Главная » 2018 » Mart » 31 » E'tiqod ibodat demak, jinoyat emas!
08:01
E'tiqod ibodat demak, jinoyat emas!
Amal — niyatning hosilasi. Harholda, qadim bitiklardagi hikmat shunday. Xalqimiz esa buni soddagina qilib «Har kim ekkanini o'radi», deydi.

Chindan ham, ezgulik istab yashagan insonni kim ham olqishlamasin?! Ammo aksincha, bo'lsa-chi? Yomonlikning javobsiz, jazosiz qolmasligiga hayotimizda misollar son mingta! Zero, naql qilishganidek, qilmish qidirmishdir.

Mamlakatimizda amal qilayotgan diniy bag'rikenglik siyosatidan boshqa yurtdoshlarimiz qatori to'la-to'kis bahramand bo'lib kelgan Zamira Matyakubova buni fahmlamaganlardan chiqdi. Aks holda, O'zbekistonda Bosh Qomusimiz bilan kafolatlab qo'yilgan e'tiqod va vijon erkinligidan foydalanib, nega o'z e'tiqodu vijdoni amriga qarshi ish qilsin?!

Bunga javobni odil sud xulosasi va hukmidan topamiz.

Gap shundaki, Zamira Matyakubova Turkmaniston Respublikasi fuqarosi. 1979 yilda qo'shni davlatda tug'ilgan. O'zbek millatiga mansub. Bir nafar guldek farzandning onasi. Ayni paytda yurtimizda istiqomat qiladi. Doimiy yashash manzili — Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida. Muqim ish joyiga ega emas.

Mamlakatimizda Islom bilan bir qatorda boshqa diniy konfessiyalar ham emin-erkin faoliyat yuritishi, har kim istagan diniga e'tiqod qilishi yoki hech qaysi dinga e'tiqod qilmaslik huquqiga egaligidan Zamira yaxshi xabardor edi. Shu bois u Chirchiq shahrida tashkil etilgan «Iegova shohidlari» diniy tashkilotiga a'zo bo'lib kirdi.

Avvaliga hammasi risoladagidek edi. Zamira tanlagan yo'lning birovga ziyon-zahmati ham yetmayotgandi. Ammo qonun barchaga barobar. Unga itoat etmaslik tegishli javobgarlikka sabab bo'ladi.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mitadan ma'lum qilishicha, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonunining 8-moddasi 5-bandiga asosan, «Iegova shohidlari» diniy tashkiloti va uning a'zolari Chirchiq shahridan tashqarida faoliyat olib borishi taqiqlangan. Z.Matyakubova esa bunga rioya qilmadi. Toshkent shahridagi tanish-bilishlari orasida o'zi a'zo bo'lgan diniy tashkilot g'oyalarini targ'ib etishga kirishdi.

Shu yerda o'rinli mulohaza tug'iladi. O'zbekiston mustaqillikka erishganidan so'ng ne-ne sinovlarni boshdan o'tkazmadi! Din niqobi ostida turli buzg'unchi g'oyalar bilan odamlarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz ongini zaharlashga uringan aqidaparastlar, asl maqsadi davlatdagi mavjud tuzumni ag'darishga qaratilgan terrorchi kuchlarga xalqimiz faqat va faqat nafrat ko'zi bilan qaraydi. Missionerlikni targ'ib qilgan turli tuzilmalar-chi? Ular aldov yo'li bilan har xil moddiy rag'batlar orqali oqdan qorani ajrata olmaydigan qanchadan-qancha yigit-qizlarimizni o'z nayranglariga o'ynatganini, tuzog'iga ilintirganini hali-hanuz unutganimiz yo'q. Eng yomoni, bunday xavfu xatarlar hozir ham mavjud. Shunday bir sharoitda davlatimizning diniy bag'rikenglik siyosatidan, yaratib berilgan e'tiqod va vijdon erkinligidan g'arazli maqsadlarda foydalanish nonko'rlik emasmi?

Xalqimiz topib aytgan: «Ko'za kunda emas, kunida sinadi» Zamira Matyakubovaning noqonuniy harakatlari uzoqqa cho'zilmadi. Huquq-tartibot idoralari vakillari tomonidan o'tgan yilning 23 avgust kuni Toshkent shahri, Mirzo Ulug'bek tumani, Qodirova ko'chasi, 26-uy, 49-xonadonda vaqtincha yashovchi G.Zaripovaning uyida o'tkazilgan pasport-viza tezkor tadbirida Zamiraning qilmishlari fosh bo'ldi. Xonadon xolislar ishtirokida ko'zdan kechirilganda, bu yerda yuqorida nomi keltirilgan tashkilot faoliyatini tamsil etuvchi diniy mazmundagi 17 dona kitob va mobil aloqa vositalarida saqlanayotgan shunday adabiyotlar borligi aniqlandi. Ma'lum bo'lishicha, qonunga muvofiq mazkur daliliy ashyolardan faqat «Iegova shohidlari» diniy tashkilotining ichki faoliyatida foydalanish belgilangan ekan.

Toshkent shahar ma'muriy sudi tomonidan o'tkazilgan ochiq sayyor sud majlisida berilgan ko'rsatmalar, ish hujjatlari o'rganib chiqilib, Zamira Matyakubovaga nisbatan tegishli jazo chorasi tayinlandi.

Albatta, insoniyat adashishga moyil. Kechirimlilik esa xalqimizga xos. Ammo noto'g'ri xatti-harakat bir umr sha'nimizni bulg'ovchi dog' bo'lib qoladi. Vaholanki, ibodat qaysi dinda bo'lmasin, poklanish yo'li, demakdir. Shunday ekan, Zamira Matyakubovaning o'z e'tiqod yo'lini tanlash bilan birga, ma'muriy jinoyat sodir etib, nomiga dog' tushirishi taassuflidir. Uning kech bo'lsa-da, qilgan pushaymoni esa boshqalar uchun ibrat bo'lishi joiz!
Manba: Hordiq.uz
Категория: Jinoyatchilik | Просмотров: 56 | Добавил: ADMINISTRATOR | Теги: Jinoyat, ibodat, emas, Etiqot | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar