshiroq o‘rnashib olay va u yerda uzoqroq ishlay. Ammo yaqinda Rossiyada davlat tashkilotlarida, xizmatlarida ishlayotgan ishchi-xizmatchilarning ish o‘rni qisqartirilishi haqida o‘qib qoldim va o‘shandan beri yuragimda yana sanchiq turdi».

Krasnodarlik harbiy pensioner: «Kundan kun ahvol yomonlashyapti»

Andrey Nekosov – faol fuqarolik pozitsiyasiga ega ishlovchi pensioner. Davlat unga harbiy suv osti kemasidagi uzoq yillik xizmati uchun 12 800 rubl pensiya beradi. Pensiyasi haqida gap ochilganda Andrey shunday deydi:

«Ancha kam, lekin bundan ham kam olayotganlar yashayaptiku! Aslida 2014 yilgacha dollar kursi 28–30 rubl bo‘lgan va shunga monand oziq-ovqatlarning narxi ancha arzon bo‘lgan davrda olayotgan pensiyam menga bemalol 1 oy tirikchilik uchun yetar edi. Ammo 2014 yilda boshlangan iqtisodiy inqiroz tufayli nafaqat dollar kursi, balki unga hamohang oziq-ovqat mahsulotlarining narxi ko‘tarilib ketishi ortidan, tirikchiligimni o‘tkazishim ham qiyinlashib boraverdi».

Olayotgan pensiyasi o‘rtacha yashashi uchun ham yetmagan Nekosov qo‘shimcha ish topishga qaror qildi va bir korxonadan eng kam maoshli, ammo ishi uncha og‘ir bo‘lmagan ish topdi.

«Amallab yashayapman. Asosan eng arzon narsalarni xarid qilaman. Uyoqda teja, buyoqda teja jonimga tekkan, lekin bundan boshqa imkonim yo‘q. Do‘kondan xarid qilayotganimda albatta bonus kartochkasini saqlab qo‘yaman. Qayerda ko‘proq arzonlashtirilsa, o‘sha yerdan xarid qilaman.

Qanchalik tejab ishlatmay, daromadim bir oylik xarajatlarimga zo‘rg‘a yetadi.
Hatto ustaraga ketadigan pulni tejash uchun soqolimni ham olmay qo‘ydim.

Xudo ko‘rsatmasin jonim og‘rib kasal bo‘lsam, yo dori-darmonga pul topa olmay o‘laman, yoki yegulik uchun sarflashim kerak bo‘lgan pulni doriga sarflab, keyin ochimdan o‘laman. Shu uchun Xudodan dard bermasligini so‘rayman».

Orenburglik pochtachi: «Qanday oziq-ovqat turidan voz kechishni bilmay boshim qotgan»

Tatyana Kolsova boshqa orenburgliklardan hech narsasi bilan farq qilmaydi. Oddiy pochtachi maoshini olish uchun u ertadan kechgacha tinim bilmay ishlaydi. Aniqrog‘i, tinimsiz yuradi. Boshqalar qatori uning ham maoshi 2014 yilda sodir bo‘lgan inqirozdan oldin hamma xarajatiga yetgan. Ammo inqiroz ortidan turli mahsulotlar, ayniqsa oziq-ovqat narxi oshib ketib, endi maoshi birlamchi xarajatlariga ham yetmaydi. Shunga qaramay, yashash, aniqrog‘i, yashash uchun kurashish kerakku!

«Uzoq yillar aviakassada ishladim. Maoshim bir oylik xarajatlarimdan ozroq ortib ham qolar edi. Uch xonali kvartira, bolalarim, nabiralar, hayot tarzimiz bir maromda tinchgina davom etar edi. Kelajakda sodir bo‘lishi mumkin moddiy qiyinchilik haqida esa umuman o‘ylamaganmiz. Xavf biz kutmagan paytda, kutmagan holatda keldi.

Men kassasida ishlayotgan aviakompaniya 2014 yilgi iqtisodiy inqiroz boshlanganida yashab qolish uchun ancha kurashdi. Mahalliy hukumat oxir-oqibat undan qutulishni xohladi va poytaxtga ko‘chirib yubordi. Poytaxtga ko‘chgan aviakompaniya uzoq viloyatdagi xodimlarining aksariyatini markazga olib ketmasligi aniq edi. Shu uchun bizni ishdan bo‘shatib qo‘ya qolishdi.

Shundan so‘ng Orenburgda uzoq vaqt ish qidirib, zo‘rg‘a shu pochtachilikni topdim. Maoshi kam bo‘lsa ham, ish topganimdan xursandman. Ish topgunimcha qayerga borsam uzoq navbatlar bor edi. Ya’ni hujjatlaringizni qoldirasiz, o‘rin bo‘shasa chaqirishadi. Hatto supuruvchilik uchun ham navbat bor edi.

Ishsiz orenburgliklar uchun ish topishning oson yo‘li sotuvchilikdir. Sotuvchilarga har doim talab katta. Yomg‘irdan so‘ng paydo bo‘ladigan qo‘ziqorinday ko‘payib ketgan savdo markazlari, do‘konlar va boshqa savdo nuqtalariga doim sotuvchilar kerak. Ammo sotuvchi bo‘lish ham oson emas ekan. Ular sotuvchilikka yosh va go‘zal qizlarni ko‘proq olishar ekan. Menga o‘xshagan yoshi katta ayol, hatto yosh qizlar oladigan maoshning yarmiga ishlashga rozi bo‘lsa ham baribir sotuvchi qilib ishga olinmaydi.

O‘shanda ikki yil ish qidirib, uyda o‘tirib qolib ketdim. Hayotimning eng og‘ir damlarini o‘shanda o‘tkazdim. Yashash uchun har oy biroz mablag‘ni o‘g‘lim va qizim berib turdi. O‘shanda men ular ko‘rsatayotgan yordamidan hijolat bo‘lardim. Sababi, o‘g‘lim ham, qizim ham iqtisodiy inqiroz ortidan kelgan qiyinchilik damlarida oilasini zo‘rg‘a boqayotgan edi. Shunday bo‘lsa ham, ular meni tashlab qo‘ymadi.

Ana shunday kunlarda o‘g‘lim va qizim ishxonalari ko‘chishi ortidan o‘z ishlarini yo‘qotmaslik uchun boshqa shaharga ko‘chib ketdi. Shundan keyin ish qidirib topmasam yashay olmasligimni, yashash uchun kurashda yengilishimni o‘yladim. Ana shunda tanishlarimdan biri mahalliy pochta bo‘limi pochtachi qidirayotgani haqida gapirib qoldi. Uchib yetib bordim. Chunki boshqa ilojim qolmagan edi. Bundan 5–6 yil avval kimdir ‘sen kelajakda ishsiz qolib, pochtachi bo‘lasan’ desa, uni aniq es-hushidan ayrilgan jinniga chiqarar edim. Hayotda hamma narsa bo‘lishi mumkin ekan.

Ishim berayotgan maoshi oldida ancha qiyin. Ertadan kechgacha buyurtma xatlar to‘lov qog‘ozlari va pochta orqali kelgan boshqa buyumlarni tarqatguncha juda charchayman. Nailoj. Yashash uchun kurashish kerakku! Buning ustiga, sumkamizda turli jurnallar, broshyuralar, sovunlar ham bor. Ularni sotishimiz kerak. Ha, ha, ajablanmang. Bizga kuniga 350 rubllik narsa sotish majburiyati ham bor. Sotuvchilikda ancha mahoratim oshdi, hozircha rejani bajaryapman.

Kechki payt uyga kelganimda nihoyatda charchagan bo‘laman. Sog‘ligim yaxshimas. Qon bosimim doim yuqori turadigan bo‘lib qoldi. Oyog‘imdagi og‘riq tuni bilan azob beradi. Bularning hammasi har oy oladigan 11 ming rubl maoshimga arzimaydi. Hozir maoshim shuncha, boshida 8 ming rubl edi.

Maoshimning 4 ming rublini kommunal to‘lovlarga, 3,5 ming rublini esa kreditga to‘layman. Yashashim uchun 3,5 ming rubl qoladi. Bu 50 dollar atrofidagi pul bo‘ladi. Men ana shu pulga bir oy yashashim kerak.

Xaridlarimni arzon do‘konlardan qilaman. Yo‘lkiradan tejash uchun ko‘pincha piyoda yuraman. Madaniy hordiq chiqarish, teatr yoki kinoga borish hatto esimdan chiqib ketgan».

Vologdalik ofitsiantka: «Yeguliklardan tejayman deb dardlarimni og‘irlashtirdim»

Varvara Pronina (ism-sharifi o‘zgartirilgan) Vologda shahrida yashaydi. U 31 yoshda. Avvallari oyiga 30 ming rubl ishlagan. O‘shanda bu summa 1000 dollardan oshardi. 2014 yilda Rossiyada yuz bergan inqirozdan keyin hayotida hammasi o‘zgarib ketdi.

Bugun endi u ofitsiantka bo‘lib ishlayapti va oyiga bor-yo‘g‘i 14 ming rubl olyapti. Bu summa endi bor-yo‘g‘i 200 dollar bo‘ladi.

«Maoshing baravariga kamayib, narx baravariga oshganida har qanaqasiga xarajatlaringni qisqartirishga majbur bo‘lar ekansan. Endi muzlatkichni to‘ldirib qo‘yishning iloji yo‘q. Endi pishloq, kolbasa, lahm go‘sht va shu kabi mahsulotlarni faqat bayram munosabati bilan ko‘raman. Ishonasizmi, pul tejash uchun hatto un olib kelib, nonni uyda o‘zim pishiraman. Ikki baravar arzon tushadi.

Kam maosh bilan yashashning eng qiyin jihati ijara puli va kommunal to‘lovlardir. Ayniqsa isitish mavsumi boshlanganidan keyin qishda og‘ir bo‘ladi, har oy 6 ming rubl to‘layman. Ming rubl internet uchun. Qolgan 7 ming rubldan 3 ming rubliga bir oylik yo‘l chiptasi, shampun, gel, idishlarni yuvish vositalari va shu kabi ashyolar sotib olish kerak.

Qolgan 4 ming rublga ham oziq-ovqat olishim, kiyinishim kerak. Tuflimni anchadan beri ta’mirlatib kiyaman, kurtkam ham ancha eskirdi, ammo hozircha yangisini ololmayman. Men azaldan kiyimlarni avaylab kiyaman, shu odatim endi asqatyapti.

Endi oziq-ovqatga kelsak. Qo‘limda qolgan 4 ming rublga faqat dukkaklilar, qatiq, sabzavotlar, sut mahsulotlari va tuxum ololaman. Ovqatlanish ratsionini qandaydir normalarga to‘g‘irlashning iloji yo‘q. Bunga kamxarjligim imkon bermaydi. Masalan, do‘konga kirganda tovuq go‘shtiga havasim ketib sotib olsam, keyin uch kun sabzavot va sut mahsulotlari sotib olishga imkonim bo‘lmaydi.

Bunday holatda eng muhimi pazandalik. Agar siz pazanda bo‘lsangiz, arzon mahsulotlardan ham mazali ovqat pishirsa, turli salatlar tayyorlasa bo‘ladi. Pazanda bo‘lmasangiz, mening sharoitimda aniq qiynalib qolasiz. Ba’zida do‘stlarim mehmonga chaqirib, muzlatkichimda faqat kechadan qolgan sho‘rva borligini xayollariga ham keltirmay, mazali kechki ovqat bilan siylaydi.

Mana shunday majburiy tejamkorlik ortidan bir necha dard orttirib oldim. Eng yomoni, menda davolanish uchun xususiy vrachga borishga imkoniyat yo‘q. Davlat poliklinikasidagi tibbiy xizmatlar esa meni qanoatlantirmaydi.

Shu uchun hozircha biron joyim og‘risa, xalq tabobatidan foydalanyapman yoki og‘riqni qoldiradigan tabletka ichyapman.

Favqulodda hodisa bo‘lsa, do‘stlardan qarz olishga to‘g‘ri keladi. Hozircha umumiy qarzim 30 ming rubl bo‘ldi. Qarzni to‘lash haqida o‘ylamayapman. Sababi, bunga hozircha ilojim yo‘q. Ertangi kunga ham umid yo‘q. Oxiri nima bo‘ladi, o‘ylashga ham qo‘rqaman».

* * *
Mana, yuqorida bir nechta zamondoshlarimizning bugungi kunda kechayotgan og‘ir hayoti haqida o‘qidingiz.

Qahramonlarimizning tarixi va taqdiri turlicha kechgan, ammo hozir ularning hayoti bir xil o‘tyapti. Kam maoshli ish, kredit yopish, ortib qolgan arzimas pulni nima qilib bo‘lsa-da keyingi maosh qo‘llariga tekkuncha amallab yetkazish. Ularning hayoti shunday kechyapti. Ularning hammasi shunchaki yashamayapti, balki yashash uchun kurashyapti.

Bugun birgina biz hayotiy hikoyalarini keltirgan qahramonlarimizning taqdiri, hayot tarzi emas, balki millionlab rossiyaliklarning taqdiri va hayot tarzi ana shunday o‘tyapti.

Bu hikoyalar aslo mubolag‘a emas. O‘zingiz xulosa chiqaring: 2014 yilda sodir bo‘lgan iqtisodiy inqiroz tufayli Rossiyada daromad kamaydi, narx o‘sdi. Bu esa millionlab rossiyaliklarni juda qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Biz sizga ulardan ayrimlarining hayotini hikoya qildik xolos. Qolganlar ham hozir qayerlardadir yashash uchun kurashyapti. Hammasiga bir savol berdik: «Ertangi kundan umidingiz bormi?» Aksariyati savolimizga «Yo‘q, bu yaqin orada ahvol o‘zgarishiga ishonmayman» deb javob qaytardi.

Bu javobni eshitib, «Yo‘q, ahvol o‘zgaradi, hammasi yaxshi bo‘ladi» deb aytgimiz keldi. Ammo odamlarni yolg‘ondan umidvor qilgimiz kelmadi. Bundan buyog‘iga nima bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi. Hammasi yaxshi bo‘lishiga umid qilishda davom etaveramiz.

Rossiya statistika qo‘mitasining hisob-kitoblariga ko‘ra, oilalar o‘rtacha 32,6 ming rubl daromad qilyapti.

Yana ana shu qo‘mitaning boshqa bir hisobotiga qarasak, bugungi real narx-navo hisob-kitobiga ko‘ra bir oilaning o‘rtacha xarajati uchun 58,5 ming rubl kerak bo‘lar ekan. Hatto serfarzand oilalarga o‘rtacha turmush tarzida yashash uchun 82 ming rubl mablag‘ talab qilinarkan. Biz sizga hikoyalarini keltirgan odamlarning real daromadlari statistika qo‘mitasi bergan daromadlardan ancha kam. Lekin odamlar yashayapti. Aniqrog‘i, yashash uchun kurashyapti. Ular uchun hayot tarzi degan narsa yo‘q, ular uchun tirik qolish uchun kurashish degan tushuncha bor.
Категория: Dunyo yangiliklari | Просмотров: 73 | Добавил: ADMINISTRATOR | Теги: Dunyo | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar