наверх
Новие фото

Ramantik Rasimliy statuslar 2018


Ramantik Rasimliy statuslar 2018


Ramantik Rasimliy statuslar 2018


Ramantik Rasimliy statuslar 2018


Ramantik Rasimliy statuslar 2018


Ramantik Rasimliy statuslar 2018


Ramantik Rasimliy statuslar 2018


Ramantik Rasimliy statuslar 2018


Ramantik Rasimliy statuslar 2018


Ramantik Rasimliy statuslar 2018

Статистика сайта
Онлайн всего: 36
Гостей: 36
Пользователей: 0
Никого нету
Личный кабинет
Логин:
Пароль:
Популярные файлы

21:33
Otamning birdan avzoyi o'zgardi.
— Uyga kiraylik, uyda gaplashamiz, — dedi u yoq-bu yoqqa qarab, so'ng menga yuzlandi: — Kelinga ayt, choy-poy qilsin.
Men mehmonlar o'tirgan uyga kirganimda hali-hanuz ular g'amgin tarzda dardlarini otamga aytishmoqda edilar. Olib kirgan choyimdan bir piyoladan ichishganlaridan keyin:
— Uka, — dedi Eshqobil aka, — senga shogirdlikka beruvdik. Sening dong'ingni eshitib, jasur bola bo'lsin, degan niyatimiz boridi.
— Ularga nima bo'ldi? — dedim men hech narsani tushunmay.
— Padaringga la'nat o'sha Abdulla deganlari ikki oycha bizning uyda turdi. Namoz o'qirkan. Elyor ham unga qo'shilib namoz o'qiy boshladi. O'shanda terimga sig'maydigan darajada quvonib ketgandim. Qo'ni-qo'shnilarga, tanish-bilishga maqtanib yurgandim men ahmoq. Bolam dinga kirdi, deb xursand bo'lgandim-da. Endi bilsam, o'sha eshshak ularni yo'ldan urib yurgan ekan.
— Qanday qilib?
— Bir kuni mening oldimga kelib, Elyorni Buxorodagi madrasada o'qitish zarurligini aytdi. Kim bolasining iymonli, insofli bo'lishini xohlamaydi. Buning ustiga bachchag'ar shunaqangi yumshoq gapiradiki, qanday qilib erib ketganingni bilmay qolasan. Rozilik berdim. Xuddi shunday gaplarni G'aniga ham aytgan ekan. Uyam rozi bo'pti. Biz galvarslar birovdan maslahat olmay bolalarimizni unga qo'shib jo'natib yuboribmiz. O'sha maraz: “O'g'illaringiz har haftadan kelib turadi”, devdi. Birinchi hafta kelmadi. Ha, endi o'qishning boshlanishi qiyindir-da, keyingi hafta kelib qolar, dedik. Yo'q, kelmadi. Yana ko'zimizni yo'lga tikib o'tiraverdik. Baribir darak bo'lavermadi. Shunday kunlarning birida qulog'imizga qandaydir jinoiy guruh paydo bo'lganligi, ular yoshlarni aldab olib ketayotganligi eshitilib qoldi. G'ani ikkovimiz yuragimizni qo'ltiqlab Buxoroga bordik. Abdulla aytib ketgan Jome masjidini ko'rdik. Lekin u yerda hech qanaqangi madrasa yo'q ekan. Keyin balki biz adashgandirmiz, deb o'ylab boshqa masjidlarniyam ko'rdik. Bitta joyda bolalar haqiqatan ham o'qitilarkan. Lekin u yerda Elyor bilan Sherzod yo'q. Xayolimiz dunyoning ming bir ko'chasiga kirib, qaytib keldik. Xotin uyda har kuni janjal qiladi, bolamni topib ber, deb…
Eshqobil aka ko'ziga yosh oldi. G'ani aka ham chidab turolmadi. Alam bilan qo'llarini musht qildi. Erkak boshi bilan bizning oldimizda ko'z yosh to'kayotganligidan xijolat tortib, tez-tez ro'molchasini ko'ziga bosadi…
— Topilib qolar, — dedi otam ularga dalda bermoqchi bo'lib.
— Ey, oshna, agar yomonlarga qo'shilgan bo'lsa, topilsayam o'ligi topiladimi, deb qo'rqaman. Agar shunday bo'p qolsa, men o'zimni u dunyo-bu dunyo kechirmayman, — dedi Eshqobil aka. — Endi birgina umid Sobirjondan. Agar shu ularni topib kelolmasa, umidimizni uzaversak ham bo'ladi.
— Sobir! — dedi birdaniga hayajonlanib ketgan otam.
— Ha, jo'ra, ulingning qo'lidan ko'p ish keladi. Buni hamma biladi.
— Lekin buni men qanday jo'nataman? O'zing aytib turibsan, jinoyatchilar, deb. Buniyam bolasi, xotini bor. O'zi, endi sal-pal odamga o'xshab yashayotgandik… Milisaga xabar qilsang…
— Shov-shuv bo'p ketmasin, deyapman-da. Keyin el orasida qanday boshimni ko'tarib yuraman?! Bir marta tavqi la'nat olgan odam qaytib o'nglanmaydi.
— Baribir, jo'ra. O'zi enasidan, ukasidan ayrilganimdan beri odamgarchilikdanam chiqib qolganman, — dedi otam mungli ovozda.
Mening yaram tag'in tirnaldi. Tag'in azob o'zining iskanjasiga oldi. Bundan bir yarim yil oldingi voqealar, onam, ukam ko'z oldimdan o'tdi. Yig'lab yuborishdan zo'rg'a o'zimni ushlab qoldim. Ichimda meni ana shunday iztirob alangasiga tashlaganlarni so'kdim.
— O'zining shogirdi, ko'z o'ngida o'ynab yurgan bolani qoniga belanib yotgan ahvolda ko'rish Sobirgayam oson bo'lmasa kerak, — dedi Eshqobil aka.
Uning gapidan keyin men chidab turolmadim, o'rnimdan turdim-da, tashqariga chiqib ketdim. Sovuq shabada yuzimga urildi. Kuni bilan yurib cholga aylanib qolgach, qaytadan tug'ilmoq uchun ufqqa yonboshlayotgan qip-qizil quyoshga rahmat aytgim kelib ketdi. Mening bir ozgina bo'lsayam issig'imni olgan shabada esa muruvvatimdan benasib qoldi…
Barnoning past, shirali, jozibador allasi eshitila boshladi. Ovoz kelayotgan uyning derazasi yoniga borib ichkariga quloq soldim. Taralayotgan alla meni ham elta boshladi. Shunda xayolimga rahmatli onamning: “Bolam, quyosh botish mahali uxlab bo'lmaydi, yomon bo'ladi”, degan gapi keldi-da, derazani taqillatib:
— Uxlatma, Barno, — dedim.
— Hali ovqat ham qilganim yo'q. Buningiz yig'layverib hecham ishlagani qo'ymayapti, — dedi menga javoban u.
Uyga kirdim-da, beshikdagi Baxtiyorni Barnoga yechib oldirdim. Yig'layotgan go'dak bo'shalganidan keyin birdan ko'nib qoldi. Men ko'targanimdan keyin esa ayasiga qarab qiqirlab kuldi. Shu mahal mening boshimdagi qayg'ularimning hammasi unut bo'ldi. Baxtiyorni ko'tarib tashqariga chiqdim. Eshqobil aka ham ketish taraddudida qo'shni uyning eshigini ochdi (bizda bitta uyning hamma xonalari alohida-alohida uy deb ataladi). “Bekor Baxtiyorni ko'tarib chiqibman ”, degan o'y o'tdi xayolimdan va nigohim bilan Barnoni qidira boshladim. Biroq topa olmadim.
— Sobirjon, — dedi yonimga kelgan Eshqobil aka, — bola shirin-a!
Uning nima demoqchi ekanligini yaxshigina anglab turar edim. Ammo o'sha lahzada uni yupatish uchun bisotimdagi so'zlar nochorlik qilib qoldi.
Eshqobil aka sherigi bilan ketdi. Lekin na men va na otam bilan xayrlashdi. Arazi katta edi. Otam ikkalamiz ketayotganlar ortidan toshdek qotgancha tikilib qoldik. Otam chuqur xo'rsindi. Bildimki, oshnasiga ichi achiyapti. Ammo na iloj. Boshqa narsa aytishganda yordam berishim aniq edi. Lekin ularning iltimosi og'ir, buning ustiga, xatarli yumush. Ammo bajarsa bo'ladi. Buning uchun Barno bilan otam ancha-muncha siqilishi kerak bo'lardi.
Oradan ikki kun o'tib Bahodir aka meni chaqirdi.
Borsam, boshini kaftlari orasiga olib o'tiribdi. Bungayam qiyin. Behalovat odam. Uyidayam tuzuk-quruq dam olmasa kerak. Yoshiga… Yoshi o'tib borayotganligini qayoqdan ham bilsin. Tun bilan kunni aralashtirib yubormaganligining o'zi katta gap. U meni ko'rganidan keyin yuziga nim tabassum yugurdi. O'rnidan turib salomimga alik oldi-da, qo'l berib ko'rishdi, so'ng ro'parasidagi stolni ko'rsatib:
— O'tir, — dedi qandaydir xasta ovozda, — sen bilan ko'rishmaganimizgayam ancha bo'p ketdi. Sen o'zingdan bilib, odamgarchilik qilib birrovga bo'lsayam kelib ketmaysan. Men ishlarim ko'pligidan borolmayman. Chaqirtiray desam, hamma yog'ingni vahima bosib ketadi… Ishlaring yaxshimi o'zi?
— Rahmat, aka. Asta-sekin hamma narsaga o'rganib, ko'nikib borayapman, — deya javob qaytardim unga.
— Ana shunisi chatoq-da. Yana to'rt-besh yildan keyin sening ham anavi bozorchilardanmi yoki boshqasidanmi farqing qolmaydi. Yurasan shimildirig'ingni tortib.
— Nima qilay? Birovni quvib, boshqasidan qochib yuraymi?
— Oddiy odam bo'lishga sening haqqing yo'q. Sening o'zingni ko'rmaganim bilan sen to'g'ringda so'rab-surishtirib yuribman. Vokzalda yuk tushirib yurganmishsan. Shu sen qiladigan ishmi? Oddiy kolxozchini olib kelsang ham unaqangi ishlarni eplab tashlaydi… Hech qursa o'qishga kirmay shuncha umringni bekorga o'tkazib yubording-a!.. Hay, mayli, haliyam vaqt bor.
Ancha paytdan beri bunaqangi dakki eshitmagan edim. O'ylab ko'rsam, Bahodir akaning gapida jon bor. Haqiqatan ham shu ahvolda yuradigan bo'lsam, kuni kelganida aravaning orqa g'ildiragidan boshqaga yaramay qolarkanman. Miyam tezlikda ishlab, savdogarlik bilan shug'ullanishga qat'iy ahd qildim.
— Seni o'zi boshqa masalada chaqiruvdim, — dedi Bahodir aka bir oz sukutdan keyin. — Eshitishimcha, ikkita shogirding bor ekan. Shularning otalari keluvdi…
— Xabarim bor, men bilan ham gaplashuvdi ular.
— Xabaring bo'lsa yaxshi. Endi seni boshqa narsalardan ham xabardor qilayin. O'sha sening shogirdlaring qo'shilgan to'da oddiy jinoiy to'dalardan emas. Sening, balki xabaring yo'qdir, hozir ikki-uchta jinoiy ekstremistik guruhlar tuzilgan. O'zlaricha dunyoni o'zgartirib yuborishmoqchi. Ma'lumotlarga qaraganda, ularning ildizi Afg'onistonda ekan. Tojikiston tog'laridagi inidan ham xabarimiz bor. Menimcha, shogirdlaring o'shalarning orasida. Xullas, ularni orqasiga qaytarish kerak. Bu vazifani sendan boshqaning eplashi qiyin.
— Men u yerlarni bilmayman.
— Hamma ma'lumotlar bilan o'zimiz ta'minlaymiz. U yog'idan tashvishlanmasang ham bo'ladi.
— Borishim qiyin. Otam ko'nmaydi. Keyin avvalgidek bir o'zimmasman. Xotin, bola degandek…
— Menga qara. Agar hozir ularning ildizi qirqilmasa, keyin xotining ham, bolang ham azob ichida qoladi. To'g'ri, bir o'zingning qo'lingdan hech vaqo kelmaydi. Lekin hech qursa shu ikkita bolani qaytarib olib kelishga senda imkoniyat bor…
— Ikkovini olib kelganim bilan ish bitib qolmaskan-ku.
— Ikkovining otasi ham bu yerga kelib, erkak boshi bilan qanchalik ko'z yosh to'kkanini bilasanmi?!
Boshim qotib qoldi. Nima deyishga ham hayron edim. Qaysi go'rdan o'sha Abdullani bolalar orasiga qo'shdim-a…
— Qo'lingdan kelishini bilaman, — deya gapini davom etkazdi Bahodir aka. — Uyingdan xavotir olma. Ertagayoq telefon o'tkazdirtirib beraman. Undan keyin xarajatlarni ham bo'ynimga olaman. Bundan tashqari, xavfsizliginiyam ta'minlab qo'yaman.
— Otam bilan maslahatlashayin…
— Sen maslahatlashma. Otangni o'zim ko'ndiraman. Faqat hozircha men bilan gaplashganligingni otangga aytmaysan.
— Mayli, — deb yuboribman o'zim ham bilmagan holda.
— Bu gaping erkakcha bo'ldi! — dedi yuzida tabassum paydo bo'lgan Bahodir aka. — Endi gap bunday. Qulman ota masjidining yonidagi uyda to'rttasi yig'ilayotganligi haqida xabar bor. Sen avval shularning orasiga qo'shilib olishga harakat qil. Keyin ularning o'zlari senga yo'lni ko'rsatib qo'yishadi. Qolgan ishlarni qanday bajarishni o'zing yaxshi bilasan. Faqat sendan bitta iltimos, o'zingni ehtiyot qil. Hali ko'p kerak bo'lasan…
Aslida, Elyor bilan Sherzodni olib kelish fikri avvalroq, ularning otalari kelganida paydo bo'lgandi ko'nglimda. Biroq o'shanda ozgina ikkilangandim. Barno bilan otamni o'ylagandim. Bahodir aka bilan suhbatimiz esa dilimdagi bu tuyg'uni nari surdi.
Boshqarma eshigidan qat'iy ahd bilan chiqdim: ikkala shogirdimni ham uyiga olib kelganimdan keyin odamlar qatori oddiygina yashay boshlayman.
Bahodir aka haqiqatan ham otamni ko'ndirdi. Ular qachon uchrashishgan, nima haqida gaplashishganligidan xabarim yo'g'-u, ammo ertalab yuzimni yuvib uyga kirayotganimda otamning yoniga chaqirib: “Bolam, Bahodir akangning aytganini bajargin-u, lekin ko'chamizdagi mayda-chuyda gaplarni, yana milisaga xabarini yetkazish shart bo'magan narsalarni unga gullab yurmagin. Keyin nohaq birovni aybdor qilma. Faqat bitta-yarimta jinoyatchilarni tutishda yordam berib tur”, — degan gapidan bildimki, rozi bo'libdi.
Biroq bu gap mening asabimni o'ynatdi. Taxminimcha, Bahodir aka meni u yoq-bu yoqdan xabar tashuvchi, boshqacha qilib aytganda “quloq” bo'lib ishlaydi, deya otamga tushuntirgan. Sodda otam esa uning gaplariga laqqa tushgan. Bir xayol, “bor, toshingni ter”, deb yuboray dedim. Ammo Eshqobil aka bilan G'ani akaning farzandlarini o'ylab, bu shashtimdan qaytdim.
Shundan so'ng asta-sekin ishga kirisha boshladim.
Категория: O'limga mahkum qilinganlar | Просмотров: 10 | Добавил: ADMINISTRATOR | Теги: Dediktiv | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar