наверх
Новие фото

Ramantik Rasimliy statuslar 2018


Ramantik Rasimliy statuslar 2018


Ramantik Rasimliy statuslar 2018


Ramantik Rasimliy statuslar 2018


Ramantik Rasimliy statuslar 2018


Ramantik Rasimliy statuslar 2018


Ramantik Rasimliy statuslar 2018


Ramantik Rasimliy statuslar 2018


Ramantik Rasimliy statuslar 2018


Ramantik Rasimliy statuslar 2018

Статистика сайта
Онлайн всего: 20
Гостей: 20
Пользователей: 0
Никого нету
Личный кабинет
Логин:
Пароль:
Популярные файлы

17:41
Keyingi voqea qachon bo'ldi, bilmayman, ishqilib, Masha sog' yelkamga boshini qo'yib turar edi, boya bizni ostonada kutib olgan yigit kelib xo'jayinining qulog'iga bir narsalar deb ketdi. Aleksandr Petrovich tuyqus sergaklandi va o'rnidan sakrab turib, deraza yoniga bordi-da, pardani ochdi. Ortidan biz ham uning yoniga kelib pastga qaradik. Bizga qarama-qarshi joylashgan qavatli uyning tagida besh-oltita militsiya mashinasi turar, ularning panalarida o'ndan ziyod niqobdagi harbiy qurollarini biz turgan uy tomon o'qtalishib, bir-birlariga allanimalarni qo'l ishoralari bilan tushuntirishayotgani ularning tepalarida yonib turgan simyog'och chiroqlarining yorug'ida shundoqqina ko'rinib turardi.
— Shu yetmay turuvdi, — dedi Batinkov birdan jahli chiqib. — Aleksandr Petrovich, bu yog'iga nima deysan endi, bizni kimga ushlab bermoqchi eding? Besh million dollar bermoqchi eding, qilib qo'ygan xizmatingga o'n ming va'da qilishgandir, hoynahoy!
— Volodya, o'lay agar, hech balodan xabarim yo'q! O'zim ham hayronman.
— Bilib qo'y, bizdan oldin ular sening o'ligingga ega bo'lishadi!
Batinkovning gaplari Aleksandr Petrovichga yomon ta'sir qildi, shekilli, ko'zlari olayib ketdi. Dovdiradi. Keyin qo'ynidan telefon chiqarib, allakimga qo'ng'iroq qildi: “Itlar, nima bo'layapti? Mening uyimning atrofida “Omon”chilar nima … yeb yurishibdi?! Hammangning boshingni olaman, hozirning o'zida nima gapligini bilib, menga telefon qilinglar!” — deya baqirdi. Masha bo'lsa o'sha lahzaning o'zida yig'lashga tushdi. “Oyijon! Oyijonginam, meniyam oldingizga ketgim kelayapti, yasholmayman boshqa, e, xudoyim!” deb piqillardi u.
— Qo'rqma, — dedi Aleksandr Petrovich qizini sekin quchib, — otang tirik ekan, seni xo'rlatib qo'ymaydi. Hammasi yaxshi bo'ladi, qandaydir anglashilmovchilik bo'lgan.
— Sobir, — dedi Batinkov uning gaplariga e'tibor ham bermay, — hujumga tayyorlan, bu yerdan tirik chiqib ketishimiz kerak! Men deraza pardasini ozgina ochib pastdagilarning xatti-harakatini kuzata boshladim. Nazarimda, ular boshqa niyatda kelganga o'xshar edi. Chunki birontasi ham uchinchi qavatga qarab qo'ymasdi. Bir oz o'tib esa hammasi ravshan bo'ldi. Ikkita niqobli yigit biz turgan uyning pod'yezdi tomon yugurdi, hayal o'tmay qolganlari ham ularning ortidan chopdi. Birpasda birinchi qavatda “tasir-tusur” o'q ovozlari eshitildi. Kimlardir baqirdi, nimadir portladi, keyin yana g'ala-g'ovur, shundan so'nggina shovqin to'xtadi. Haligi niqob kiygan yigitlar oldinma-ketin yana izlariga qaytishdi. Oxiridagi to'rttasi esa ikkita yigitning qo'llarini orqalariga qayirib yo'lakdan sudrab chiqishdi-da, mashinaga tiqishdi.
— Rahmat senga, Volodya, — dedi Aleksandr Petrovich, pastdagilar mashinalariga o'tirib jo'nab ketishganlaridan so'ng, — darrov o'zingning kimligingni bildirib qo'yding.
— Dunyoda har narsa bo'lishi mumkin, mening o'rnimda bo'lganingda, sen ham shunday o'ylagan bo'larding. Birovga ishonib bo'lmay qoldi, — dedi Batinkov unga javoban.
— Lekin men sendan xafa emasman. Qara-ya, qo'shnilarning kimligini bilmas ekanman, uzr, sizlarni bir oz yolg'iz qoldirishimizga to'g'ri keladi, — deb Aleksandr Petrovich xonadan chiqib ketdi.
O'sha kuni yarim tungacha yayrab o'tirdik, Mashaga kimdir qo'ng'iroq qildi, birdan uning yuzida tabassum paydo bo'ldi. Aylanib kelishga otasidan ruxsat so'radi. Lekin izn bo'lmadi. Shundan keyin qiz qo'ng'iroq qilgan odamga shu yerga kelishini iltimos qildi. Go'shakni qo'ygan qiz mening yonimga kelib:
— Xafa bo'lmaysan, — deya yuzimdan o'pib qo'ydi.
— Xafa bo'ladigan ish qilmading shekilli, — dedim men jilmayib.
— Men bir yigitni yaxshi ko'rib qoldim. Hozir keladi, hammalaringni tanishtiraman! — dedi Masha baralla.
— O-o, zo'r bo'lardi! — deya chapak chalib yubordi ustozim.
Aleksandr Petrovich esa chuqur xo'rsinib qo'ydi. Men ham ichimda xursand bo'ldim. Chunki endi Mashani aro yo'lda qoldirib ketdim, degan o'yda qiynalib yurmayman.
Oradan yarim soatlar o'tganidan keyin Masha aytgan yigit keldi. Shundan so'ng ma'lum bo'ldiki, u Petkaning o'g'li ekan. Bular shu qisqa payt ichida qanday qilib bir-birini yaxshi ko'rib qolganiga hayron edim. Igor (“kuyov”ning ismi shunaqa ekan) biz bilan ancha birga o'tirdi, keyin Masha ketishga otasidan izn so'rayvergach, ikkala yoshga javob berib yubordik.
Faqat erkaklar qolganimizdan so'ng «aynish» boshlandi. Qiliq Batinkovdan chiqdi. Ijro esa Aleksandr Petrovichning zimmasiga «yuklandi». Shunday qilib ko'z ochib yumguncha biri-biridan go'zal uchta qiz davramizga kelib qo'shildi. Batinkov uzoq chidayolmadi. Qizlardan birining belidan quchib boshqa xonaga kirib ketdi. Ikkinchisi bilan Aleksandr Petrovich «shug'ullanayotgan» bo'lsa, uchinchisi menga nasib bo'p turgan edi. Ammo men qo'limning uchini ham tekkizmadim unga, aksincha, tinmay ichdim. So'ng eshik tomondagi divanga borib cho'zildim…
Uyg'onganimda quyosh terak bo'yi ko'tarilgan ekan. Ko'zlarimni uqalab o'rnimdan turdim-da, maza qilib kerishib, yuvinishga chiqdim. Batinkov esa naq tushda uyg'ondi.
— Necha kundan beri faqat bugun odamga o'xshab dam oldim, — dedi u nonushta payti.
— Men ham, — dedim uning gapini ma'qullab.
— Petrovich qani? — so'radi Batinkov og'zidagi luqmani chaynar ekan.
— Ketgandir-da biron yerga, — dedim men beparvo qo'l siltab.
Xuddi shu mahal “ bo'ri”ning o'zi ko'rindi. Birgalashib biz bilan choy ichdi. Shundan keyin men ketishga ruxsat so'radim.
— Bir-ikki kun damingni ol, keyin boraverasan, — dedi Aleksandr Petrovich.
— Qachon uyimga yetib borsam, shunda dam ololaman, — deb uning taklifini rad etdim.
Shundan keyin uy egasi yigitlaridan birini chaqirdi. Nihoyatda sipo kiyingan ozg'ingina yigit, ikkita jomadon ko'tarib kirib keldi. Mening hayratdan og'zim ochilib qolgan edi.
— Nima bu? — deya so'radim.
— Va'da, — dedi Aleksandr Petrovich bemalol.
— Biz kelishgandik-ku tunda, — dedim jahlim chiqib.
— To'ppa-to'g'ri, bu undan ortiqchasi, — dedi u bir tuki ham o'zgarmasdan.
— Kerakmas! — dedim qat'iy.
— Unda ustozing oladi qolganini.
Uning bu gapidan keyin Batinkov shoshib qoldi. Qandaydir hayajon bosdi uni. Keyin xuddi men kabi e'tiroz bildirdi. Biroq Aleksandr Petrovich rostdan xafa bo'lib, boyligini yoqib yubormoqchi bo'lganida, olishga ko'ndi. Shundan so'ng men o'zimizning tumandagi temir yo'l bekatining manzilini Petrovichga yozib berdim.
Oradan ikki soat ham o'tmay samolyotda o'tirardim. Masha ko'zida yosh bilan kuzatib qoldi. Aleksandr Petrovich bilan Batinkov navbatma-navbat meni mahkam bag'riga bosishdi.
Parvozi sezilmay uchayotgan samolyot illyuminatoridan pag'a-pag'a oq bulutlarni tomosha qilib ketar ekanman, Mashaning otasi tamaddi qilasan, deb qo'limga tutqazib yuborgan sumkani ochdim-u… qotib qoldim. Uning ichida yeydigan hech narsa yo'q edi. Pachka-pachka dollarlar, rubllar alohida-alohida qilib chiroyli taxlangandi. “Uf-f, — deya ko'zimni yumdim, — baribir Aleksandr Petrovich o'zining aytganini qilibdi-da”. Lekin bu safar undan ko'p ham xafa bo'lmadim. Shuncha pulni berishga qat'iy qaror qilibdimi, olishdan boshqa choram ham yo'q.
Hamma

Hamma yoqni qorong'ilik egallab olgan mahali samolyot yerga qo'ndi. Taksichiga boradigan joyni aytgan edim, «Ancha uzoq ekan», deb o'ylanib qoldi. Narxni ko'targanimdan so'ng darrov rozi bo'ldi.
Yo'l-yo'lakay atrofga, qorong'ilikka termilib ketar ekanman, to'satdan miyamga qabristonga borish fikri kelib qoldi. Haydovchiga bu haqda aytmadim. Ko'ngliga har balo kelishi mumkin edi. Ammo qabriston yonidagi yonilg'i quyish shaxobchasining yonigacha haydatdim.
Qabristonga kirib borarkanman, yuragim «duk-duk» etib urardi, atrofi baland teraklar bilan o'ralgan yassi bu tepalik, vahimalidan-vahimali tus olgan, daraxtdagi qushlarning har-har zamon barglarni shitirlatishlari, ovoz chiqarishlari sukunat olamining vajohatini battar oshirib yuborgandi. Ichimda bilganimcha kalima qaytardim. Qur'on tilovat qildim. Ruhim bir oz yengil tortdi va men ildam yura boshladim.
Onam bilan ukamning qabri yonma-yon edi. Shu yerga yetishim bilan beixtiyor tiz cho'kdim. Ko'zimdan yosh ixtiyorsiz buloqday otilib chiqdi. O'kirib yig'lab yubordim. Onamning qabrini quchoqladim. O'zimni hech to'xtatolmayman. O'pkam to'lib ketaverdi. «Aql-hushimni yig'ib olayin, bu qiliqlarim yaxshi emas», deb harchand urinmayin, lekin, qani endi, o'zimni to'xtata olsam, battar avjim keladi. O'kiraman. Onajonimdan, ukamdan kechirim so'rayman. Sassiz zamin mening dardlarimga unsiz hamdardlik qilayotganday…
Shu ahvolda onam bilan ukamning qabri o'rtasida uxlab qolibman… Bir mahal… tushimda onamni ko'rdim. Xuddi men oxirgi marta ko'rganday sochlari oppoq, yuzlarini ajin bosgan. Boshimni siladi. Qo'limga issiq non tutqazdi. Nondan onamning hidi ufurib turardi. Shuncha hidlayman, qani endi to'ysam! “Bolam, — dedi onam jilmayib, — men sendan xafamasman, otang bilan singlingni, kelinimni, nevaraginamni ehtiyot qil”. Shundan keyin ukam paydo bo'ldi. Uning qo'lida koptok bor edi. Ukam ham jilmayar, o'zining terma komandaga a'zo bo'lganini aytib maqtanardi. Quvmoqchi bo'lib intilgandim, qayoqqadir g'oyib bo'lib qoldi. Qancha qidirmay, baribir topolmadim. Keyin birdan ko'zim bir necha bor o'ngimda duch kelgan, menga ko'p yordam bergan kampirga tushdi. “Ey, siz qaerdan paydo bo'lib qoldingiz?” — deya so'radim undan tabassum bilan. Shunday deyishim bilan u… Annaga aylandi. Men hayratdan dong qotib qoldim. Anna esa o'sha go'zal tabassumini hadya etib, yonimga keldi. “Jinnivoy, endi tinchidingmi? Mendan judayam xafa bo'lganding, shuning uchun senga doim yordam bergim keldi. Endi men tinchman. Bemalol uchib ketaveraman. Aytganday, xotining nihoyatda go'zal ekan. Keyin bitta iltimos, menga ham bag'ishlab Qur'on tilovat qilinglar”, dedi u. Ajabo, Anna sof o'zbek tilida gapirar edi. Quvonib ketdim. Ko'p vaqtdan beri ko'nglimda yig'ilib qolgan savollarimga javob olmoqchi bo'ldim. Biroq ulgurmadim. U asta-sekin mendan uzoqlashib, uzoqlashib, so'ng butunlay g'oyib bo'ldi. Uni ham qidirishga tushdim-u, lekin baribir topolmadim. “Ena! Ukajon! Anna!” deya bir necha martalab chaqirdim, ammo ularning birontasi ham ko'rinish bermadi…
“Hov, bolam, hov bolam!” — degan erkak kishining ovozidan uyg'onib ketdim. Avvaliga kim ekan, deb o'ylanib yotdim. Chaqiriq qayta-qayta takrorlanavergach, ko'zim ochilib ketdi. Atrof zim-ziyo, daraxt shoxlari bir-biriga urilib, «tasir-tusur» ovoz chiqaradi. Yuragim hapriqib ketdi. “Qaerdaman?” degan o'y miyamda paydo bo'ldi-yu, titrab ketdim. “Hov, bolam!” degan ovoz yana eshitildi. “Arvoh!” dedim shu on o'zimga-o'zim va ko'zimni chirt yumdim. Biroq shu bilan ovoz tinib qolmadi. Qayta-qayta chaqiraverdi. Lekin keyingi ovozlar qaltirab eshitildi. Men qaytadan ko'zimni ochishga o'zimda kuch topdim. Hatto boshimni ko'tardim va ro'paramda turgan qop-qora bir nusxaga ko'zim tushdi. “Kimsan?!” dedim imkon qadar qattiqroq baqirishga urinib. “Qorovulman”, dedi haligi nusxa. “Xudoga shukur-e”, dedim ichimda va sekin o'rnimdan turdim.
— O'zing kimsan, bolam? Bu yerda nima qilib yotibsan? — dedi qorovul yumshoq ovozda.
— Enamni sog'indim, — dedim men boshimni egib.
— Bu yerda yotishing yaxshimas, yur, — dedi u.
Men bir-bir qadam bosib uning yoniga bordim. So'ng ikkalamiz birgalashib, pastga tushdik, undan keyin qorovulxonaga kirdik. Chiroq yorug'ida soqoli oppoq, peshonasi keng, u yer-bu yeri yirtilgan chopon kiygan qariya menga yaxshilab razm soldi-da:
— Seni tanidim, — dedi, — enangni yerga topshirayotganingda ko'rgandim. Ustingni qoqib, yuz-qo'lingni yuv, keyin bafurja gaplashib olamiz.
Men uning aytganlarini bajarish uchun tashqariga chiqmoqchi bo'lganimda unamadi:
— Shu yerda yuvinaver, hech narsa qilmaydi, — deb eskigina tog'orani kulbaning bir chekkasiga qo'ydi va «O'zim yuvinaman», deyishimga qaramay suv quyib turdi.
Avval bir piyoladan choy ichdik. Keyin mening “yorilgim” keldi. Hamma dardu hasratlarimni ichimda saqlab turishga kuchim yetmadi. Boshimdan o'tgan barcha kechmishlarni gapirib berdim… Chol jim turib eshitdi. Oraga birorta ham so'z qo'shib, gapimni bo'lmadi. Men “to'kilib” bo'lganimdan keyin esa chuqur xo'rsindi-da:
— Bolam, namoz o'qigin, — dedi. — Mana shu yerda yashayotganimga o'ttiz yilcha bo'p qoldi. Go'rkovlik qilaman. Yaxshi odamlar qazo qilganida qon-qon yig'layman. Yomonlarning umri tugagan bo'lsa xudodan shu bandasining qilgan gunohidan o'tishni so'rayman… Men qancha odamning go'rini qazigan bo'lsam, kuni kelib kimdir menga qaziydi. Beayb parvardigor, ertami-kech hammamiz uning oldiga boramiz, qilgan ishlarimiz uchun hisob beramiz. Shuning uchun umringning borida, xudoga yalin-yolvor, zora, iltijolaring Olloh dargohida qabul bo'lsa. Keyin boshqa qon to'kma, jonni Olloh beradi. Vaqti kelganda o'zi oladi. Lekin birorta bandasining jonga teginishga haqi yo'q. Hatto o'zinikiga ham. Imkon qadar ezgu ish qil. Otang tirik ekan, shu odamning duosini ol…
Boshimni xam qilib go'rkovning hamma gaplarini eshitdim. Hamda ichimda qat'iy ont ichdimki, endi meni so'kkan taqdirlaridayam, urish tugul, og'zimdan haqoratli so'z chiqmaydi…
Qabristondan chiqqanimda tong endi-endi otib kelmoqda edi. Bilaman, otam ham, Barno ham hozir uyg'oq, biri hovli supurayapti, ikkinchisi derazadan tashqariga qaragancha o'y surib o'tiribdi. Qadamim o'z-o'zidan tezlashib ketdi. Oxiri bunga ham bardoshim yetmay yugurishga tushdim…
Darvozadan kirishim bilan hovli supurayotgan Barnoga ko'zim tushdi. U ham meni ko'rdi-yu, qo'lidagi supurgisini uloqtirib yuborib, yugurib kelasola bo'ynimga osildi. Yaram «chim» etganday bo'ldi.
— O'zimning gadoyim!.. — dedi bag'rimdagi go'zal qulog'imga shivirlab.
Ohista uning yuzidan o'pdim…
Nuriddin ISMOILOV
(Asar tugadi)
Категория: O'limga mahkum qilinganlar | Просмотров: 13 | Добавил: ADMINISTRATOR | Теги: Dediktiv | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar